Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > CHIQINDILARNING ATROF-MUHITGA SALBIY TA’SIRI

CHIQINDILARNING ATROF-MUHITGA SALBIY TA’SIRI

Bugungi kunda atmosfera havosiga turli sanoat korxonalaridan har xil ko‘rinishdagi – gazsimon, suyuq va qattiq chiqindilar chiqarib tashlanmoqda. Bu, o‘z navbatida, atrof-muhitning ifloslanishiga sabab bo‘lmoqda. Eng mukammal texnologiyalarga ega har qanday zamonaviy korxona ham chiqindilar ajratib chiqarishi tabiiy hol. Hozirgi kunda insoniyat oldida ishlab chiqarish jarayonida ajralgan chiqindilarning ekologik jihatdan bezararligini ta’minlash, atrof-muhitga xavf keltirmaydigan texnologiyalarni yaratish muammosi turibdi. Chunki chiqindilarning aksariyat qismi zararsizlantirilmay, tozalanmay atrof-muhitga chiqarib tashlanmoqda. Ularning salbiy ta’siri natijasida esa atrof-muhit uchun turli noxush holatlar yuzaga kelmoqda.

Bahor va kuz oylarida xazonlarni yoqish holatlari tez-tez uchrab turadi. Albatta, bir qarashda bu usul qulay: barcha chiqindini to‘playmiz va yoqamiz. Xazon va turli chiqindilar bilan bir qatorda plastik idishlar, polietilen paketlar, binolarning ta’miridan qolgan turli plastmassa qoldiqlari, issiqxona plyonkalari, ruberoidlar va shu kabilarni yoqish ham urfga aylandi. Bir tonna chiqindi yondirilganda, atmosferaga 5000m3 dan ziyod gazsimon chiqindilar ajralib chiqadi. Ularning tarkibida zaharli moddalar (masalan, dioksinlar) ko‘p bo‘ladi.

Shaharlarda qishloq joylaridan farqli o‘laroq, chiqindilarni yoqish holatlari ancha kamaygan. Buning sababi, chiqindilardan ikkilamchi xomashyo sifatida foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Hosil bo‘lgan chiqindilar obodonlashtirish xizmati xodimlari tomonidan maxsus texnika vositasida belgilangan joylarga tashilmoqda. Hududlarni chiqindilardan doimiy tozalash, ularni tashish va qayta ishlash uchun maxsus chiqindi tashish texnikasidan foydalanilmoqda.

Do‘kondan biron-bir mahsulot xarid qilsangiz, sotuvchi darrov uni polietilen xaltachaga o‘rab beradi. Aynan ana shu polietilen paketlar polivinilxlorid moddasidan tayyorlanadi. U qurilish materiallari, turli xildagi mebellar, idish-tovoqlar, bolalar o‘yinchoqlarini ishlab chiqarishda keng qo‘llaniladi. Mazkur modda qo‘shib tayyorlangan mahsulotlarning yonishi, hattoki qizishi natijasida nafaqat is gazi va tutunlar, balki zaharli gazlar, jumladan, xavfli kimyoviy modda sanalmish dioksinlar hosil bo‘ladi. Dioksinlarning xavfli xususiyatlaridan biri u hujayra darajasida ta’sir ko‘rsatadi. Barcha tirik jonzotlar va ko‘plab o‘simliklarni nobud qiladi. Bunday moddalarning xavfli ta’siri bir necha o‘n yillar davomida saqlanib turadi, eng qizig‘i, bu turdagi zaharli moddalar kimyoviy va biologik parchalanmaydi.

Dunyo aholisi yil davomida 4 trln. donaga yaqin polietilen paketdan foydalanar ekan. Polietilen va plastik chiqindilarning atrof-muhitga chiqarib tashlanishi oqibatida har yili 1 mln. dona qush, 100 ming dengiz sutemizuvchisi va baliqlar nobud bo‘lmoqda. Dunyo okeaniga har yili 6 mln. 300 ming tonna chiqindi tashlanadi, shuning asosiy qismini polietilen va plastik mahsulotlari tashkil qiladi. Ular tabiiy muhitda salkam bir asr saqlanadi.

Atrof-muhitni polietilen paketlar bilan ifloslantirmaslik maqsadida 40 dan ortiq davlatda polietilen paketlar ishlab chiqarish va sotish chegaralangan yoki umuman taqiqlangan.

Masalan, marokashliklar bir yilda 26 mlrd. dona polietilen paketdan foydalanar ekan. Ayni paytda Marokash dunyoda polietilen paketlardan foydalanish bo‘yicha AQSHdan keyingi o‘rinda turadi. Biroq yaqinda Marokash hukumati polietilen paketlarni butunlay taqiqlash to‘g‘risida yangi qonun qabul qildi. Unga ko‘ra, import mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilar bilan kelishilgan holda polietilen paketlarni mamlakat hududida tarqatish taqiqlab qo‘yildi.

Daniyada 1994 yildan boshlab savdo markazlarida polietilen paketdan foydalanganlik uchun soliq to‘langan, undan foydalanganlarga qo‘shimcha to‘lov joriy etilgan. Shundan so‘ng, polietilen paketlardan foydalanish 90 foizga kamaygan. Irlandiyada paketlar narxining oshishi ulardan foydalanish miqdorini 94 foizga qisqartirgan.

Hozirgi paytda sanoati rivojlangan mamlakatlarda sutkasiga 600-700 tonna chiqindilarni yondiruvchi zavodlar qurilmoqda. Bunday zavodlarni aholi turar joylaridan 300-500 m. uzoqlikda qurish mumkin, chunki ularning o‘chog‘idagi chiqindilar 1000-13000S atrofida yonadi va chiqindilar bunday yuqori haroratda yonganda tutun chiqmaydi, kuli esa chang ushlagich qurilmalari yordamida ushlab qolinadi. Hosil bo‘lgan issiqlikdan hammomlarda, korxonalarda va elektr energiyasi olishda foydalaniladi.

O‘zbekistonda polietilen paketlardan foydalanish hozircha taqiqlanmagan. Ammo buni cheklash yoki umuman taqiqlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rib chiqish vaqti keldi, nazarimizda. O‘ylaymizki, qabul qilinadigan qarorlar, ko‘riladigan chora-tadbirlar aholining ekologik madaniyati oshishiga ko‘maklashadi. Zero, yurtimizni, ona tabiatimizni asrab-avaylash har birimizning burchimizdir.

 

A.HAMDAMOV, D.IGAMBERDIYEVA, F.VALIYEVA

Namangan muhandislik-pedagogika instituti o‘qituvchilari


2016-10-26

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika