Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi Hay’ati to'g'risidagi NIZOM

O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi Hay’ati to'g'risidagi NIZOM

 

I.        Umumiy qoidalar

1. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1996 yil 26 apreldagi "O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi Nizomi to'g'risida"gi qaroriga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi tizimida Hay’at tashkil etiladi (Nizomning 18-bandi).

         2. O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi Hay’ati O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi raisi huzuridagi maslahatlashuv organi bo'lib, u atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan foydalanish yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish bo'yicha kollektiv ravishda qarorlarni ishlab chiqilishiga mo'ljallangan. Bular quyidagilar:

      - tabiatni muhofaza qilish faoliyatining tarmoqlararo kompleks boshqaruvini amalga oshirish;

      - tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslarni iqtisod qilishning yagona siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish;

      - atrof-muhitning qulay ekologik sharoitini ta’minlash, ekologik vaziyatni sog'lomlashtirish.

       3. Hay’atning tarkibiy soni O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi raisining tavsiyasiga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

       4. Hay’at tarkibiga lavozimlari bo'yicha quyidagilar kiradilar:

- Qo'mita raisi (Hay’at raisi);

- Rais o'rinbosari;

- Qoraqalpog'iston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi raisi.

       5. O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi raisi tavsiyasiga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tasdiqlaydigan Hay’at tarkibiga Markaziy devon bo'linmalari, tasarrufidagi idoraviy organlar, korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlari kirishlari mumkin.

 

II.    Hay’at a’zolarining huquq va majburiyatlari

 

6. Hay’at raisi:

     - hay’at faoliyatini tashkillashtiradi, uning yig'ilishlarini olib boradi, hay’at a’zolari o'rtasida majburiyat va topshiriqlarni taqsimlaydi, majlis rejalari bajarilishi, hay’at qarori ijro etilishi yuzasidan umumiy nazoratni amalga oshiradi;

    - hay’at ko'rib chiqishi uchun kiritilgan masalalarni jamoaviy muhokama qilinishi va hal etilishi uchun zarur sharoitlarni yaratadi;

    - hay’at faoliyati va qabul qilingan qarorlar uchun shaxsan javobgar hisoblanadi;

       - O'zbekiston Respublikasi Prezidentini, O'zbekiston Respublikasi  Oliy Majlis Senati raisini, O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirini hay’at majlisida qabul qilingan qarorlar va ularni amalga oshirilishining  borishi to'g'risida zarur holatlarda xabardor qiladi;

       - konfidensial (maxfiy) xususiyatga ega masalalarni, shuningdek, davlat siriga taalluqli ma’lumotlarni ko'rib chiqish uchun yopiq hay’at majlisini o'tkazish to'g'risida qaror qabul qiladi;

       - sayyor hay’at majlislarini,  shuningdek, boshqa kollegial organlar bilan birgalikda majlis o'tkazish to'g'risida qaror qabul qiladi;

     -  hay’at raisi bo'lmagan holatlarda uning vazifasini rais vazifasini bajaruvchi o'rinbosarlaridan biri bajaradi.

7. Hay’at a’zolari:

-hay’at ish rejasi loyihasiga, majlis kun tartibi va uni o'tkazish tartibi bo'yicha taklif, qo'shimcha va tuzatishlar kiritish, hay’at majlisining tasdiqlangan rejasiga qo'shimcha va o'zgartirishlar kiritish, navbatdan tashqari hay’at majlisini o'tkazish to'g'risida taklif kiritish, ko'rilayotgan masalaga taalluqli hujjatlar bilan va hay’at qabul qilgan qaror ijrosi to'g'risidagi materiallar bilan tanishish, ma’ruzachi va so'zga chiquvchilarga savollar berish, muhokama qilinayotgan masalalar mohiyati bo'yicha o'z fikrini ifodalash, qabul qilinadigan qaror, hay’at yig'ilishi bayoni loyihasi bo'yicha qo'shimcha va takliflar bildirish, zarur bo'lganda ovoz berishda majlis bayoniga alohida fikr berish, yoki bayonga alohida fikrni yozma ravishda ilova qilishni talab etish;

    - masalalarni muhokama qilish va ovoz berishda teng huquqlarga ega;

    - hay’at majlisini tashkil qilish, ko'rib chiqiladigan masalalar bo'yicha materiallar tayyorlash, hay’at qarorlari bajarilishini tashkil etishda, ularning amalga oshirilishini nazorat qilishda ishtirok etadi, hay’at topshiriqlarini bajaradi;

    - hay’at majlislarida shaxsan ishtirok etishga majbur, hamda o'z vakolatlarini boshqa shaxslarga o'tkazishga haqli emas;

       - hay’at a’zolarini uning yig'ilishlarida ishtirok etishdan ozod qilish hay’at raisi yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxs ruxsati bilan amalga oshiriladi. Bunday holda hay’at a’zosi muhokama qilinayotgan masala bo'yicha o'z fikrini yozma ravishda taqdim qilish huquqiga ega.

III. Hay’at ishini tashkil qilish

8. Qo'mita  hay’ati ish rejasi  bir yilga tuziladi, hay’at a’zolari tomonidan ko'rib chiqiladi va  rais tomonidan tasdiqlanadi.

9. Hay’at ishini rejalashtirish  Qo'mitada rejalashtirishni tashkil etishning umumiy prinsiplari va talablariga muvofiq amalga oshiriladi. Hay’at majlisi zaruriyat tug'ilganda,  har chorakda,  bir marta o'tkaziladi.

10. Rejada hay’at ko'rib chiqishi uchun kiritiladigan masalalarning aniq mazmuni, ularni ko'rib chiqish muddati, masalalarni tayyorlash uchun javobgar hay’at a’zolari, qaror loyihalari va boshqa materiallarni ishlab chiqib, hay’at majlisiga kiritadigan qo'mita  boshqarma va bo'limlari (keyingi o'rinlarda - ijrochi-bo'linmalar deyiladi) ko'rsatiladi.

11. Hay’at majlisida ko'rib chiqish uchun masalalarni hay’at raisi va a’zolari, shuningdek, Qo'mita  markaziy apparatining tarkibiy bo'linmalari, hududiy qo'mitalar va respublika tashkilotlari rahbarlari hay’at mas’ul kotibi talabi bo'yicha kiritadi.

12. Navbatdagi yillik uchun hay’at majlislari rejasi loyihasiga takliflar Qo'mita hay’at kotibiga 1 dekabrgacha taqdim etiladi. Reja loyihasiga takliflar quyidagilarni o'z ichiga olishi kerak: masalalar mazmuni va ularni ko'rib chiqish uchun taklif etilgan muddatlar, ma’ruzachilar va masalalarni tayyorlash uchun javobgar shaxslarning familiyalari, ijrochi-bo'linmalar nomi (komissiya yoki ishchi guruh tarkibi).

13. Boshqa kollegial organlar bilan hamkorlikda majlis o'tkazish bo'yicha takliflar ular bilan oldindan kelishilishi, sayyor majlislar bo'yicha esa - Qo'mitaning Markaziy hisobxonasi bilan kelishilishi shart. Hay’at yig'ilishini  boshqa idoralar bilan birgalikda o'tkazish to'g'risidagi qarorlar Qo'mitaning tegishli boshqarmalari bilan oldindan kelishilgan holda qabul qilinadi.

14. Hay’at majlislari rejasi loyihasini tayyorlash va kelishish hay’at mas’ul kotibi zimmasiga yuklatiladi.

15. Hay’at mas’ul kotibi tasdiqlangan rejani, rejadan ko'chirmalarni hay’at a’zolari va ijrochi bo'limlarga tarqatadi.

16. Hay’at yoki uning raisi qarori bilan hay’at majlislarining tasdiqlangan rejasiga o'zgarishlar kiritilishi mumkin, zarur hollarda navbatdan tashqari majlislar o'tkaziladi.

 

IV. Hay’at majlislariga masalalarni tayyorlash

17. Hay’at majlisida ko'rib chiqiladigan masalalarni tayyorlash mavjud muammoning chuqur va har tomonlama tahlili, oldin qabul qilingan boshqaruv qarorlar ijrosi va chora tadbirlarning amalga oshirilishi samarasini baholash, kamchiliklar, ularni yuzaga keltirgan shart-sharoitlar va sabablarni aniqlash, vaziyatni yaxshilashga qaratilgan takliflarni ishlab chiqishni, ularni amalga oshirishda kutilayotgan natijalarni o'z ichiga oladi.

18. Zarur hollarda bevosita qo'mitaning o'zida, uning Respublika tashkilotlari va  quyi tizimlarida  ko'rib chiqilayotgan muammolar bo'yicha ishlarning ahvolini oldindan tekshirish tashkil etiladi.

19. Muhokama etilayotgan masala bo'yicha hay’at majlisiga quyidagi materiallar tayyorlanadi:

- muhokama qilinayotgan masala bo'yicha ma’lumotnoma;

- hay’at qarori, hay’at majlisi bayoni hamda hay’at majlisida ko'rib chiqilishi zarur bo'lgan boshqa hujjatlar loyihalari;

- zarur hollarda - loyihalarni tayyorlash va kelishish  jarayonida kelib tushgan e’tiroz va takliflarni amalga oshirish rad etilgani asoslangan kelishmovchiliklar to'g'risidagi hujjatlar loyihalari bo'yicha ma’lumotnoma;

- Hay’atga taklif etilgan shaxslar ro'yxati;

-  Hay’at majlisida so'zga chiqadiganlar ro'yxati;

- Hay’at raisi ko'rsatmasiga ko'ra boshqa hujjatlar.

20. Ma’lumotnoma ko'rilayotgan masala mohiyatini qisqa va ob’yektiv izohi, mazkur yo'nalishda olib borilayotgan ishlardagi kamchiliklar va ularning sabablari, ularni hal etish muammolari va usullarini o'z ichiga olishi zarur.

21. Hay’at qarorlari loyihalari belgilangan tartibda kelishiladi.

22. Majlis chaqirilmagan holda hay’atning barcha a’zolaridan so'rovnoma shaklida qabul qilingan hujjatlar loyihalarini hay’atning barcha a’zolari bilan kelishiladi va ular tomonidan viza qo'yiladi.

23. Barcha materiallar tegishli tartibda kelishiladi, hamda ularga ijrochi bo'linma rahbari, masalani tayyorlashga mas’ul shaxs va mazkur yo'nalishda rahbarlik qilayotgan  o'rinbosari tomonidan viza qo'yiladi;

Hay’at qarorlari loyihalariga masalalarni tayyorlashda ishtirok etgan va manfaatlariga daxldor qo'mita boshqarmalari boshliqlari  rahbarlari tomonidan ham viza qo'yiladi.

24. Belgilangan tartibda kelishilgan materiallar ularni tayyorlash rejalarida belgilangan muddatda, shuningdek, masala ko'rilishi rejalashtirilgan oyning 5 kunidan kechikmagan muddatda hay’at mas’ul kotibiga taqdim etiladi.

25. Belgilangan talablarga rioya qilinmagan yoki to'liq tayyorlanmagan materiallar hay’at mas’ul kotibi tomonidan qabul qilinmaydi. Olingan materiallar kamchiliklarni bartaraf etish uchun ijrochi bo'linmalarga qaytariladi, bu haqda qo'mita raisi o'rinbosariga va masalalarni tayyorlashga mas’ul shaxslarga xabar beriladi.

26. Agar hay’at materiallarini ma’lum sabablarga ko'ra belgilangan muddatda taqdim etishning imkoni bo'lmasa yoki masalani tayyorlovchi shaxsning fikricha, uni ko'rib chiqishga zarurat qolmagan bo'lsa, bu haqda hay’at raisiga yozma ravishda bildirishnoma kiritiladi.

          27. Hay’at majlisida ko'rib chiqish uchun sifatsiz tayyorlangan va kech taqdim etilgan masalalar majlis jarayonida kun tartibidan chiqarilishi mumkin, bunda aybdor mas’ul xodimlarga nisbatan intizomiy choralar ko'riladi.

28. Hay’at majlislari materiallari loyihalarining ishlab chiqilishi sifati va ularning o'z vaqtida taqdim etilishi, ulardagi ma’lumotlarning to'g'riligi uchun mas’uliyat ijrochi bo'linmalar rahbarlari va masalani tayyorlovchi shaxslar zimmasiga yuklatiladi.

29. Hay’at majlisida ko'riladigan masalalarni o'rganish, hay’at qarorlari loyihalari va boshqa materiallarni  tayyorlash yoki to'liq ishlab chiqish, shuningdek, qabul qilingan qarorlarning amalga oshirilishini tekshirish maqsadida vaqtinchalik komissiyalar va ishchi guruhlari tuzilishi mumkin. Ular faoliyatining natijalari hay’atda ma’lum qilinadi. Alohida fikri bo'lgan komissiya va ishchi guruhlari a’zolari bu haqida hay’at a’zolari yoki hay’at raisi e’tiboriga yetkazish huquqiga ega.

V. Hay’at majlislariga tayyorgarlik va ularni o'tkazish tartibi

30. Hay’at mas’ul kotibi hay’at ish rejasiga muvofiq tayyorlangan materiallar taqdim etilgandan keyin kun tartibi loyihasi va majlis ishtirokchilari ro'yxatini tuzadi, uni qo'mita raisi o'rinbosari bilan kelishib oladi.

31. Kun tartibi hay’at majlisini o'tkazish sanasi, vaqti va joyi ko'rsatilgan holda rais tomonidan belgilanadi. 

32. Hay’at mas’ul kotibi navbatdagi majlis oldidan materiallarni olishda ularning adadi va hay’at a’zolariga, hamda vazirlikning tegishli boshqarma va bo'limlariga tarqatilishini tashkillashtiradi.

33. Hay’at majlislariga Qo'mita markaziy apparati tarkibiy bo'linmalari, uning hududiy  qo'mitalari  va Respublika tashkilotlari rahbarlari, davlat hokimiyati organlari va ommaviy axborot vositalari vakillari, ilmiy xodimlar va mutaxassislar taklif etilishi mumkin.

34. Hay’at majlislariga taklif etilgan Qo'mitaning tarkibiy bo'linmalari, hududiy  qo'mitalari  rahbarlari, shuningdek, boshqa vazirlik va idoralarning mansabdor shaxslari, jamoat birlashmalari va ommaviy axborot vositalari vakillari hay’at mas’ul kotibi tomonidan rais yoki uning topshirig'iga ko'ra, rais tomonidan tasdiqlangan ro'yxat bo'yicha majlis haqida xabardor qilinadi.

35. Hay’at mas’ul kotibi hay’at majlislarini tashkillashtirish va o'tkazishda qatnashadigan Qo'mitaning texnik, xo'jalik va boshqa bo'linmalarini majlisdan xabardor qiladi, ularning o'zaro aloqasini ta’minlaydi, ular tomonidan tashkil etilgan tadbirlarni muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi. 

36. Hay’at mas’ul kotibi majlislar oldidan ishtirokchilarni ro'yxatga olishni tashkillashtiradi. Ro'yxatga olish yakunlangach, mas’ul kotib hay’at raisi (raislik qiluvchi)ga taklif etilgan shaxslar kelgani haqida xabar beradi.

37. Hay’at majlisiga taklif etilgan shaxslar, xususan, ularga tegishli masalalar muhokamasida ishtirok etadi. Rais (raislik qiluvchi)ning ruxsati bilan ular muzokaralarda qatnashishi, e’tirozlar va takliflar berishi, muhokama qilinayotgan masalalar va tayyorlangan hujjatlar loyihalari mohiyatiga oid ma’lumotlar berishi mumkin.

38. Hay’at raisi (raislik qiluvchi) majlisni ochadi va yopadi, hay’at a’zolarini majlisga taklif etilgan shaxslar haqida xabardor qiladi, masalalar muhokamasini tashkillashtiradi (ma’ruza uchun so'z beradi, reglamentga amal qilinishni nazorat qiladi, tayyorlangan hujjatlar loyihalari va ko'rilayotgan masalalar yuzasidan takliflarni ovozga qo'yadi, ovoz berish natijalarini e’lon qiladi), so'rovlar, ma’lumotlar, ariza va takliflarni ma’lum qiladi.

39. Hay’at majlisi kun tartibi va uni o'tkazish tartibini aniqlash hamda tasdiqlashdan boshlanadi.

40. Ma’ruza uchun qoidaga ko'ra 20 daqiqagacha, muzokaralarda fikr bildirish uchun - 7  daqiqagacha,  e’lon va  ma’lumotlar  uchun 3 daqiqagacha vaqt  ajratiladi. Zarur hollarda rais  (raislik qiluvchi) ma’ruzalar uchun vaqtni o'zgartirishi mumkin.

41. Hay’at majlisida masalalar muhokamasi jarayonida hujjatlar loyihasi bo'yicha kiritilgan prinsipial qo'shimcha va takliflar ko'rib chiqilishi kerak. Muhokama natijalari rais ko'rsatmasiga binoan majlis bayoniga kiritiladi.

42. Hay’at majlisining yozib olinishi va stenografik yozuvi, kino, video tasvirga va suratga olish rais (raislik qiluvchi) bilan kelishilgan holda, yoki hay’at  qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

43. Majlisni yozib olish, stenogramma yozuvini olib borish, kino, video tasvirga va suratga olish ishlarini tashkil etish hay’at mas’ul kotibi zimmasiga yuklatiladi, u Qo'mitaning  tegishli boshqarma, hamda bo'limlari kuchlari va vositalaridan foydalanib ishni tashkil etadi.

44. Majlislar yakunlangach, hisobot va ma’ruzalar matnlari hay’at mas’ul kotibiga topshiriladi.

 

VI.  Hay’at qarorlarini qabul qilish tartibi

45.     Hay’at majlisi unda a’zolarning yarmidan ko'p qismi qatnashsa vakolatli hisoblanadi.

46.     Har bir muhokama qilinayotgan masala bo'yicha qaror majlisda qatnashayotgan hay’at a’zolarining ko'pchilik ovozi bilan   qabul qilinadi.

47.     Hay’atning tashkiliy, tartib-tamoil va nazorat masalalar bo'yicha qarorlari majlis bayoniga kiritiladi. Ulardagi ko'rsatma (topshiriq)lar belgilangan tartibda majburiy ravishda bajarilishi lozim.

48.     Alohida hollarda shoshilinch masalalar yuzasidan hay’at qarorlari so'rov tartibida qabul qilinishi mumkin.

49.     Qo'mita hay’ati va boshqa kollegial organlarning qo'shma majlisida qabul qilingan qarorlar, qo'shma buyruqlar bilan e’lon qilinadi.

50. Fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlariga tegishli bo'lgan yoki idoralararo xususiyatga ega hay’at qarorlari belgilangan tartibda O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan davlat ro'yxatiga olinishi shart.

          51. Hay’at tomonidan ko'rib chiqilgan va qo'llab-quvvatlangan hujjatlar loyihalari (nizomlar, yo'riqnomalar, rejalar va boshqa hujjatlar) belgilangan tartibda tasdiqlanadi hamda amalda qo'llaniladi.

 

VII. Hay’at majlisining hujjatda rasmiylashtirilishi

52. Hay’at majlisi yakunlari bo'yicha qisqa bayon tuziladi. Bayonda quyidagilar ko'rsatiladi:

- uning tartib raqami, majlisning o'tkazilish vaqti, joyi, raislik qiluvchi shaxs, hay’atning qatnashgan a’zolari, taklif etilganlar ismi-sharifi va lavozimi, ko'rib chiqilgan masalalar, ma’ruzachilar va so'zga chiqqanlarning ismi-sharifi, tashkiliy boshqaruv xususiyatga ega qarorlar, hamda aniq topshiriqlar. Bayonga kiritilgan topshiriqlar mansabdor shaxslar (ijrochi bo'linmalar) va amalga oshirish muddatlari ko'rsatilgan holda qisqa shaklda ifoda etilgan bo'lishi lozim;

- bayonlarni kelishish va rasmiylashtirish hay’atning mas’ul kotibi zimmasiga yuklatiladi;

- bayonga Qo'mitaning  tegishli tarkibiy bo'linmalari rahbarlari, ishlarni tashkil etishga mas’ul bo'lgan rahbari, zarur hollarda Qo'mita raisi  o'rinbosari tomonidan viza qo'yiladi, hay’atning boshqa a’zolari bilan kelishiladi;

- bayonni ko'rib chiqish va kelishish birinchi galdagi vazifa sifatida amalga oshiriladi. Bayonni tayyorlash maqsadida Qo'mitaning tegishli  bo'linmalari jalb etilishi mumkin.

53. Bayon hay’at raisi (raislik qiluvchi shaxs) tomonidan imzolanadi va mas’ul kotib tomonidan tasdiqlanadi.

54. Bayonga yozma ma’ruzalar, qatnashchilarning nutqlari va boshqa hujjatlar, shuningdek, rais (raislik qiluvchi shaxs) yoki hay’at qaroriga binoan majlis stenogramma yozuvlari ilova qilinadi.

55. Bayondan ko'chirmalar Qo'mitaning tegishli bo'linmalari rahbarlariga, uning hududiy tashkilot va muassasalari rahbarlariga yuboriladi;

55.1. Bayondan ko'chirmalar hay’at mas’ul kotibi tomonidan tasdiqlanadi.

 

VIII. Hay’at qarorlari va boshqa hujjatlar loyihalarini

qayta ishlash tartibi

56. Hay’at majlisida muhokama etilgan qaror loyihalari, boshqa hujjatlarning bevosita qayta ishlab chiqilishi va ularni kelishish ijrochi bo'linmalar zimmasiga yuklatiladi. Hujjatlarni qayta ishlab chiqish muddati agar u alohida belgilanmagan bo'lsa, qoidaga ko'ra 10 kalendar kunidan oshmasligi kerak. 

Hujjatlar loyihalariga qayta ishlab chiqish jarayonida muhim o'zgarishlar kiritilgan bo'lsa, qayta viza qo'yilishi kerak.

 Belgilangan tartibga qo'shimcha ravishda to'liq ishlab chiqilgan hujjatlar loyihalari majlis paytida muhokama etilgan qo'shimcha va takliflar bildirgan hay’at a’zolari bilan kelishiladi va ularga viza qo'yiladi. 

57. Hay’at mas’ul kotibi hujjatlar loyihalarini to'liq ishlab chiqish, loyihalarni kelishishda ishtirok etadi, barcha qo'shimcha va takliflarni amalda to'liq joriy etilishini nazorat qiladi.

58. Hay’at raisligi imzolash uchun tayyorlangan qarorlar, ularni e’lon qiluvchi buyruqlar, boshqa hujjatlar belgilangan tartibda hisobot bilan topshiriladi.

IX. Hay’at qarorlarining ijrosi nazorati

 

59. Hay’at qarorlarining bevosita ijrosini nazorat qilish va undagi topshiriqlarni mazmun-mohiyatiga ko'ra amalga oshirish mas’ul hay’at a’zolari zimmasiga yuklatiladi, shu bilan birga, hay’atning barcha a’zolari tomonidan ish jarayonida amalga oshiriladi.

60. Qo'mita hay’at  qarorlarida aks ettirilgan topshiriqlar ijrosining shakli, muddatlari va topshiriqlari bo'yicha joriy nazorati hay’at  mas’ul kotibi zimmasiga yuklatiladi.

61. Hay’at muntazam ravishda o'z majlislarida qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish ishlari jarayonini ko'rib chiqadi, ularni amalga oshirilishi nazoratiga mas’ul shaxslar, Qo'mita bo'linmalari va uning hududiy organlari rahbarlarining bajarilgan ishlar bo'yicha hisobotini tinglaydi.

         61.1 Doimiy ravishda o'z faoliyatiga yakuniy baho berib boradi, shuningdek, hay’at qarorlarini tayyorlash va amalga oshirishda hay’at a’zolarining ish natijalarini ko'rib chiqadi.

         62. Hay’at qarorining kadrlar masalasi bo'yicha ijrosi Kadrlar bo'limi tomonidan Ekologik huquq bo'limi bilan kelishilgan holda tayyorlangan buyruqlar bilan rasmiylashtiriladi.

         63. Hay’at qarori bandlarini bajarilishini nazorat qilish, ushbu band yo'nalishlari bo'yicha mas’ul bo'lgan Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasining Bosh boshqarma, boshqarma, bo'lim yoki bo'linmaga yuklatiladi.

Bu borada ishlarni muvofiqlashtirish qarorni tayyorlagan mas’ul Bosh boshqarma, boshqarma, bo'lim yoki bo'linmaga yuklatiladi. Bunda Hay’at kotibi tomonidan (qaror tarqatilgan kundan boshlab 3 kun muddatda) Qarorga nazorat varag'i ochilib, nazorat rejasi ishlab chiqiladi. Ushbu nazorat varag'iga/rejasiga asosan qaror bandlarini belgilangan muddatlarda bajarilishi holati bo'yicha har chorakda (agar aniq muddatli bo'lsa, o'rnatilgan muddatga) mas’ul Bosh boshqarma, boshqarma, bo'lim yoki bo'linma tomonidan Hay’at kotibi nomiga ma’lumotnomalar taqdim qilib boriladi.

64. Hay’at karori bandlarini nazoratdan chiqarish, ushbu bandning bajarilganligi to'g'risidagi ma’lumotnoma asoslanib, mas’ul Bosh boshqarma, boshqarma, bo'lim va bo'linma bilan kelishilgan holda Hay’at raisiga kiritilib, raisning topshirig'i asosida, Hay’at kotibi tomonidan amalga oshiriladi.

 

X. Hay’atning mas’ul kotibi

65. Hay’at mas’ul kotibi hay’at qaroriga muvofiq  Qo'mita  boshqaruvi organi xodimlari orasidan tayinlanadi.

66. Hay’at mas’ul kotibi quyidagilarni bajaradi:

 - qo'mitaning  hay’at majlislarini tashkillashtirish bilan bog'liq tadbirlarini amalga oshiradi;

 - qo'mita raisi o'rinbosari, markaziy apparat tarkibiy bo'linmalari rahbarlari bilan kelishilgan Qo'mita  hay’ati ish rejasi loyihalarini  Qo'mita raisi  tomonidan tasdiqlashga tayyorlaydi;

 - markaziy apparat bo'linmalari rahbarlari tomonidan materiallarning hay’atga taqdim etilishi nazoratini ta’minlaydi;

 - qo'mita raisi va o'rinbosarlari roziligi bilan qoniqarsiz deb topilgan hujjatlarni qayta ishlab chiqish uchun qaytaradi;

 - hay’at materiallarini hay’at a’zolari topshirig'iga binoan boshqa shaxslarga o'z vaqtida ko'paytirilishi va tarqatilishini ta’minlaydi;

 - hay’at majlisini o'tkazish (zalni tayyorlash, majlis ishtirokchilarini ro'yxatga olish, majlis bayonini yuritish hay’at majlislarining audio va stenogramma yozuvlarini yuritish)ni tashkillashtirish ishlarini ta’minlaydi;

 - hay’at majlislari bayonlarini hay’at raisiga imzo qo'yish uchun tayyorlaydi;

 - muhokama etilgan masalalar yuzasidan qatnashchilar tomonidan bildirilgan qo'shimcha va takliflarni e’tiborga olgan holda  hay’at qarorlari va u qabul qilgan hujjatlarning ularni hay’atga taqdim etgan mansabdor shaxslar tomonidan qayta ishlab chiqilishini ta’minlaydi;

 - hay’at  raisiga imzoga taqdim etish uchun hujjatlarni tayyorlaydi.

 - hay’at raisi tomonidan imzolangan hujjatlarini o'z vaqtida ko'paytirish, ularni Qo'mita  mansabdor shaxslariga, uning  Respublika tashkilotlariga va hududiy qo'mitalariga ijro uchun yetkazilishini tashkillashtiradi;

- belgilangan shakli va muddatida hay’at qarorlarini amalga oshirilishini nazorat qiladi.

 

XI. Qarorlar ijrosi bo'yicha hisobotlar

66. Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasining Bosh boshqarma, boshqarma, bo'lim va bo'linmalari, hamda Qorakalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qo'mitalari Hay’at qarorlarini bajarilishi to'g'risida yilning hisobot choragi yakuni bo'yicha keyingi oyning 3 sanasiga qadar Hay’at kotibiga hisobotlar taqdim qilib boradi.

67. Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qo'mitalari Hay’at qarorini bajarish bo'yicha ishlab chiqilgan ish rejalar, hamda Hay’at qarorini bajarilishini ta’minlashga qaratilgan hududiy qo'mitalarda qabul qilingan Hay’at qarorlarining bajarilishi to'g'risidagi hisobotlarni taqdim qiladilar.

68. Hay’at kotibi, yilning har hisobot choragi yakunlari bo'yicha Hay’at qarorlarining bajarilishi bo'yicha hisobotlarni umumlashtiradi, tahlil qiladi, hamda belgilangan muddatlarda bajarilmagan va mavjud kamchiliklar bo'yicha ma’lumotnomani yilning hisobot choragidan keyingi oyning  10 sanasiga qadar Hay’at raisiga taqdim qilib boradi.

69.Hay’at qarorlarining bajarilishi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasining har chorak yakunlariga bag'ishlangan kengaytirilgan Hay’at majlislarida muhokama qilib boriladi.

 

 


2015-11-30

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika