Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi raisi Baxtiyor Abdusamatovning Berlin shahrida bo'lib o'tgan "Markaziy Osiyoda suv va yaxshi qo'shnichilik munosabatlari" konferensiyasidagi nutqidan

O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi raisi Baxtiyor Abdusamatovning Berlin shahrida bo'lib o'tgan "Markaziy Osiyoda suv va yaxshi qo'shnichilik munosabatlari" konferensiyasidagi nutqidan

2015-yilning 7-8-sentabr kunlari Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi raisi Baxtiyor Abdusamatov boshchiligidagi O'zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Berlin shahrida bo'lib o'tgan "Markaziy Osiyoda suv va yaxshi qo'shnichilik munosabatlari" vazirlar konferensiyasida ishtirok etdi.

O'zbekiston Respublikasi delegatsiyasi rahbari o'z ma’ruzasida ta’kidlab o'tganidek, bugun xalqaro hamjamiyat Mingyillik rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishning yakunlovchi, shuningdek, yangi global ustivor yo'nalishlar, ya’ni  2030 yilga qadar Barqaror rivojlanish maqsadlarini qabul qilish bosqichida turibdiki, unda suv Markaziy Osiyo mintaqasidagi barcha davlatlar aholisining salomatligini, bandligini, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ekotizimlar va ularning barcha elementlarini saqlash, shuningdek,  ijtimoiy-siyosiy rivojlanishini ta’minlashda asosiy o'rinni egallaydi.

Delegatsiya rahbari alohida ta’kidlab o'tdi:"O'zbekiston transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish masalalarida konstruktiv va maqbul hamkorlikni ma’qullaydi. Xalqaro suv konvensiyalarida transchegaraviy suv resurslaridan oqilona va odilona foydalanish, zarar yetkazmaslik hamda havza atrofidagi barcha davlatlarning manfaatlarini hisobga olish kabi me’yorlarning mustahkamlanishi ulardan hamkorlikda foydalanishning asosi bo'lishiga ishonamiz.

Shu sababli biz transchegaraviy daryolarning yuqori qismida ommaviy suv tanqisligi, halokatli ekologik, iqtisodiy hamda ijtimoiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo'lgan yirik gidrotexnik inshootlarning qurilishiga doir mustahkam pozitsiyamiz  xalqaro huquqning umume’tirof etilgan ushbu me’yorlari hamda tamoyillariga muvofiq, shuningdek, butun Orol dengizi xavfzasiga salbiy ta’sir ko'rsatishi mumkin bo'lgan xavf-xatarlarni hisobga olgan holda ko'rib chiqilishi shart, deb hisoblaymiz.

Shu bilan birga transchegaraviy daryolar rejimining ekologik hamda suv balansini saqlab qolish muhim ahamiyat kasb etadi. Mintaqaning suv yo'llarida, ayniqsa yuqori oqimda joylashgan mamlakatlarda katta ko'lamdagi loyihalarning ro'yobga chiqarilishi  qo'shni-chegaradosh davlatlar bilan majburiy kelishilgan hamda qat’iy ravishda mustaqil,  professional xalqaro ekspertizani o'tkazgan holda amalga oshirilishi kerak.

O'zbekiston global miqyosdagi tabiatni muhofaza qilish siyosatining faol ishtirokchisi sifatida istiqlolning dastlabki yillaridanoq mamlakat rivojlanishining asosiga aholi farovonligi uchun barqaror rivojlanish hamda maqbul atrof tabiiy muhitni yaratish tamoyillarini mustahkamladi.

Ayniqsa suv tarmog'ida respublikada so'nggi o'n yilning o'zida irrigatsiya va drenaj infratuzilmasini tiklash hamda modernizatsiya qilishga, suv tejovchi texnologiyalarni tatbiq qilishga, suv resurslarini integratsiya qilgan holda boshqarish tizimini rivojlantirishga, qishloq xo'jaligini diversifikatsiya qilish va boshqa shu kabilarga yo'naltirilgan 2 mlrd.dollardan oshiq miqdordagi mablag'lar hisobidan katta ko'lamli dastur va loyihalar amalga oshirildi".

B.Abdusamatov ta’kidlaganidek, so'nggi 24 yil ichida qabul qilingan chora-tadbirlar tufayli O'zbekiston suv olishni 20 %dan ortiqqa - yiliga 64 dan 51 mlrd kub.metrga, aholi jon boshiga bo'lsa deyarli ikki marotabaga qisqartirdi. 1 mln.200 ming gektar sug'oriladigan yerlarning meliorativ holati yaxshilandi.

 

Mazkur holatda hamda qishloq xo'jaligi faoliyatini yuritishning zamonaviy usullarini tatbiq etilishi tufayli agrosanoat tarmog'ida ishlab chiqarishni ikki barobar oshirish ta’minlandi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun 1993 yilda tashkil topgan Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi va uning davlatlararo institutlari Orol dengizi xavzasida ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik sog'lomlashtirish bo'yicha mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashning amaliy platformasiga aylanganligi muhim yutuq bo'ldi.

O'zbekiston Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasiga raislik qilishi davomida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan o'tgan yilning oktyabr oyida Urganch shahrida  Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish masalalariga bag'ishlangan xalqaro konferensiya o'tkazildi. Konferensiya yakunlari bo'yicha  umumiy qiymati 3 mlrd.AQSH dollariga teng bo'lgan milliy va mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan shartnoma hamda kelishuvlar imzolandiki, bu Orolbo'yi mintaqasidagi dolzarb muammolarni hal etishga yo'naltirilgan amaliy chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etish imkonini berayotgani barchamizni quvontiradi.

 "Suvga oid tashabbuslar" doirasidagi loyihalarning birinchi va ikkinchi fazalarini amalga oshirish natijasida milliy suv xo'jaligi tashkilotlari va Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi Ijroiya qo'mitasining moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, kanallarda va gidrotexnik inshootlarda ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshirildi, shuningdek, mutaxassislar salohiyatini oshirish bo'yicha chora-tadbirlar bajarildi.

O'zbekiston kelgusida ham "Berlin jarayonlari"- Markaziy Osiyo davlatlarida suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlashda texnik ko'maklashishga qaratilgan tashabbuslar doirasida  hamkorlik va sheriklik munosabatlarini rivojlantirish tarafdori.

Xalqaro hamkorlarimiz bilan ishlab chiqilayotgan hamda amalga oshirilayotgan loyihalar barcha tomonlar manfaatlarini hisobga olgan holda aniq natijalarga erishishga qaratilgan bo'lishi kerak, deb hisoblaymiz.

Germaniya manfaatlarining O'zbekiston Respublikasining prinsipial yondoshuvlariga muvofiqligini hisobga olgan O'zbekiston Germaniyaning "Suvga oid tashabbuslar" uchinchi fazasi doirasida taqdim etilayotgan loyihalarda ishtirok etish masalasini ko'rib chiqishga tayyorligini ma’lum qiladi.

Shu munosabat bilan biz kelgusidagi dasturlar doirasida taklif etilayotgan amaliy tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan muzokara hamda muhokamalarga tayyormiz.

O'z navbatida,  kelgusida hamkorlikdagi loyihalarda, ishonchimiz bo'yicha,  ustivor yo'nalishlar bo'lishi mumkin bo'lgan takliflarimiz bilan fikr almashmoqchimiz.

Gap, ta’kidlab o'tganimdek, birinchi navbatda, Orol dengizi talofatlarining salbiy oqibatlarini yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlar to'g'risida bormoqda.

Xususan, avvalgi "Suvga oid tashabbuslar" fazasi doirasidagi irrigatsiya-drenaj tizimlarini rekonstruksiya qilish, Amudaryo daryosi deltasidagi mavjud suv xavzalarini tashkil etish va rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilgan loyihalarni davom ettirish muhim hisoblanadi.

Ikkinchidan, mintaqaviy institutlar salohiyatini mustahkamlash, xususan, Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi va uning tuzilmaviy tashkilotlari, "Amudaryo" va "Sirdaryo" havza - suv xo'jaliklarining moddiy-texnik bazasi hamda kadrlar salohiyatini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi;

Uchinchidan, suv resurslari monitoringining avtomatlashgan tizimini rivojlantirish, monitoring yuzasidan davlat organlarining texnologik hamda instrumental bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy metodikalar va suv resurslarining soni, shuningdek, sifatini o'lchaydigan uskunalar bilan jihozlash;

To'rtinchidan, mintaqadagi barcha transchegaraviy daryolar bo'ylab suv o'lchovchi qurilmalarni va jihozlarni rekonstruksiya qilish bo'yicha loyihalarni amalga oshirish;

Beshinchidan, sug'orishning zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarini tatbiq qilish bo'yicha faoliyatni faollashtirish, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasidagi aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash".

Ma’ruza so'nggida ta’kidlanganidek, pragmatik va amaliy yondoshuv kelgusida ham "Markaziy Osiyo bo'yicha suvga oid tashabbuslar" dasturini ishlab chiqish hamda amalga oshirish jarayonlarida markaziy o'rinda turishi zarur.

 


2015-11-26

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika