События

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Главная > 2015-yil yakunlari bo'yicha Qo'mita raisi ma'ruzasi

2015-yil yakunlari bo'yicha Qo'mita raisi ma'ruzasi

Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi

B.X. Abdusamatovning

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yalpi majlisida Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining

2015-yildagi faoliyati yuzasidan

 

MA‘RUZASI

Hurmatli Rais,

Hurmatli Senat a’zolari va yalpi majlis qatnashchilari,

 

Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2015-yildagi asosiy faoliyati muhtaram Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar doirasida ekologik muvozanatni saqlash va aholi salomatligi uchun qulay sharoitni yaratish bo‘yicha quyidagi masalalarni amalga oshirishga qaratildi. Bular:

1.     Atrof-muhit muhofazasi va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida qonunchilikni takomillashtirish.

2.     Davlat ekologik nazoratini yuritish.

3.     Atrof-muhitning ekologik holatini barqarorlashtirish, ekologik vaziyatni sog‘lomlashtirishga qaratilgan dasturlar bajarilishini ta’minlash.

4.     Resurs tejaydigan va kamchiqitli texnologiyalarni joriy etish.

5.     Tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan foydalanish bilan bog‘liq xalqaro va mintaqaviy muammolarni hal etishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

6.     Ekologik ta’lim va targ‘ibot ishlarini amalga oshirish.

7.     Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish.

Jumladan, sohaga oid qonunchilikni rivojlantirish borasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qo‘mitalari bilan hamkorlikda 4 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, 2 ta yangi tahrirdagi qonun loyihalari ishlandi.

Atrof-muhit muhofazasiga oid 7 ta qaror loyihasi ishlab chiqilib, o‘rnatilgan tartibda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritildi, shundan 3 tasi tasdiqlandi.

“Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi tomonidan (08.10.2015-y.) “Ekologik nazorat sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash haqida”gi (286-sonli) va “Jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishga doir namunaviy nizomlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi (287-sonli) qarorlari tasdiqlandi.

Vazirlar Mahkamasining (30.09.2015y.) “O‘simlik dunyosi obyektlaridan foydalanishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi (278-sonli) qarori qabul qilindi.

Qo‘mita tomonidan sohaga oid 8 ta idoraviy me’yoriy-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish, qo‘shimchalar kiritish va bekor qilish haqidagi qarorlar ishlab chiqildi va Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Davlat nazoratini amalga oshirish yo‘nalishida quyidagi ishlar olib borildi. Jumladan:

Hisobot yilida respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan 579 mingdan ortiq xo‘jalik yurituvchi subyektlar bo‘yicha ma’lumotlar tahlil qilinib, atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan 277 ming subyekt xatlovdan o‘tkazildi.

Natijada, xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining ekologik talablarga muvofiqligi bo‘yicha davlat ekologik ekspertizasi doirasida 30 mingdan ortiq loyiha ko‘rib chiqilib, shundan 1400 tasi ekologik talablarga javob bermaganligi sababli, qayta ishlashga qaytarildi (2014-yilda – 420 ta).

Bundan tashqari, davlat ekologik ekspertizasidan umuman o‘tkazilmagan – 8 ming 800 ta, atrof-muhitni ifloslantiruvchi, ekologik nazorati olib borilishi lozim bo‘lgan hamda ekologik sertifikatsiz faoliyat yuritayotgan 4 mingdan ortiq subyektlarni ekologik me’yorlash, sertifikatlash va ishlab chiqarish nazoratiga jalb qilish chora-tadbirlari ishlab chiqilib, ijroga qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlik subyektlari huquqlarini himoya qilish, ishbilarmonlik faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ular faoliyatiga asossiz aralashuvlarning oldini olishga qaratilgan (05.10.2005-y 3665-son, 15.05.2015-y 4725-son) Farmonlari ijrosini ta’minlash doirasida 2015-yilda tekshirishlar soni 2014-yilga nisbatan 11 foizga qisqartirildi. 

Tekshirishlar reja-jadvaliga muvofiq, 2015-yilda jami 851 ta subyektda, shundan 828 tasida rejali, 23 tasida rejadan tashqari qisqa muddatli tekshirishlar o‘tkazildi. 

Hisobot davrida atrof-muhitni ifloslantiruvchi manbalarni maxsus asbob-uskunalar bilan tekshirishlar soni 2014-yilga nisbatan 13,2 mingtaga ortib, 285 mingtani tashkil qildi.

Atmosfera havosi, yer, suv resurslarini muhofaza qilish va biologik xilma-xillikni saqlab qolish, atrof-muhitning ifloslanishi hamda qonunbuzilish holatlarining oldini olish maqsadida, 13 mingdan ortiq tezkor nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Natijada brakonerlardan 216 ta ov quroli va 1976 ta to‘r materiallari olib qo‘yildi.

Xo‘jalik yurituvchi subyektlarda o‘tkazilgan tezkor nazorat tadbirlari davomida, tabiatni muhofaza qilish qonunchiligini buzgan 23,8 mingdan ortiq mansabdor shaxs va fuqarolar ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani uchun faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgan obyektlar (asosan avtotransport vositalari) soni hisobot yilida 2014-yilga nisbatan 17 foizga ortib 219 tani tashkil qildi.

Atrof-muhitga ifloslantiruvchi moddalarni belgilangan me’yordan ortiqcha tashlagan va oqizgan 14,8 mingdan ziyod ifloslantiruvchi manbalar aniqlanib, huquqbuzarlardan 1,6 mlrd. so‘m kompensatsiya to‘lovlari undirildi.

Hisobot yilida atrof-muhitga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha undirilgan jarima va da’volar summasi 2014-yilga nisbatan 33 foizga ortdi va 4 mlrd. 34 mln. so‘mni tashkil etdi.

Umuman olganda, 2015-yilda atrof-muhit ifloslantirilganligi va chiqindilar joylashtirilganligi uchun tabiatni muhofaza qilish jamg‘armalariga tushumlar 2014-yilga nisbatan 27 foizga ortib, 16 mlrd. 200 mln.so‘mni tashkil qildi, shundan davlat byudjetiga ajratmalar 44 foizga o‘sib, 9 mlrd. so‘mni tashkil qildi.

Hurmatli senatorlar,

Hisobot davrida barqaror ekologik holatni ta’minlash, ekologik vaziyatni sog‘lomlashtirishga yo‘naltirilgan davlat dasturlarini bajarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Vazirlar Mahkamasining 142-sonli qarori bilan tasdiqlan O‘zbekiston Respublikasida atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha 5 yillik  Dasturi doirasida 2015-yilda 26 ta tadbir to‘liq yakuniga yetkazildi, qolgan tadbirlar bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

Tadbirlarning bajarilishida quyidagi natijalarga erishildi:

Damxo‘ja suv ta’minotini qayta ta’mirlash ishlari yakunlanishi natijasida, Navoiy viloyatining Navoiy, Qiziltepa, Karmana, Konimex hamda Buxoro viloyatining Galaosiyo, Romitan, Vobkent, G‘ijduvon va Yangibozor shaharlarida istiqomat qiluvchi 600 ming aholi toza ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlandi.

Buxoro va Samarqand shaharlarida 68 km oqova suv tizimlari qayta ta’mirlandi (Buxoro – 34,5 km, Samarqand – 33,9 km).

Termiz shahrida oqova suv tozalash inshooatlarida qurilish va montaj ishlari yakunlandi, 18 km uzunlikdagi oqova suv tizimlari qayta ta’mirlandi.

Qo‘qon shahrida 70 km uzunlikda oqova suv tizimlari qayta ta’mirlanib, ishga tushirildi.

“Olmaliq KMK” OAJ ishlab chiqarishda yangi va kamchiqitli texnologiyalarni joriy etish maqsadida, mis eritish zavodida yangi oltingugurt kislotasi sexini qurish ishlari yakunlandi, natijada zavoddan atmosfera havosiga oltingugurt oksidlari tashlamalarini yiliga 45 ming tonnaga qisqarishi kutilmoqda.

Hurmatli senatorlar, yig‘ilish qatnashchilari

Bugungi kunda keng qamrovli ishlarni amalga oshirish maqsadida Respublika darajasida, viloyat hududlari kesimida kompleks chora-tadbirlar asosida ishlarni amalga oshirmoqdamiz.

Xususan, Qo‘mita tashabbusi bilan birinchi marta “Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy va biologik resurslardan oqilona foydalanish hamda ularni qayta tiklash tadbirlarini amalga oshirish yuzasidan 2015-yil uchun hududiy dasturlar” ishlab chiqilib, ijroga qaratildi. (Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlandi, 12.03.2015-y.).

Unga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 8 ta yo‘nalishda 689 ta tadbir amalga oshirildi.

Vazirlar Mahkamasining (19.01.2015-y) “2015-2017-yillarda o‘rmon xo‘jaliklari tizimini rivojlantirish, dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklar xomashyosini etishtirish, tayyorlash va qayta ishlashni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi yig‘ilish bayonida belgilangan vazifalar amalga oshirildi:

81 turdagi dorivor, oziq-ovqatbop va texnik o‘simliklarni terish-yig‘ish uchun 23,3 ming tonna kvota tasdiqlandi;

– respublika bo‘yicha 52 nafar tadbirkorga plantatsiya tashkil etish uchun 9,5 ming gektar yer maydoni ajratildi, 30 nafar tadbirkor tomonidan 3,7 ming gektar yer maydonida plantatsiya tashkil qilindi va 17 turdagi dorivor o‘simlik turlarini yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. 21 nafar tadbirkorga plantatsiya tashkil etishga tabiatdan 22 tonna yovvoyi o‘simlikning qalamcha va urug‘ini terish-yig‘ish uchun ruxsatnoma berildi;

74 turdagi dorivor o‘simlikni plantatsiyada etishtirish bo‘yicha “Dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklar platnatsiyalarini tashkil etish va xom ashyosini tayyorlash bo‘yicha Yo‘riqnoma” ishlab chiqilib, amaliyotda qo‘llash uchun tarqatildi.

Yovvoyi hayvonlarni ovlashga 372 ta, respublika hududiga yovvoyi hayvonlarni olib kirish va undan olib chiqishga 582 ta (shundan 273 ta ruxsatnoma CITES Konvensiyasi bo‘yicha), 213 ta texnik, oziq-ovqat, dorivor o‘simliklarni yig‘ish va g‘amlash uchun hamda 277 ta respublika hududidan yovvoyi o‘simliklarni olib chiqishga ruxsatnomalar berildi.

Tabiiy va sun’iy suv havzalari 57 mln. 700 ming dona chavoqlar bilan baliqlantirilib, ushbu suv havzalaridan baliq ovlash hajmi 2014-yilga nisbatan 23 foizga o‘sdi va 60,0 ming tonnani tashkil etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlangan “Biologik resurslardan oqilona foydalanish va respublika tabiiy suv havzalarida barqaror ekologik vaziyatni ta’minlash bo‘yicha kompleks tadbirlar dasturi” ijrosi ta’minlab borildi. (15.08.2014-y.).

Ushbu dasturdagi 6 ta yo‘nalish, 31 ta banddan iborat bo‘lgan 53 ta tadbir Iqtisodiyot, Moliya, Qishloq va suv xo‘jaligi, Ichki ishlar vazirliklari, Davlat bojxona va Soliq qo‘mitalari, “O‘zgidromet” Markazi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Tabiiy suv havzalarida intensiv usulda baliq yetishtirish maqsadida, 2015-yilda 418 ta qafas (sadok) moslamalari o‘rnatildi.

O‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlarining davlat kadastri yuritilishi va ular hisobini olib borish borasida Qo‘mita tomonidan Fanlar akademiyasi, “Yergeodezkadastr” qo‘mitasi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi va boshqa tegishli idoralar bilan hamkorlikda huquqiy mezonlar Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 5-sentabrdagi 343-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomlar asosida o‘rganib chiqildi.

Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni rivojlantirish va me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirishni o‘z ichiga olgan komleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi (03.11.2015y, BA-01/20-4947-sonli), yuqorida qayd etilgan nizomlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi tayyorlandi.

Bundan tashqari, “O‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlari va ulardan foydalanishning davlat hisobini olib borish, davlat kadastrini yuritish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, chiqindilarni ko‘mish va utilizatsiya qilish joylari kadastrini yuritish tartibini yaxshilash bo‘yicha “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi bilan qo‘shma chora-tadbirlar rejasi” ishlab chiqilib tasdiqlandi (03.09.2015-y.).

Amalga oshirilgan ishlar natijasida “Hisor” davlat qo‘riqxonasi hududida 17 turdagi hayvon va 20 turdagi o‘simlik, “Jayron” ekomarkazi hududida 24 turdagi hayvon, shuningdek Samarqand va Jizzax viloyati hududlarida uchraydigan kamyob va yo‘qolib borayotgan 19 turdagi o‘simlikni hisobga olindi va geografik ma’lumotlar bazasiga kiritildi.

Natijada, o‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlari kadastrini shakllantirish ko‘rsatkichi 2014-yilga nisbatan 35 foizga o‘sdi.

Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar bo‘yicha respublikadagi mavjud 8 ta qo‘riqxona, 9 ta buyurtmaxona va 2 ta milliy bog‘lar kadastri geografik ma’lumotlar bazasiga kiritilib, bu ko‘rsatkich 2014-yilga nisbatan 48 foizga o‘sdi.

O‘simlik va hayvonot dunyosi kadastirini yuritish natijasida Buxoro viloyatida – 23 turdagi o‘simlik va 20 turdagi hayvon, Qashqadaryo viloyatida – 11 turdagi o‘simlik va 51 turdagi hayvon, Navoiy viloyatida – 156 turdagi o‘simlik va 115 turdagi hayvon, Samarqand viloyatida – 298 turdagi o‘simlik va 269 turdagi yovvoyi hayvonlar hisobga olindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududlarida o‘simlik va hayvonot dunyosi kadastrini yuritishga joriy yilda Tabiatni muhofaza qilish jamg‘armasi hisobidan 700 mln. so‘m mablag‘ sarflanishi rejalashtirildi.

Hisobot davrida atmosfera havosi, tuproq, yer usti va yer osti suvlari, o‘simlik va hayvonot dunyosining holati, atrof-muhitni ifloslantiruvchi obyektlarda analitik nazoratning uslubiy qo‘llanmalari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan “2011–2015-yillarda O‘zbekiston Respublikasida monitoring Dasturi” ijrosi ta’minlandi va yakunlandi. (31.10.2011-y 292-son)

Ta’kidlash joiz, Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 3-dekabrdagi “Respublika aholi punktlarida sanitariya jihatidan tozalash tizimini rivojlantirish va takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 315-sonli qarori ijrosi bo‘yicha ishlar to‘liq yakunlanmagan.

Xususan, 2015-yilda respublika bo‘yicha 2120 ta chiqindi to‘plash shoxobchalarini qurish rejasi belgilangan bo‘lib, amalda 808 tasi qurib foydalanishga topshirildi va belgilangan reja 38 foizga bajarildi.

Tahlillarga ko‘ra, Toshkent viloyatida 329 ta o‘rniga 83 ta (25%), Jizzaxda 230 ta o‘rniga 10 ta (4,3%), Qashqadaryoda 149 ta o‘rniga 7 ta (4,6%), Samarqandda 161 ta o‘rniga 19 ta (11,8%), Sirdaryoda 188 ta o‘rniga 3 ta (1,5%), Andijonda 174 ta o‘rniga 34 ta (19,5%), Navoiyda 101 ta o‘rniga 81 ta (80%), Farg‘onada 279 ta o‘rniga 184 ta (66%), Qoraqalpog‘iston Respublikasida 134 ta o‘rniga 80 taga (60%) bajarilgan.

Hurmatli majlis ishtirokchilari,

Davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish jarayonida asosiy e’tibor energiya tejamkor va kam chiqitli texnologiyalarni qo‘llashga qaratildi.

Xususan, Buxoro viloyatida Buxoro, Kogon, Romitan va Qorovulbozor tumanlaridagi 11 ta tadbirkorlik subyektlari tomonidan tashkil etilayotgan issiqxonalarda muqobil energiya manbalaridan, tomchilab sug‘orish texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Hisobot davrida respublikadagi 10 ta korxona tomonidan ishdan chiqqan va tarkibida simob moddasi bo‘lgan 579,0 ming dona lyuminessent lampalar zararsizlantirildi (2014-yilda – 552,8 ming dona).

“Toshrangmetzavod” OAJ tomonidan ishdan chiqqan, yaroqsiz holga kelgan jami 159 tonna kompyuter texnikalari qayta ishlanib, ular tarkibidagi rangli metallar ajratib olindi.

“Ekostrom plyus” MCHJ tomonidan “Qizilqumsement” korxonasiga yetkazib berilgan 70 ming tonnadan ortiq kul ikkilamchi xom-ashyo sifatida foydalanilib, utilizatsiya qilindi.

“GM-O‘zbekiston” qo‘shma korxonasining faoliyatida hosil bo‘lgan 197 tonna bo‘yoq chiqindisi va 827 tonna yaroqsiz avtoshina chiqindilarini qayta ishlashga ixtisoslashgan 8 ta korxona tomonidan utilizatsiya qilindi

Qo‘mita tomonidan viloyatlaridagi ijtimoiy muhim obyektlarga, tadbirkorlik subyektlariga 307 ta (2014 yilda – 52 ta) quyosh batareyalari o‘rnatildi va yiliga 73,8 kVt elektr energiyasi tejashga erishildi. Natijada o‘tgan yilda 1,7 ming metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinib, atmosfera havosiga 3,2 tonna uglerod oksidi tashlanishi oldi olindi. 

Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida Qo‘mita tomonidan shartnomalar bazasini kengaytirish va amaldagilarning ijrosini ta’minlash, mamlakatdagi ekologik holatni yaxshilashga qaratilgan xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga e’tibor qaratildi. 

O‘tgan yilda jami 17,3 mln. AQSH dollarga teng 9 ta loyiha, shu jumladan, bioxilma-xillikni saqlab qolish borasida 12,9 mln. dollarlik 5 ta loyiha, kimyoviy vositalarni boshqarishni tartibga solish borasida 4,2 mln. dollarlik 2 ta loyiha bo‘yicha ishlar olib borildi.

Natijada, umumiy qiymati 9,7 mln. AQSH dollariga teng 4 ta loyihani amalga oshirish boshlandi (2014 yilda 3,9 mln. AQSH dollar).

Bundan tashqari, umumiy qiymati 200 mln. AQSH dollari bo‘lgan jami 112 ta yangi loyihalar hujjatlari ishlab chiqildi.

Shulardan Orolbo‘yi mintaqasida ekologik holatni yaxshilash bo‘yicha jami 68,5 mln. AQSH dollarlik 17 ta loyiha hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni kengaytirish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, atmosfera havosini muhofaza qilish, chiqindilar boshqaruvini takomillashtirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va boshqa ekologik toza texnologiyalarni keng joriy qilishga yo‘naltirilgan qiymati 65 mln. AQSH dollarga teng jami 67 ta loyiha hujjatlari tayyorlandi.

Chet el mamlakatlari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish va rivojlantirish borasida Ispaniya, Fransiya, Germaniya, Polsha mamlakatlari va ularning tegishli tashkilotlari bilan hamkorlik to‘g‘risidagi 4 ta (2014-yilda 1 ta) xalqaro shartnomalar loyihalari tayyorlandi.

Latviyaning Atrof-muhitni muhofaza qilish va mintaqaviy rivojlanish vazirligi bilan qo‘shma ish-reja imzolandi. Hozirda, Xitoy, Rossiya, Koreya mamlakatlari bilan 3 ta o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi ish rejalari ishlab chiqildi.

Bioxilma-xillikni muhofaza qilishga yo‘naltirilgan konvensiyalar doirasida, O‘zbekiston Respublikasining bioxilma-xillikni saqlab qolish strategiyasi va ish rejasi loyihasi ishlab chiqildi, mamlakat hududidagi 2 ta suv havzasini xalqaro Ramsar ro‘yxatiga kiritish ishlari olib borildi.

Xalqaro ahamiyatga ega 10 dan ortiq (2014-yilda 2 ta) konferensiya va boshqa turdagi anjumanlar, jami 80 dan ortiq ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi. Xususan, Yevropa Ittifoqining va Yevropaning iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining atrof-muhit masalalari bo‘yicha ishchi guruhlari majlislari, Sayg‘oqlarni muhofaza qilish bo‘yicha Bonn konvensiyasining Memorandumi tomonlarining navbatdagi majlisi va boshqalar.

Hurmatli senatorlar,

Bugungi kunda aholi o‘rtasida ekologik bilimni keng targ‘ib qilish, ekologik ta’lim-tarbiyani yanada rivojlantirish muhim o‘rin tutadi.

Aholining ekologik madaniyatini oshirish, fuqarolarda atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish mas’uliyatini shakllantirish maqsadida, hisobot davrida respublika miqyosida 2 mingdan ortiq anjuman, seminar-trening va davra-suhbatlari, shu jumladan 8 ta mediatur, xalqaro ekologik sanalarga bag‘ishlab 30 dan ziyod tadbirlar o‘tkazildi.

Bugun mamlakatimizda ekologik madaniyatni yuksaltirishda BMT Yevropa Iqtisodiy Komissiyasining barqaror rivojlanish uchun ekologik ta’lim bo‘yicha Strategiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasining Konsepsiyasi tamoyillarini milliy ta’lim tizimiga singdirish va amalga oshirish ishlari olib borilmoqda.

Xususan, mazkur Konsepsiya tamoyillarini 2015-2017-yillar davomida milliy ta’lim tizimiga singdirish maqsadida, tegishli Harakatlar dasturi ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlandi (10.02.2015-y., №7/1-4745).

Bundan tashqari, Qo‘mita hamda Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi o‘rtasida 2015-yilda imzolangan “Atrof-muhit muhofazasi hamda barqaror rivojlanish sohasida fan va ta’lim bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida memorandum” doirasida faoliyat olib borildi.

Har yili respublikamizda 320 ga yaqin bakalavr va magistr ekolog mutaxassislar tayyorlanmoqda. Ularning uslubiy va amaliy, bitiruv amaliyotlari Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tizimida o‘tkaziladi. Barqaror taraqqiyot maqsadlaridagi ta’limni o‘rta-maxsus ta’lim tizimida tahsil oluvchi talabalar o‘rtasida keng targ‘ib qilish, ularning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, eng yaxshi tajribalar bilan tanishtirish maqsadida, kollej hamda litseylarda 50 dan ortiq uchrashuv, seminar va konferensiyalar tashkil etildi.

Umuman olganda, aholi o‘rtasida ekologik bilimni keng targ‘ib qilish, ekologik ta’lim-tarbiyani yanada rivojlantirish maqsadida 2015 yilda ommaviy axborot vositalarida jami chiqishlar soni 5190 tani tashkil etib, shu jumladan tele va radio dasturlarda 3072 ta chiqishlar, bosma nashrlarda 2118 ta ekologik mavzularda maqolalar e’lon qilindi. Hisobot davrida ushbu ko‘rsatkichlar 2014 yilga nisbatan televidenieda va radioda 9 foizga, gazeta va jurnallarda 7 foizga ortdi.

Hurmatli majlis ishtirokchilari,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 28-sentabrdagi “Tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2412-sonli qaroriga muvofiq, 2016-yil 1-yanvardan suvdan maxsus foydalanish va o‘simlik dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish uchun ruxsatnomalar berish xizmatlari “yagona darcha” xizmatlari doirasida joriy etildi.

Hurmatli rais, senatorlar,

Respublikada ekologik muvozanatni saqlash va aholi salomatligi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida hamda respublika iqtisodiyotining jadal rivojlanishi, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishdagi dolzarb masalalardan kelib chiqib, quyidagilarni Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2016-yildagi muhim ustuvor vazifalari sifatida belgilab olmoqchimiz:

1. Chuqur tahlillar asosida keyingi 5 yillikda amalga oshiriladigan 2016-2020-yillarda ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasidagi faoliyatni yanada takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish.

Hozirgi kunda, mazkur kompleks chora-tadbirlar dasturi loyihasi 53 ta vazirlik va idoralar, hamda mahalliy hokimlik organlari bilan birgalikda ishlab chiqilib, uni kelishish jarayoni yakuniga yetkazilmoqda.

Ushbu dastur 7 ta ustuvor yo‘nalishdagi 153 banddan iborat bo‘lib quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

Birinchidan, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida qonunchilik va me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish;

Ikkinchidan, aholi uchun kafolatlangan sifatli atrof-muhit va ekologik xavfsiz sharoitni yaratish;

Uchinchidan, texnologik jarayonlarni takomillashtirish, resurlarni tejash siyosatini yuritish orqali iqtisodiyotni ekologizatsiyalashtirish;

To‘rtinchidan, informatsion-texnologiyalarni rivojlantirish orqali atrof-muhit monitoringi va kadastri yuritishni takomillashtirish, hamda idoralararo ma’lumotlar almashish tizimini muvofiqlashtirish;

Beshinchidan, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, shu jumladan xalqaro huquqiy-shartnomaviy bazani kengaytirish va atrof-muhit masalalariga chet el investitsiyalarini jalb qilish;

Oltinchidan, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida fuqarolik jamiyati institutlari rolini kuchaytirish, ekologik tushuncha va dunyo qarashni keng targ‘ib qilish, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash ishlarini kuchaytirish;

Yettinchidan, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat ekologik nazorati va monitoringini amalga oshiruvchi davlat organlarining infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasini rivojlantirish.

Mazkur tadbirlarni amalga oshirish natijasida quyidagilarga erishish kutilmoqda, jumladan:

- atrof-muhitni muhofaza qilish faoliyatini kompleks boshqarish va tabiatni muhofaza qilish sohasidagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan 51 ta huquqiy-me’yoriy hujjatni qabul qilish, shundan 2016-yilda 2 ta Qonun hamda 6 ta Vazirlar Mahkamasi qarori;

- yangi texnologiyalardan foydalanish hisobiga, atmosfera havosini ifloslantiruvchi tashlamalar 500 ming tonnaga bosqichma bosqich kamaytirish;

- respublikaning 30 ta shahar va tuman aholi yashash punktlarida kanalizatsiya va tozalash inshootlari faoliyatini 80 foizgacha takomillashtirish, tozalash inshootlarining oqova suvlar bilan ifloslanishini kuniga 2,4 mln. metr kub xajmga kamaytirish;

- 1222,0 gektardan ortiq maydonda qattiq maishiy chiqindilarni yig‘ish, saqlash va ko‘mish joylarining sanitar-ekologik holatini yaxshilash; 

- yo‘qolish arafasida turgan hayvon turlarini ko‘paytirish va tiklash uchun 7 ta pitomnik tashkil qilish, noyob va yo‘qolib borayotgan o‘simliklarni 70 foizdan va hayvonlarning 90 foizdan ortiq turlari himoya qilish;

- tabiiy suv havzalari va yirik suv omborlari yaqinida yiliga 400 mln. dona baliq chavoqlari ishlab chiqarish hajmiga ega bo‘lgan parvarishxonalar va inkubatsiya sexlari tashkil etish;

- xorijdan import qilinayotgan dori-darmonlar o‘rnini bosuvchi mahalliy dori-darmon mahsulotlarini ishlab chiqarish maqsadida, ularning xomashyo bazasini yaratish hamda ishlab chiqaruvchi korxonalarni ta’minlash maqsadida 2,3 ming gektardan ortiq maydonda dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini yaratish va boshqalar.

2. Respublikada qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, shu jumladan ularni alohida to‘plash, qayta ishlash va utilizatsiya qilish, chiqindixonalarni va ularning sanitar-gigienik holatini tartibga solishni zamonaviy talablar va standartlar asosida bosqichma-bosqich amalga oshirishga yo‘naltirilgan “Qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi” loyihasini yillarda ishlab chiqish.

3. Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 27-maydagi 142-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2013–2017-yillarda O‘zbekiston Respublikasida atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha harakatlar dasturidagi (52 ta tadbir) va hududiy dasturlardagi (281 ta tadbir) jami 333 ta tadbirni mas’ul korxona va tashkilotlar tomonidan bajarilishini ta’minlanishini tizimli nazorat qilish va muvofiqlashtirish. 

4. 2016-2018 yillarda respublikaning ekoturizm salohiyatini yanada oshirish maqsadida quyidagi 4 ta yo‘nalishda, ya’ni:

1. Ekologik turizmni rivojlantirishning normativ-huquqiy, ilmiy-uslubiy, texnik va institutsional asoslarini yaratish;

2. Hududlarda ekoturizm infratuzilmasini rivojlantirish;

3. Ekoturistik mahsulotlarni diversifikatsiya qilish;

4. O‘zbekistonning ekoturistik salohiyatini ichki va tashqi bozorlarda keng targ‘ib qilishdan iborat kompleks tadbirlarni amalga oshirish.

5. Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish maqsadida, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi Direksiyasini tashkil qilish. Ko‘llar tizimini markazlashgan holda har yili 20 mln. dona baliq chavoqlari bilan baliqlantirish, baliq chavoqlarini etishtirishga ixtisoslashgan pitomniklar va inkubatsion sexlarni qurish ishlarini amalga oshirish.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida joylashgan ko‘llarda baliqchilikni rivojlantirish va boshqarish yuzasidan Davlat unitar korxonasini tashkil etish orqali, ushbu ko‘llar atrofida infratuzilmani tashkil etish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, baliq chavoqlarini yetishtirishga ixtisoslashgan pitomniklar va inkubatsion sexlarni, baliqni qayta ishlash mini sexlarini qurish. Shu bilan birgalikda ushbu ko‘llarni markazlashgan holda bahor, kuz fasllarida baliqlantirish ishlarini tizimli ravishda olib borish.

6780 mln. dona baliq lichinkalari ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan 18 ta inkubatsiya sexlari, 130 mln. dona baliq chavoqlari ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan 68 ta parvarishxonalarni tashkil qilish ishlari nazoratini ta’minlash.

7. O‘zbekiston ekologik harakati, “Kamolot” YOIH, NNT milliy Uyushmasi hamda “Mahalla” jamoat fondi bilan hamkorlikda jamoatchilik ekologik nazorati talablarini tadbiq etish bo‘yicha 22 ta tadbirdan iborat Yo‘l xaritasini amalga oshirish.

8. Orol dengizi qurishi oqibatlarini yumshatish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 29-avgustdagi 255-sonli qarorida belgilangan ustuvor vazifalar va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha chet el mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar (donorlar) bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish va rivojlantirish.

 

Hurmatli rais, senatorlar, Qo‘mita tomonidan 2015-yilda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha qisqacha hisobotim shulardan iborat.

2016-yilga rejalashtirilgan ustuvor vazifalar bajarilishi ta’minlash, atrof-muhit muhofazasi va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash bo‘yicha belgilangan maqsadlar bajarilishi uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etamiz.

 

 


2017-01-26

Фотогалерея

ntesting mood

Территориальные комитеты