Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > QURILISH MATERIALLARI SANOATINING EKOLOGIK MUAMMOLARI

QURILISH MATERIALLARI SANOATINING EKOLOGIK MUAMMOLARI

Bugun ishlab chiqarishda ekologik muammolarni hal qilish, chiqindilarni qayta ishlash texnologiyalarini joriy etish, ekologik xavfsiz qurilish materiallarini ishlab chiqarish asosiy masalalar sirasiga kiradi.

Qurilish materiallari sanoati tabiiy resurslarni eng ko‘p iste’mol qiluvchi soha hisoblanadi. Qurilish materiallarini tayyorlash uchun yiliga 3 mlrd. tonnaga yaqin xomashyo – qum, tuproq, gips, ohaktosh, granit, bazalt kabi cho‘kindi va otqindi jinslar qazib olinadi hamda qayta ishlanadi. U atmosfera va yerni ifloslantiruvchi eng asosiy manbalardan hisoblanadi. Atmosfera havosini chang bilan ifloslantirish bo‘yicha qurilish materiallari sanoati birinchi o‘rinda turadi.

Biroq qurilish materiallari sanoati boshqa sanoat tarmoqlarining chiqindilaridan ham samarali foydalanadi. Hozirgi vaqtda bu tarmoqda har yili boshqa sanoat tarmoqlarida hosil bo‘ladigan 300 mln. tonnadan ziyod turli xil chiqindilardan foydalanilmoqda hamda ulardan ko‘p miqdorda sement, yumshoq qoplama materiallar, shisha, keramik buyumlar hamda boshqa qurilish materiallari olinmoqda.

Issiqlik elektr stansiyalarida hosil bo‘lgan qurum va toshqollar asosida 115 turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarilmoqda. BMTning Yagona Ekologik Hay’ati ma’lumotlariga ko‘ra, bunday chiqindilardan foydalanish Germaniyada 80 foizni, Fransiyada 65 foizni, Buyuk Britaniyada 53 foizni va Belgiyada 44 foizni tashkil etadi. Umuman, qurilish materiallari sanoati boshqa sanoat tarmoqlaridan farqli o‘laroq, o‘zining xomashyo bazasini tog‘-kon va qayta ishlash tarmoqlari chiqindilari asosida tashkil qilishi maqsadga muvofiqdir.

Qurilishi sanoati korxonalariga xos muhim ekologik muammolaridan yana biri ishlab chiqarish jarayonida ko‘p miqdorda chang ajralib chiqishi bilan bog‘liq. Bu boradagi ko‘rsatkich sement ishlab chiqarish korxonalarida ayniqsa yuqori. Ishlab chiqarilayotgan sementning 20 foizga yaqini chang tozalash qurilmalarining yaxshi ishlamasligi tufayli atrof-muhitga chiqarib yuborilmoqda. Bunday chang aylanma pechlardan ajralib chiqayotgan chiqindi gazlar bilan birga tarqaladi. Shu bilan birga, xomashyoni maydalash, quritish va kukunlashda hamda klinkerni sovitishda, omborlardagi yuklash-tushirish ishlarida ham ko‘p miqdorda chang ajralib chiqishini kuzatish mumkin. Chang hosil bo‘lishini kamaytirish uchun chang hosil qiluvchi materiallarning tushish balandligini kamaytirish, tashilayotgan va sochilayotgan materiallarni namlash ham lozim bo‘ladi. Aylanma pechlarga biriktirilgan chang tortgichlar, quritish barabanlari hamda shamollatish qurilmalari yordamida so‘rib olingan havo va gazlar chang yutish qurilmalariga yuboriladi.

Hozirda atrof-muhit ifloslanishining oldini olish va xomashyo resurslaridan samarali foydalanish chiqindisiz texnologiyalarni joriy etish orqali amalga oshiriladi. Chiqindisiz texnologiyada tabiiy resurslardan oqilona foydalaniladi va natijada atrof-muhit muhofazasi birmuncha yaxshilanadi. Chiqindisiz texnologik jarayonlarni va ularga asoslangan ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish kimyoviy texnologiyaning eng dolzarb muammolaridan biri hisoblanadi. Bu muammo aholining iqtisodiy imkoniyatlari va turmush darajasini oshirishda katta ahamiyatga ega. Chiqindisiz ishlab chiqarishda moddiy va energetik oqimlarning yopiq optimal texnologik sxemalari yaratiladi. Chiqindisiz texnologik jarayonlarni yaratish bir necha yo‘nalishda olib boriladi. Bunda minimal solishtirma suv iste’molini ta’minlovchi, boshlang‘ich xomashyoni zararsiz xomashyoga almashtirish bilan bog‘liq texnologik jarayonlar ishlab chiqiladi va uchish xossasiga ega bo‘lgan erituvchilar texnologik jarayondan chiqarib yuborishga harakat qilinadi. Shu taxlit energotexnologik sxemalarni yaratish va oqava suvlarni tozalashning yuqori samarali usullarini joriy etish, chiqindilarni minimal darajaga keltirish imkonini beradi.

Bunday ishlab chiqarish jarayonlarida xomashyo va energiyadan maksimal darajada to‘liq foydalanish, oraliq mahsulotlar va chiqindilarni ushlab qolish va zararsizlantirish, texnologik jihozlarni takomillashtirish va moddiy oqimlarni qaytadan ishlab chiqarishga qaytarish uchun mahalliy tozalash usullaridan foydalanish imkoni tug‘iladi.

Bu borada tabiiy xomashyo resurslari tarkibidan foydali mahsulotlarni maksimal darajada to‘liq ajratib olish uchun ularga ishlov berishning kompleks sxemalarini ishlab chiqish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

 

G‘.AVALBOEV, Z.NORQULOVA

Jizzax politexnika instituti o‘qituvchilari


2016-10-27

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika