Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi raisi B. Abdusamatovning "2013-2017 yillarda O'zbekiston Respublikasida atrof-muhit muhofazasi bo'yicha harakatlar dasturi"ning "Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalan

O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi raisi B. Abdusamatovning "2013-2017 yillarda O'zbekiston Respublikasida atrof-muhit muhofazasi bo'yicha harakatlar dasturi"ning "Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalan

 

O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi raisi B. Abdusamatovning  "2013-2017 yillarda O'zbekiston Respublikasida atrof-muhit muhofazasi bo'yicha harakatlar dasturi"ning "Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish, ekologik talim va barqaror rivojlanish maqsadlarida talim doirasidagi qonunchilikni va meyoriy-uslubiy bazani rivojlantirish" chora-tadbirlarining bajarilishi yuzasidan

M A R U Z A S I

 

Hurmatli Nurdinjon Mo'ydinxonovich,

Hurmatli deputatlar, majlis qatnashchilari,

 

Bugun mamlakatimizda atrof-muhit va aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan ishonchli  chora-tadbirlarning amalga oshirilishini ta’minlash - olib borilayotgan islohotlarning barcha bosqichlarida davlatimiz siyosatining eng asosiy ustivor yo'nalishlaridan biriga aylangan.

Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq ekologik xavfsizlikni ta’minlashning mukammal huquqiy, tashkiliy, iqtisodiy, ekologik asoslari yaratildi. Bunda iqtisodiyot, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish borasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solinishini ta’minlovchi hamda qonunchilikning ko'pgina tarmoqlari o'rtasidagi bog'lovchi bo'g'in sifatida ekologik qonunchilikka alohida e’tibor qaratildi.

So'ngi 24 yil mobaynida O'zbekiston Respublikasining 51 ta qonuni, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 4 ta qarori,

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 8 ta Farmoni va qarorlari, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 106 ta qarorlari, O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro'yxatga olingan 16 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Ularga muvofiq:

-      yer va suv resurslarini, o'simlik va hayvonot dunyosini,  atmosfera havosini muhofaza qilish;

-   atrof-muhitning ifloslanish darajasini nazorat qilish;

-      tabiiy ob’yektlar holati monitoringini yuritish;

-      chiqindilar boshqaruvi va davlat ekologik ekspertizasini amalga oshirish masalalari hal qilinib, tabiiy resurslarni saqlash va ulardan xo'jalik maqsadlarida oqilona foydalanish tartiblari belgilandi.

Birgina 2014 yilda, ekologik normativlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishish, biologik resurslardan foydalanish, ekologik nazorat, chiqindilar sohasida davlat hisobini yuritish hamda suv quduqlarini burg'ulashga ruxsatnoma berish tartiblari, Botanika bog'ini rivojlantirish to'g'risidagi Vazirlar Mahkamasining jami 9 ta qarori tasdiqlandi.

Umuman respublikamizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi islohotlarning yaqqol misoli tariqasida atrof-muhitni muhofaza qilish faoliyatining samaradorligini oshirishga, uni yanada takomillashtirishga, eng asosiysi inson va kelajak avlod hayoti hamda salomatligi uchun yanada qulay bo'lgan atrof-muhit barqarorligini saqlashga  xizmat qiluvchi  "Ekologik nazorat to'g'risida"gi Qonun qabul qilinishini keltirishimiz mumkin.

Shuningdek, chiqindilar bilan munosabatlarni tartibga solish va qonunchilik talablariga rioya etilishi hamda biologik resurslarni muhofaza qilish va qayta tiklashda muhim ahamiyatga ega bo'lgan Vazirlar Mahkamasining bir qator qarorlari qabul qilindi. "Chiqindilar bilan bog'liq ishlarni amalga oshirish sohasida davlat hisobi va nazoratini amalga oshirish tartibi to'g'risidagi Nizomni tasdiqlash haqida"gi (295-sonli), "Biologik resurslardan foydalanishni tartibga solish va tabiatdan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o'tish tartibi to'g'risida"gi (290-sonli) qarorlar shular jumlasidandir. Mazkur hujjatlarning qabul qilinishi ham O'zbekistonda ekologik qonunchilikni rivojlantirish masalasi ustuvor yo'nalishlar qatoridan joy olayotganidan dalolat beradi.

Shuningdek, 2015 yilning o'zida Vazirlar Mahkamasining              3 ta qarorlari, ya’ni "O'simlik dunyosi ob’yektlaridan foydalanishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari" to'g'risidagi (278-sonli),  "Ekologik nazorat sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash haqida"gi (286-sonli) va  "Jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishga doir namunaviy nizomlarni tasdiqlash to'g'risida"gi (287-sonli) qarorlari qabul qilinganligi bu boradagi faoliyat bosqichma-bosqich olib borilayotganini ko'rsatishi mumkin.

Ayni vaqtda sohaga oid yangi xujjatlar ustida ishlar  davom etmoqda. Jumladan, "O'zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to'g'risidagi Kodeksi"ning yangi tahriri, "O'zbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi to'g'risidagi Nizomga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risidagi nizom", "Tabiiy suv ob’yektlaridan suv olishdagi tartibbuzarliklar uchun jarima sanksiyalarini qo'llash tartibi to'g'risidagi Nizom" loyihasi ishlab chiqilib, tegishli vazirlik va idoralarga takliflar olish uchun kiritildi.

Halqaro tajribalarni o'rgangan holda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikda "Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi to'g'risidagi Nizomni" yangi tahrirdagi loyihasi, "Davlat ekologik ekspertizasi to'g'risida"gi, "Chiqindilar to'g'risida"gi "O'simlik dunyosidan foydalanish va uni muhofaza qilish to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Qonunlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish ishlari olib borilmoqda.

Hurmatli majlis qatnashchilari, Tabiatni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash sohasidagi mustahkam qonunchilik bazasini shakllantirish bilan bir qatorda  ekologiya sohasidagi faoliyatimiz qisqa va uzoq muddatli dasturlar asosida olib borilayotganligiga e’tiboringizni qaratmoqchi edim.

Bunga misol qilib, O'zbekiston Respublikasida atrof-muhit muhofazasi bo'yicha  har besh yilga qabul qilinadigan  davlat dasturlari, shuningdek so'ngi ikki yil davomida qabul qilingan biologik resurslarni saqlash, ekologik nazoratni amalga oshirish, atrof-tabiiy muhitning davlat monitoringini yuritish sohasida  2 ta davlat dasturlarining amaliyotini keltirishimiz mumkin.

Bundan tashqari, Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida belgilangan tadbirlarni tizimli hamda izchil ta’minlash maqsadida respublika hukumati va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan doimiy ravishda atrof-muhit muhofazasi bo'yicha maqsadli aniq harakatlar dasturi tasdiqlanib, hayotga tatbiq etilmoqda. Masalan, Tabiatni muhofaza qilish Davlat qo'mitasi va uning xududiy tizimlari tomonidan 2015 yilga mo'ljallangan Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida atrof muhitni muhofaza qilish,  tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash,  xalqaro grant va kredit mablag'larini jalb qilishni o'z ichiga olgan 8 yo'nalishdan iborat, 689 ta tadbirlarni jamlagan hududiy dasturlarni aytib o'tishimiz  mumkin.

Shuningdek, "2016-2020 yillarda O'zbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhit monitoringi dasturi", "2016-2018 yillarda O'zbekistonning ekoturistik salohiyatini mustahkamlash va ekologik turizmni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar" ishlab chiqilayotgani ijtimoiy-ekologik muammolarni kompleks tarzda hal etish yo'lidagi yana bir sa’y xarakatlarimizdan biridir.

Ekologiya yo'nalishidagi strategik dasturlardan yana biri - 2016-2025 yillarga mo'ljallangan bioxilma-xillikni saqlashga oid 42 ta tadbirdan iborat davlat dasturidir.  Ushbu dastur tegishli vazirlik va idoralar bilan chuqur tahlil asosida muhokama va kelishish jarayonidan o'tmoqda.

Hurmatli majlis qatnashchilari, ijozatingiz bilan Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 27 maydagi 142-sonli Qarori bilan tasdiqlangan "2013-2017 yillarda O'zbekiston Respublikasida atrof-muhit muhofazasi bo'yicha harakatlar dasturi"ning "Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish, ekologik talim va barqaror rivojlanish maqsadlarida talim doirasidagi qonunchilikni va meyoriy-uslubiy bazani rivojlantirish" chora-tadbirlarining bajarilishiga to'xtalib o'tsam.

Ushbu yo'nalish bo'yicha jami 16 ta tadbir rejalashtirilgan. Ular:

-   sohaga oid milliy qonunchilik hujjatlarini xalqaro tajribadan, bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda yanada takomillashtirish,

-   mamlakatimizning 2015 yildagi asosiy ustivor vazifalaridan biri - tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash, ularga ko'maklashish maqsadida ekologik sertifikatlashtirish tizimini yanada takomillashtirish, mazkur sohada O'zbekiston Respublikasida ishlab chiqiladigan mahsulotlarning ekologik jihatlari to'g'risida ishonarli hamda aniq ma’lumotlarni iste’molchilar keng ommasiga yetkazish maqsadida ekologik xavfsiz degan ma’noni anglatuvchi rasmiy belgi-tamg'ani muomalaga kiritishni tartibga soluvchi me’yoriy hujjatni qabul qilish,

-   barqaror taraqqiyot maqsadlaridagi ta’limni rivojlantirish kabi tadbirlarni amalga oshirishdan iborat.

 

Bu borada 2013 yildan 2015 yil yarim yillik davriga qadar 8 ta tadbir bajarilgan. Jumladan, ekologik meyorlashtirish tizimini soddalashtirish va tartibga solishni nazarda tutuvchi, ekologik meyorlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishish tartibi to'g'risidagi nizomni tayyorlash. Ushbu tadbirni bajarilishini ta’minlash va turli xil ishlab chiqarish faoliyati bilan shug'ullanuvchi korxonalar, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan ekologik normativlar loyihalarini tayyorlash va kelishish bo'yicha yengillik yaratish maqsadida Qo'mitamiz tomonidan «Ekologik normativlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishish tartibi to'g'risidagi Nizom» loyihasi ishlab chiqildi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2014 yil 21 yanvar kuni 14-sonli  qaror  bilan  tasdiqlandi.  Shunday qilib, ilgari  ekologik me’yorlarni ishlab chiqishda foydalanilgan 14 ta turli eskirgan rahbariy xujjatlar o'rniga yagona tartib qabul qilindi va ularning mazmuniga bo'lgan talablar aniqlashtirildi. 

Nizom tasdiqlangunga qadar ekologik normativlarning amal qilishi har xil muddatlarga, ya’ni 2-5 yillarga belgilanar edi. Nizom kuchga kirgandan so'ng bunday holatga chek qo'yildi. Ularning amal qilish muddati  bir  xil, ya’ni  5 yil  etib  belgilanadigan  bo'ldi.

       Bundan tashqari ekologik normativ loyihalarini ishlab chiqishdan oldingi bosqichda tayyorlanadigan «manbalarning xatlovi» materiallari Tabiatni muhofaza qilish hududiy qo'mitalari tomonidan 1-2 oy muddatlarda  ko'rib chiqilar edi. Hozirgi kunda Nizom talabiga ko'ra bunday hujjatlar kelishuvi 15 kun davomida amalga oshirilmoqda.

 

(Malumot: Natijada obyektlarda ekologik normativlar belgilash bir muncha yengillashdi va ularning soni tobora ortib bormoqda. Agarda 2012 yilda korxonalar manbalari uchun 1919 ta ekologik normativlar tasdiqlangan bo'lsa, 2013 yilda bu ko'rsatkich 2243 tani, 2014 yilda 2376 tani tashkil qilgan. Joriy yilda esa 4000 dan ko'proq ekologik normativ loyihalarini  tasdiqlash  rejalashtirilgan.

Ushbu Nizomda ko'zda tutilgan suvga quduqlarni burg'ulash uchun ruxsatnomalarni rasmiylashtirish va berish mexanizmi hozirgi kunda yangi qazilgan suv quduqlarini hisobga olish tizimi va ro'yxatini yuritilishini tartibga soldi.)

  Albatta, ishlab chiqilayotgan hamda kundalik hayotga tatbiq etilayotgan mazkur hujjatlar, avvalo, tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari, fuqarolarning hayoti va sog'lig'ini saqlash, jamoat xavfsizligi hamda atrof-muhitni muhofaza qilishni ta’minlashga xizmat qilishi zarur deb hisoblaymiz.

Shu o'rinda qayd etish kerakki, "2013-2017 yillarda O'zbekiston Respublikasida atrof-muhitni muhofaza qilish bo'yicha harakatlar Dasturi"da ekologik sertifikatlashtirish masalalari, jumladan mahsulotlarni ishlab chiqarishning texnologik jarayonlari, xizmatlar hamda iqtisodiyotning mashinasozlik, yengil sanoat,  kimyo, oziq-ovqat, agrosanoat majmuasi tarmoqlari bo'yicha ishlab chiqariladigan mahsulotlarning xavfsizlik mezonlarini ishlab chiqish belgilangan. Hozirda ushbu 9 ta mezonlar ishlab chiqilgan bo'lib, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishish jarayonida.

Mamlakatimizda yildan-yilga iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, mahalliy import o'rnini bosuvchi va eksportga yo'naltirilgan ishlab chiqarishlarni rivojlantirish, tovarlarning ekologik xususiyatlariga yo'naltirilgan haqqoniy reklamasini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Hozirda aksariyat iqtisodiyoti rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va ko'rsatilayotgan xizmatlarni ekologik markalash tizimi joriy qilingan. Ayniqsa, mazkur yo'nalishda AQSH, Yevropa ittifoqi davlatlari, ayrim MDH davlatlari, jumladan Rossiya, shuningdek janubiy-sharqiy Osiyo davlatlari - Xitoy, Koreya, Yaponiya va boshqalarda muayyan ishlar amalga oshirilgan.

(Malumot: Hozirgi kunda jahonda markirovkalar, jumladan ekologik markirovkalarning turli turlaridan keng foydalanilmoqda. Xususan, "Yevropeyskiy svetok" (Yevropa ittifoqi), "Goluboy angel" (Germaniya), "Severnыy lebed" (Skandinaviya davlatlari), "Zelenыyznak" (AQSH), "Listok jizni" (Rossiya), "Eko-znak" (Yaponiya), shuningdek Avstraliya, Xitoy, Koreya va boshqa davlatlarning ekologik markirovkalari mavjud bo'lib, ular tovarning atrof muhit va inson salomatligi uchun yuqori xavsizlik darajasiga ega ekanligidan dalolat beradi).

Shunday bo'lsada, hozirgi kunda O'zbekistonda "Ekologik xavfsiz", "Eko ...", "Bio ..." kabi mahsulotlar xususiyati va sifatini kafolatlaydigan va umumtan olingan turli xil tasvirlardan foydalanishni baholash bo'yicha aniq mezonlar hali mavjud emas.

Shu munosabat bilan, bozorga sifatsiz va qalbaki mahsulotlarni kirib kelishidan iste’molchini himoya qilish, O'zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning ekologik xususiyatlari to'g'risida iste’molchiga ishonchli, aniq va haqqoniy ma’lumotlarni yetkazish maqsadida respublikada barcha uchun yagona bo'lgan rasmiy belgini joriy qilishni tartibga soluvchi tegishli me’yoriy xujjatni qabul qilish zaruriyati vujudga kelmoqda.

Mazkur yo'nalishda mamlkatimizda maxsus qarorning qabul qilinishi:

-O'zbekiston Respublikasini dunyoning rivojlangan 45 ta mamlakatlarida amal qiluvchi va asosiy maqsadi  ekomarkirovkalarni o'zaro tan olinishini ta’minlashdan iborat bo'lgan ekologik markirovkaning global tarmog'i (The Global Ecolabelling Network, GEN)ga kirish uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi;

-mahalliy mahsulotlarning sifati va jozibadorligi hamda ularning tashqi bozordagi raqobatdoshligining oshishiga va, natijada, mahsulot eksport salohiyatining kengayishiga olib keladi;

-ekologik xavfsiz texnologiyalarni joriy qilish uchun qo'shimcha rag'batlantirish omillarini yaratadi.

 

Mazkur 4-yo'nalishning dastlabki tadbiri sifatida "Atmosfera havosini muhofaza qilish to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Qonun loyihasini ishlab chiqish belgilangan. Xammamizga ma’lumki, bugun fuqarolarning hayot uchun qulay tabiiy muhitga ega bo'lishdek huquqini ta’minlash, bu o'rinda avvalo, inson, atrof tabiiy muhit ob’yektlari uchun atmosfera havosini muhofaza qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, rivojlangan mamlakatlar, jumladan Yevropa ittifoqi mamlakatlarining,  AQSH, Xitoy hamda   MDH davlatlarining atmosfera havosini muhofaza qilish bo'yicha qonunchiligi o'rganib chiqildi. Shular natijasida hamda  O'zbekiston Respublikasining "Atmosfera havosini muhofaza qilish to'g'risida"gi Qonunida havolaki normalarini chiqarib tashlash, xalqaro va bugungi kun talablarni hisobga oluvchi qo'shimcha me’yorlarni kiritish zaruriyatidan kelib chiqqan xolda  mazkur Qonunning 30 ta moddalaridan kamida 70% ni qayta ko'rib chiqish va Qonun loyihasini yangi tahrirda qabul qilinish zarurati yuzaga keldi. Bundan asosiy maqsad, avvalo atmosfera havosi muhofazasiga oid xalqaro kelishuvlarni va amaldagi qonunning ishlab chiqarish maqsadlarida mazkur yo'nalishga taalluqli (9, 13, 25, 26) moddalarini, atmosferaga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishini tartibga solishni (11-modda), fizikaviy omillarning zararli ta’sir ko'rsatishini tartibga solishni (12-modda), kimyoviy moddalarni ishlab chiqarish va ulardan foydalanishni (18-modda), ozon qatlamiga zararli ta’sir ko'rsatishning oldini olishga doir talablarni (19-modda) nazarda tutuvchi moddalarini o'zgartirishdan iboratdir.

Shu munosabat bilan, joriy yilning fevral oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Atrof tabiiy muhit muhofazasi va ekologiya qo'mitasi tomonidan ishchi guruh shakllantirildi. Hozirgi kunda ushbu guruh O'zbekiston Respublikasining "Atmosfera havosini muhofaza qilish to'g'risida"gi Qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida"gi Qonun loyihasi konsepsiyasini ishlab chiqdi. Qonunning ayrim moddalariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish bilan bog'liq asoslangan takliflar tayorlandi.

Shu munosabat bilan qonunning yangi taxrirdagi loyihasi yetti bo'lim, 36 moddadan iborat bo'lmoqda. Jumladan, 11-ta yangi modda (4, 5, 7, 8, 9, 10, 12, 13, 17, 21, 31) qo'shilmoqda, va 18 ta moddaga

(1, 2, 6, 11, 14, 15, 16, 20, 22, 23, 25, 26, 28, 29, 30, 32, 33, 35) qo'shimcha va o'zgartishlar kiritilmoqda va amaldagi 2-ta  modda (6 va 9) amaliyotdan chiqarilishi kutilmoqda.

Hurmatli deputatlar, yig'ilish ishtirokchilari, bajarilishi muhokama qilinayotgan yo'nalishning yana bir tadbiri - atmosfera havosini muhofaza qilish bo'yicha xalqaro talablarga muvofiq, atmosfera havosi tarkibidagi aniqlanadigan ingrediyentlar  ro'yhatini kengaytirishni nazarda tutuvchi me’yoriy xujjatni ishlab chiqish rejalashtirilgan edi. Shundan kelib chiqqan xolda, insoniyat salomatligi uchun atmosfera havosini muhofaza qilishga oid xalqaro kelishuvlarda belgilangan vazifalarga binoan "Atmosfera havosidagi mayda dispersli (RM10 i RM2,5) bo'lgan qattiq zarrachalarni aniqlash uslubiyoti" me’yoriy hujjati ishlab chiqildi. Qo'llanma atmosfera havosidagi mayda dispersli zarrachalarning miqdorini xalqaro miqyosidagi talab va standartlar bo'yicha o'lchash tartibini belgilaydi.

Albatta, ushbu zararli changning miqdorini o'lchash yuzasidan ishlab chiqilgan uslubiy me’yoriy hujjat bilan chegaralanmasdan, balki uning miqdorini baholash monitoringini kuchaytirish, mahalliy boshqaruv organlariga atmosfera havosi sifatini yaxshilash bo'yicha rejalar ishlab chiqishni galdagi vazifalar etib belgilash kerak bo'ladi. Chunki, ushbu zararli ingrediyentlar aholi yashaydigan hududlarda juda keng tarqalgan.  Shuningdek, kam konsentratsiyada aniqlansada, inson salomatligiga juda jiddiy salbiy ta’sir ko'rsatadi.  Olingan ma’lumotlarga ko'ra, global miqyosda mayda zarrachalarning ta’siri oqibatida o'pka rakidan kasallangan aholining 5 foizi hayotdan ko'z yummoqda.

 

{malumot uchun: RM-particulate matter inglizcha so'zdan olingan bo'lib, mayda dispersli qattiq zarrachalar degan manoni anglatadi (RM10ning o'lchami

10 mikron va RM2,5ning o'lchami 2,5 mikron) aholi yashaydigan hududlarning atmosfera havosida juda keng tarqalgan bo'lib, ularning salomatligiga jiddiy zarar keltirmoqda. Mayda zarrachalarning (RM 2.5 mikron) atmosfera havosida juda kam konsentratsiyada aniqlansada, inson salomatligiga juda jiddiy salbiy tasir ko'rsatadi. Shu sabali, odamlar salomatligini asrash maqsadida, atmosfera havosi sifatini yaxshilashni taminlaydigan ishlarni olib boruvchi harakatlarni samarali tizimini barpo etish lozim.

Olingan malumotlarga ko'ra, global masshtabda mayda zarrachalar(RM)ning tasiri oqibatida kardiopulmonar patologiyadan 3% va o'pka rakidan 5 % kishilar hayotdan ko'z yummoqda.

Hisob-kitoblarga ko'ra, atmosfera havosining RM2,5 bilan ifloslanishining yillik konsentratsiyasi oqibatida dunyo bo'yicha 3.1 mln. o'lim holatini va 3.1 % atrofida hayot salomatligini yo'qotilishini keltirib chiqargan}.

 

Hurmatli majlis ishtirokchilari,

Sizlarga ma’lumki, respublikadagi ichimlik suv ta’minotining 80% yer osti manbalari hisobidan amalga oshiriladi va joylarda 46,0 mingdan ziyod suv olish quduqlari hisobga olingan. Ularning  yer osti ichimlik suv zaxiralari shakllanishiga ta’sir ko'rsatganligini hisobga olib, Qo'mita tomonidan suvga quduqlarni burg'ulashni nazoratga olish va tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida ruxsatnoma berishning soddalashtirilgan "Suvga quduqlarni burg'ulash uchun ruxsatnoma berish tartibi to'g'risidagi Nizom" loyihasi ishlab chiqildi hamda Vazirlar Mahkamasining 2014 yil                4 avgustagi 214-sonli qarori bilan tasdiqlandi.

Natijada, qaziladigan suv quduqlar soni hamda olinayotgan yer osti ichimlik suvining hajmi nazoratga olindi.

Shu bilan birga, yer osti suvlarini ifloslanishi va yerlarni sho'rlanishi hamda xo'jasizlarcha suv quduqlarini burg'ulashga barxam berildi.

Ta’kidlash muhimki, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari talablari buzilishining oldini olish, uni aniqlash va unga chek qo'yish, tabiatni muhofaza qilish faoliyati samaradorligini oshirishda ekologik nazorat muhim ahamiyat kasb etadi va bunda davlat hamda jamoatchilikning o'zaro hamkorligi juda muhim o'rin tutadi. Shu bois muhokama qilinayotgan dastur yo'nalishida yana bir tadbir - "Ekologik nazorat to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirishni taminlash maqsadida meyoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish belgilangan edi.

Muxtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan 2013 yil O'zbekiston Respublikasining "Ekologik nazorat to'g'risida"gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun jamoatchilikni jalb etish va nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, mamlakatimizning har bir fuqarosini atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasiga doir muhim jarayonlarda ishtirok etishdek huquqini mustahkamladi. Undan tashqari, qonun sohaga oid huquqiy hujjatlarning ijrosini ta’minlashga hamda jamiyatning turli qatlamlarini va davlat tuzilmalarini atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik muammolar yechimini topishga jalb etuvchi ekologik nazorat tizimini tatbiq etilishiga huquqiy asos soldi.

Shu munosabat bilan, mazkur Qonun bilan belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish maqsadida bugungi kunga kelib Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi tomonidan mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi.

 Xususan, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 5 avgustdagi 216-sonli Qarori bilan "Davlat ekologik nazoratini tashkil qilish va amalga oshirish tartibi to'g'risidagi nizom", shuningdek, 2015 yil 8 oktyabrdagi 286 va 287-sonli Qarorlari bilan "Ekologik xizmat to'g'risida" gi, "Ekologik nazoratning jamoatchi inspektori to'g'risida"gi, "Ekologik audit to'g'risida"gi, "Jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish tartibi to'g'risida" gi, "Idoraviy ekologik nazoratni amalga oshirish tartibi to'g'risida"gi va "Ishlab chiqarish ekologik nazoratini amalga oshirish tartibi to'g'risida"gi  nizomlar tasdiqlandi.

Mazkur xujjatlarning, jumladan davlat ekologik nazoratini amalga oshirish tartibi to'g'risidagi, ekologik xizmat to'g'risidagi va  ekologik audit to'g'risidagi nizomlarning qabul qilinishi bir qator imkoniyatlarni yaratdi:

birinchidan - davlat ekologik nazoratini amalga oshiruvchi vazirlik va idoralarning vazifalari,  ekologik nazorat olib boradigan sohalari va faoliyatining huquqiy asoslari belgilandi;

ikkinchidan - ishlab chiqarish ekologik nazoratini amalga oshirish yuzasidan yangi me’yoriy - huquqiy xujjat qabul qilinib, ishlab chiqarish ekologik nazoratining  aniq mexanizmlari ko'rsatib berildi;

uchinchidan - ekologik auditni amalga oshirishning moliyaviy manbalari va ushbu faoliyat bilan shug'ullanuvchi tashkilotlarga qo'yiladigan talablar, ekologik xizmatning asosiy vazifa va majburiyatlari, uning tashkiliy tizimi va shtatlari belgilandi.

Shunday qilib, mazkur xujjatlar davlat va xo'jalik yurituvchi organlar tomonidan ekologik qonunchilik talablariga rioya qilinishini ta’minlash sohasida o'zini-o'zi tizimli va samarali nazorat qilishiga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, ekologik nazoratning jamoatchi inspektori to'g'risida to'xtalib o'tsam. Nizomga muvofiq, fuqarolarning o'zini-o'zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish maqsadida ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlari tizimini shakllantirishi hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtirishi mumkin.

Yana bir narsani ta’kidlab o'tishimiz joizki bugungi kunda mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlar soni (2015 yil 1 yanvar holatiga) 8190 tani, fuqarolarning o'zini-o'zi boshqarish organlari 9800 tani tashkil etadi.

Atrof-muhit muhofazasi bo'yicha davlat inspektorlarini Toshkent shahri misolida ko'rib chiqiladigan bo'lsa, 11 ta tumanda atmosfera, suv, o'simlik muhofazasi va chiqindilar bo'yicha jami  25 ta inspektor faoliyat yuritadi. Shunday tariqa tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi inspektorlari bilan birgalikda atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan oqilona foydalanish qonunchiligi talablarining buzilishini aniqlashda mingdan ortiq jamoat inspektorlari ishtirok etadi. Buning natijasida tabiatni muhofaza qilish faoliyatining samaradorligini oshirish hamda ekologik dasturlarning amalga oshirilishida fuqarolarning o'zini-o'zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarning ishtirokini ta’minlanib,  jamoatchilik ekologik nazorat vazifalari sifatli bajarilishiga xizmat qiladi.

Hurmatli deputatlar, bugun mamlakatimiz barqaror rivojlanish yo'lida muhim e’tiborni inson resurslarini rivojlantirishga,  aholining ekologik xabardorligini oshirishga qaratmoqda. Shu ma’noda Dasturda ushbu BMT Yevropa iqtisodiyoti komissiyasining barqaror rivojlanish uchun ekologik ta’lim bo'yicha Strategiyasini va O'zbekiston Respublikasi Konsepsiyasini amalga oshirish tadbiri belgilangan. Mazkur Konsepsiya tamoyillarini  2015-2017 yillar davomida milliy ta’lim tizimiga singdirish maqsadida Harakatlar dasturi ishlab chiqilib, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlandi. Konsepsiyani amalga oshirish O'zbekistonda uzluksiz ijobiy ekologik ta’lim tendensiyalarini mustahkamlaydi. Bu esa yuzaga keladigan ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni hal eta oladigan, bilim hamda malakalari yetarli bo'lgan barkamol shaxslarni shakllantirishga asos bo'ladi.

Bugungi kunda "Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi" fani barcha 58ta oliy ta’lim muassasalari va ularning 15ta filiallari o'quv rejalariga majburiy o'qitiladi. Mazkur kursning xajmi -  130-150 soat. Undan tashqari tabiiy-ilmiy fanlar (geografiya, biologiya, ximiya) yo'nalishlarida ekologiya va atrof-muhit muhofazasi chuqurlashtirilgan tarzda o'qitiladi. Yana bir jihat shundaki "Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi" ta’lim yo'nalishi bo'yicha bakalavrlar  - 19 ta oliy- ta’lim muassasasida, magistrlar esa 6-ta oliy- ta’lim muassasasida tayyorlanmoqda. (Toshkent davlat texnika universitetida, Qoraqalpoq davlat universittetida, Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida, Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutida,  O'zbekiston Milliy universiteti va Urganch davlat universitetida).

Umuman, har yili respublikamizda 320 ga yaqin bakalavr va magistr ekolog mutaxassislar tayyorlanmoqda. Ularning uslubiy va amaliy, bitiruv amaliyotlari O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi tizimida o'tkazilmoqda. Barqaror taraqqiyot maqsadlaridagi ta’limni o'rta maxsus ta’lim tizimida tahsil oluvchi talabalar o'rtasida keng targ'ib qilish, ularning bu boradagi bilim va ko'nikmalarini oshirish, eng yaxshi tajribalar bilan tanishtirish maqsadida kollej hamda litseylarda 50 dan ortiq uchrashuvlar, seminarlar, konferensiyalar tashkil etildi.

Shu bilan birga ekologik ta’lim bo'yicha "Yashil maktablar", "Maktab mahalliy kun tartibi-21", "Yashil iste’molchi" va boshqa loyihalarni amalga oshirish borasida nodavlat notijorat tashkilotlarining ilg'or tajribalarini o'rganish va ommalashtirish yuzasidan izlanishlar olib borildi. Mazkur loyihalarga  oid tavsiyalar va uslubiy qo'llanmalar ishlab chiqilib, umumta’lim o'rta maktablariga uslubiy yordam sifatida yuborildi. Ular barqaror rivojlanish tamoyillarini maktab faoliyati dasturlariga tez va uyg'un integratsiya qilish imkonini bermoqda.

Umumiy o'rta talim maktablari umumta’lim fanlari tarkibiga Barqaror taraqqiyot uchun ta’limga oid 28 ta yangi mavzu hamda 185 soatlik mavzular tarkibiga tushuncha va bilimlar kiritilgan. Respublika bo'yicha tashkil etilgan 211 ta "Barkamol avlod markazlari"dagi to'garaklarning 4 ta yo'nalishidan birida ekologik ta’lim faoliyati yo'lga qo'yilib,  ularga o'quvchilar jalb etilgan.

"Tabiatda inklyuziv mashg'ulotlarni o'tkazish" bo'yicha amaliy uslubiy qo'llanma, "Iqlim haqida", "Ekologiya va Barqaror taraqqiyot ta’limi" kabi o'quv-uslubiy materiallar to'plami ishlab chiqilgan. Qo'llanmalarning elektron nushasi Internet tarmog'iga joylashtirilib, elektron disklarda ta’lim jarayonida foydalanishga taqdim etilgan.

Hurmatli majlis qantashchilari, muhokama qilinayotgan yo'nalishning navbtadagi tadbiri - Oliy va o'rta maxsus ta’lim vazirligida Barqaror rivojlanish maqsadlari bo'yicha o'quv-uslubiy markazni tashkil etish belgilangan edi. Vazifadan kelib chiqqan xolda TEMPUS loyihasi doirasida 2014 yil O'zbekiston milliy universiteti qoshida shunday o'quv markazi tuzildi va uning moddiy - texnik bazasi mustahkamlandi.

(Malumot: TEMPUS -Trans-European mobility programme for university studies - 16 ta kompyuter, 4 ta noutbuk va boshqa zamonaviy texnik anjomlar bilan taminlandi).

Bugungi kunda Qo'mitamiz O'zbekiston Milliy universiteti bilan hamkorlikda mazkur o'quv-uslubiy markazda atrof muhitni monitoring qilish bilan shug'ullanadigan mutaxassislarning malakasini oshirish uchun ilmiy izlanish, uslubiy amaliyotlarni o'tkazish bo'yicha ilmiy - texnik kelishuvni tayyorlash ishlarini olib bormoqda.

Bundan tashqari, Oliy va o'rta mahsus ta’lim vazirligida ishlab chiqarish texnologiyalari va atrof muhitni muhofaza qilish bo'yicha o'quv-uslubiy birlashma tarkibida "Barqaror taraqqiyot bo'yicha ta’lim" tarmog'i tashkil etildi.

Shu bilan birga Barqaror rivojlanish maqsadlarida ta’lim bo'yicha 18 dan ortiq o'quv-uslubiy qo'llanmalar, uslubiy tavsiyalar va risolalar, bolalar uchun kitoblar, fotoalbomlar chop etildi, videofilm hamda videoroliklar tayyorlandi.

Bugun muhokama qilinayotgan 4-chi yo'nalishda  "Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar" fotoalbom kitobini tayyorlash va nashr etish tadbirlari ham belgilangan edi.

Qo'riqxonalar, o'simlik va hayvonot dunyosining noyob turlari, tog'lar biotsenozi, cho'llar, dashtlar va ko'llar to'g'risidagi ma’lumotlarni o'zida aks ettiruvchi "O'zbekiston qo'riqxonalarining tirik javohirlari" fotoalbomi 1000 nusxada nashr etildi va o'quv muassasalari, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillariga tarqatildi.

Bundan tashqari, "O'zbekiston Respublikasi Qizil kitobi"ning navbatdagi ikkita jildini tayyorlash va nashr etish bo'yicha o'simlik hamda hayvonot dunyosining turlari, shuningdek, rejalashtirilayotgan nashrning asosiy yo'nalishlari yuzasidan ma’lumotlarni yig'ish va tahlil qilish ishlari davom etmoqda. Bugungi kunga kelib, "O'zbekiston Respublikasi Qizil Kitobini yuritish bo'yicha idoralararo kengash nizomi", "O'zbekiston Respublikasi Qizil Kitobi va uni yuritish tartibi" me’yoriy-huquqiy nizomlari ishlab chiqilmoqda.

Aholining atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash borasidagi habardorligini oshirish maqsadida muntazam ravishda respublika va mahalliy tele-kanallar va radiolarda 6,0 mingdan ziyod chiqishlar, bosma ommaviy axborot vositalari orqali 4950ta  maqolalar chop etildi. Aholi, ayniqsa,  yoshlar va bolalarning e’tiborini jalb etish maqsadida butun jahon atrof muhitni muxofaza qilish kunlarida ekologik tadbirlar o'tkazilmoqda.

Ta’kidlash muhimki, bugun Qo'mita tomonidan nafaqat yoshlarning ekologik ta’limini, balki vazirlik, idora, ishlab chiqarish korxonalari mutaxassislarining bilim-malakalarini oshirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda.

Vazirliklar, qo'mitalar, birlashmalar, tashkilotlar assotsiatsiyalari, fermer ho'jaliklari va boshqa yuridik shaxslarning tabiatni muhofaza qilish, shuningdek, tabiiy resurslarning oqilona foydalanish sohasidagi malakasini oshirish, yangi qonunchilik talablariga asosan muvofiqlashtirish, o'quv-malaka jarayonlarini amaliyot bilan uyg'unlashtirish, jahondagi ilg'or tajribalar bilan tanishtirib borish maqsadida Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi huzurida o'quv markazini tashkil qilish rejalashtirilgan. Hozirda Markazning nizom loyiha hujjatlari ishlab chiqilgan va kelishish ishlari olib borilmoqda.

Hurmatli majlis qatnashchilari, bugun Biz atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish, ekologik ta’lim va barqaror rivojlanish maqsadlarida ta’lim doirasidagi qonunchilikni va me’yoriy-uslubiy bazani rivojlantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni tahlil qilar ekanmiz, ushbu yo'nalish bo'yicha ishlarni kelgusida yanada rivojlantirish, uni yuqori bosqichga olib chiqish yuzasidan zarur tavsiya hamda takliflarning ishlab chiqilishiga umid bildiramiz.

 

Etiboringiz uchun rahmat!

 

 

 

 

 

 


2015-11-26

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika