Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


2 Fevral – BUTUNJAHON SUV-BOTQOQLI HUDUDLAR KUNI

Joriy yilning 2-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan “2 fevral – Butunjahon suv-botqoqli hududlar kuni”ga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mas’ullari va xodimlari, Toshkent ovchilar va baliqchilar birlashmasi, O‘zbekiston Qushlarni muhofaza qilish jamiyati, vazirlik, idoralar, ta’lim muassasalari, jamoatchilik tashkilotlari vakillari, olimlar, ornitolog mutaxassislar hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.

Ta’kidlandiki, biologik rang-baranglikni ta’minlashda suv-botqoqli hududlar muhim ahamiyatga ega. Sababi, bunday tabiat landshaftlari qushlar, suv jonivorlari va o‘simliklarining ko‘payishi uchun qulay. Qolaversa, ushbu hayotbaxsh manbalardan hosil bo‘lgan mikroiqlim unga tutash mintaqalarning gullab-yashnashiga ham xizmat qiladi. Shu bois jahonda suv-botqoqli hududlarni muhofaza qilishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Dunyo ekologlari har yili 2-fevral sanasini “Butunjahon suv-botqoqli hududlar kuni” (World Wetlands Day) sifatida keng nishonlab kelishmoqda. Bunga 1971-yilda Kasbiy dengizining janubiy qirg‘og‘ida joylashgan Ramsar shahrida asos solingan.

O‘sha yili bu yerda xalqaro ahamiyatga molik bo‘lgan, asosan, suvda suzuvchi qushlar yashovchi suv-botqoqli hududlar muhofazasiga qaratilgan Konvensiya imzolangan edi. “Ramsar Konvensiyasi” deb yuritiladigan ushbu xalqaro hujjatni dunyoning 169 ta davlati ratifikatsiya qilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi unga 2001-yilda a’zo bo‘lgach, Konvensiya 2002-yilning 2-fevralidan kuchga kirdi. Shundan buyon mamlakatimizda ushbu sana keng nishonlanadi.

Ramsar Konvensiyasi xalqaro ahamiyatga molik suv-botqoqli hududlar ro‘yxatini shakllantirish, ularning muhofazasini kuchaytirishda muhim huquqiy asos hisoblanadi. Bugungi kunga kelib, Ramsar Konvensiyasiga kiritilgan xalqaro ahamiyatga ega suv-botqoqli hududlar 2231 tani tashkil etib, ularning umumiy maydoni 2,1 mln. kvadrat kilometrdir.

Tabiatning bunday noyob go‘shalari yurtimizda ham ko‘plab topiladi. Ular orasida bugungi kunga qadar ikkitasi – “Dengizko‘l” va “Aydar – Arnasoy” ko‘llar tizimi ushbu ro‘yxatga kiritilgan.

Ta’kidlandiki, yurtimizda tabiiy suv-botqoqli hududlar – daryolar, ko‘llar, suv omborlari hamda irrigatsion tizimlar mavjud. Umumiy suv hajmi 19,4 mlrd. kub metrga teng bo‘lgan 53 ta suv ombori bor. Mamlakatimizda mavjud 500 ta ko‘l havzalarida suvda suzuvchi va suv oldi qushlarining 150 dan ziyod turi mavjud bo‘lib, ular ornitofaunaning 32,5 foizini tashkil qiladi. Shuningdek, ulardan 20 turga yaqini Xalqaro va O‘zbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan. Shu bois keyingi yillarda suv havzalarini qayta tiklash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilayapti. Suv havzalarining hududi kengayib, to‘qayzorlar holati tubdan yaxshilanmoqda.

Suv-botqoqli hududlarni qo‘llab-quvvatlashning muhimligi, ahamiyati nafaqat uchib o‘tuvchi-suvda suzuvchi va suv oldi qushlarining yashash joylari, balki o‘troq ornitofauna vakillari bilan ham belgilanadi. Vetlandlar salohiyati qishloq xo‘jaligi faoliyatini yuritish uchun keng imkoniyatlarni yaratadi: baliqchilik, fermer xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish va boshqalar.

Aynan vetlandlarning holati, birinchi navbatda mahalliy iqlim sharoitlarining barqarorligini ta’minlab, suv resurslari holatini baholashning o‘ziga xos indikatori sanaladi.

Butunjahon suv-botqoqlik kuni jahon jamiyatini, turli mamlakatlar, ekologik harakatlar rahbarlarining e’tiborini har bir mamlakat va, umuman, butun dunyoda suv-botqoqli ekotizimlarning barqaror rivojlanishga ko‘maklashish va biologik xilma-xillikni saqlashdagi muhim roliga e’tiborini qaratishga xizmat qiladi.

Tadbirda yurtimiz ko‘llari ornitofaunasi, ularning noyob landshaft-geografik xususiyatlari, ularni muhofaza qilish istiqbollari, suv-botqoqli hududlar, suvda suzuvchi qushlarni o‘rganish va muhofaza qilish bilan bog‘liq qator ma’ruzalar tinglandi.

2007-yilda O‘zbekiston Qushlarni muhofaza qilish jamiyati tashkil etilgani, ayniqsa, mamlakatimiz ornitofaunasini chuqur tadqiq qilish, xususan, suvda suzuvchi qushlar monitoringini olib borish imkonini berdi.

Har yili yurtimizga 4 milliondan ziyod suvda suzuvchi qushlar uchib kelmoqda. Ular tabiiy ko‘llar atrofida in qurib, polapon ochadi va yana boshqa o‘lkalarga uchib ketadi. Shuningdek, doimiy yashaydigan qushlar ham kam emas. Ornitolog mutaxassislarimiz yanvar oyining o‘rtalarida o‘tkaziladigan hisobga olish tadbirlarida bunga ko‘p bor guvoh bo‘lishgan. Xususan, Samarqand, Buxoro va Toshkent viloyatlaridagi suv havzalarida 41 turga mansub salkam 4 mingta suvda suzuvchi qushlar hisobga olingan.

Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hududiy bo‘linmalari, shuningdek o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish Davlat inspeksiyasi inspektorlari yurtimizdagi suv-botqoqli hududlarning biologik xilma-xilligini muhofaza qilish hamda uni asrab-avaylashda jonbozlik ko‘rsatmoqdalar. Ular tomonidan o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish qonunchiligi buzilishi bo‘yicha 5141 ta holat aniqlangan bo‘lib, shulardan 1222 tasi suv-botqoqli hududlar bilan bog‘liq.

Tadbir davomida anjuman ishtirokchilari tomonidan ko‘plab fikr-mulohazalar bildirildi, shuningdek ular o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga to‘liq va atroflicha javob olishdi.

 

 

Tabiatni muhofaza qilish

davlat qo‘mitasi

Axborot xizmati

Muhokama

O'z fikringizni qoldiring

Plain text

  • No HTML tags allowed.
  • Web page addresses and e-mail addresses turn into links automatically.
  • Lines and paragraphs break automatically.

2017-02-03

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika