Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > EKOLOGIYANING GLOBAL VA LOKAL MUAMMOLARI

EKOLOGIYANING GLOBAL VA LOKAL MUAMMOLARI

Ekologik muammolar XXI asrning eng dolzarb muammolari bo‘lib qoldi. Insoniyat, hayvonot dunyosi va o‘simliklarning kundalik hayoti bevosita atrof-muhit bilan o‘zaro munosabatiga bog‘liq. Biz yashab kelayotgan Yer sayyorasi bir qarashda  necha-necha milliard yillardan beri o‘zgarishsiz mavjud bo‘lib, uning o‘lchamlari  ham cheksizdek, har xil mintaqalar alohida-alohida joylashgan va ularning bir-biriga aloqasi go‘yoki yo‘qdek tuyuladi. Aslida esa hammasi butunlay boshqacha.

Yerdagi barcha tirik mavjudot, birinchi navbatda, odamzod uzluksiz nafas oladi. Insonning eng asosiy ozuqasi havo hisoblanadi. Biz nafas olar ekanmiz, burun va og‘zimizdan kirgan havo to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘pkamiz orqali qonga qo‘shiladi. Butun tanamizni, ayniqsa, bosh miyamizni oziqlantiradi. Bu jarayon bir necha daqiqa to‘xtab qolgan taqdirda muqarrar halokat yuz beradi. Bundan tashqari, odamzod va boshqa jonzotlar suv hamda turli xil ozuqa moddalari bilan oziqlanadi. Biz iste’mol qiladigan meva, poliz ekinlari, sabzavotlar esa yerdan oladigan ozuqa bilan birga havodan ham nafas oladi. O‘simliklarning ozuqasi jonzotlarnikining aksi bo‘lib, ular tirik organizmlarning chiqindi gazlari bo‘lgan karbonat angidrid va boshqalarni iste’mol qilib, o‘zidan kislorod chiqaradi. Shunday qilib, tabiatda mutanosiblik hosil bo‘ladi. Lekin atrof-muhitga tarqalayotgan me’yoridan ortiq zararli chiqindilarning barchasini o‘simliklar o‘zlashtira olmaydi. Ortiqcha zararli moddalar o‘simlik va mevalarda yig‘ilib qoladi hamda ularni iste’mol qilgan odamlaru butun jonzotlarni zaharlaydi. Natijada, tirik jonzotlar va o‘simliklar o‘rtasida million yillardan beri hukm surib kelayotgan mutanosiblikka putur yetadi.

Taassufki, kundalik hayotda va deyarli har qadamda ekologik muhitning mayda yoki yirik miqyosda qo‘pol buzilayotganiga guvoh bo‘lamiz. Jamiyatimizdagi ko‘pchilik insonlar o‘ta madaniyatli, ozoda va tartibli. Ularning yurish-turishi, yuksak odob-axloqi va madaniyatini ko‘rib faxrlanasan, kishi. Ota-bobolarimizdan meros yuksak ma’naviyatning munosib vorislari bo‘lishga hamisha intilib yashaymiz. Biroq guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, jamiyatimizda «o‘ziga xon, ko‘lankasi maydon» ayrim kimsalar borki, ularning yurish-turishi, qilayotgan ishlarini ko‘rib beixtiyor yoqa ushlaysan. Ko‘cha va maydonlarning ko‘plab joylariga ko‘zni shamg‘alat qilib chiqindi tashlab ketuvchilar, odam gavjum bekatlarda sigaret chekish, pista chaqish, duch kelgan qog‘oz-lattalarni yerga tashlash kabi salbiy illatlarga duch kelamiz. Ayniqsa, yirik suv havzalariga tashlanayotgan chiqindilarning son-sanog‘i yo‘q. Shunga o‘xshash mayda-chuyda narsalar ekologiyaning qo‘pol buzilishiga sabab bo‘ladi. Hozirgi kundagi eng dolzarb muammo – jamiyatimizning barcha a’zolarini ekologik madaniyatli qilib tarbiyalashdan iborat. Yurtimizdagi umumiy ekologik muhit ko‘plab ikir-chikirlarning yig‘indisidan iborat. Uni yaxshilash choralarini faqat ekologiya uchun mas’ul shaxslar emas, balki barcha birgalikda o‘ylashi va maqbul ish tutishi darkor. Axir gap o‘z sog‘lig‘imiz  va hayotimiz to‘g‘risida  ketmoqda-ku. 

Yuqorida tilga olingan salbiy odatlar va omillarni inson o‘z qo‘li bilan bartaraf etishga qodir sanalsa-da, ekologik barqarorlikka muntazam xavf soluvchi ayrim tabiiy ofatlar ham borki, insoniyat ularni hech qachon bartaraf eta olmaydi. Faqatgina chuqur ilmiy tadqiqotlar orqali oldindan xabardor bo‘lish imkoniga ega bo‘ladi, xolos. Shunday tabiiy ofatlardan biri sanaluvchi zilzilani har tomonlama o‘rganib boruvchi seysmologiya ilmining ekologiya bilan bog‘liq ayrim jihatlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, keyingi yillarda seysmik xavf-xatarni baholashning yangi yo‘nalishi tez sur’atlarda rivojlanmoqda. Ya’ni, birorta joyda zilzila sodir bo‘lishi kutilsa, endi undan ko‘riladigan zararni oldindan hisoblab chiqish imkoni mavjud. Bu jarayonda deyarli barcha omillar: joylarning muhandis-geologik sharoiti, imoratlarning hozirgi holati, yer osti va ustidagi turli kommunikatsiya tizimlarining joylashuvi, aholi zichligi va boshqa ma’lumotlar hisobga olinadi. Bu ehtimoliy zilzila xavfining oldini olish va zararli oqibatlarini kamaytirish chora-tadbirlarini ishlab chiqishdan iborat (Rashidov, Kondratev, 2007). Faraz qilaylik, aholi zich yashaydigan hududlarning birida magnitudasi 6,5-7,0 ga teng zilzila sodir bo‘ldi.

Bunday zilzila epitsentrida 12 balli shkala bo‘yicha bir necha ming kvadrat kilometr maydonda 7-9 balli yer silkinishini kuzatamiz. Natijada ming-minglab odamlar va hayvonlar vayronalar ostida qolishi, ichimlik suvi, gaz va elektr tizimlari ishdan chiqishi, ko‘plab uy va turli inshootlar shikastlanishi yoki butunlay qulab tushishi, ko‘chkilar hosil bo‘lishi, suv havzalari va to‘g‘onlar zararlanishi, yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari, gaz va neft quvurlari ishdan chiqishi, portlashlar, qisqa tutashuvlar yuz berishi mumkin. Agar ehtimoliy tabiiy ofatlar haqida o‘z vaqtida xabardorlik ta’minlanmasa, bu chinakam ekologik fojialarga yo‘l ochib berishi muqarrar.

Ekologik fojia ro‘y bermasligi uchun qanday ishlarni amalga oshirish lozim?

Bu masala bilan tabiiy ofatlar bo‘yicha maxsus davlat xizmati shug‘ullansa-da, ular haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tish joiz. Avvalo, zilzila ro‘y bergan joy haqida, zilzilaning kuchi, chuqurligi va boshqa parametrlari haqida tezkor hamda aniq ma’lumotga ega bo‘lish kerak. Birinchi navbatda qilinadigan ish – zilzila ro‘y bergan joyda shtab tashkil qilish va ularni aloqa va boshqa zarur narsalar bilan ta’minlashdan iborat. Zilzilaning zararli oqibatlarini bartaraf etish uchun qutqaruvchilarning maxsus guruhlari jadal sur’atda yetib kelishi hamda qutqaruv va avariyalarni bartaraf etish ishlarini boshlab yuborishi lozim. Qutqaruvchilar, shuningdek, yong‘inlarni, elektr, gaz va suv tizimidagi avariyalarni bartaraf etishi, to‘silib qolgan yo‘llarni ochishi, avariya holatiga kelgan ko‘priklarni tuzatishi, radioaktiv yoki kimyoviy zaharlanishlarni bartaraf etishi lozim. Qutqaruv ishlari davom etgan holda, qurbonlar va nobud bo‘lgan turli hayvonlarni iloji boricha dafn etish lozim. Aks holda, ayniqsa, yoz oylari bo‘lsa, turli kasalliklar tez tarqalishi mumkin. Keyingi navbatda qilinadigan ishlarga aholini vaqtinchalik yoki doimiy yashash joyi, suv, oziq-ovqat, kiyim-kechak, eng zarur ro‘zg‘or buyumlari bilan ta’minlash, aloqani tiklash, tartib-intizom o‘rnatish, aholini kerakli dori-darmonlar bilan ta’minlash ishlarini yo‘lga qo‘yish va hokazolar talab etiladi. Shuningdek, odamlar ovqatlanishlari uchun ko‘chma yoki doimiy ovqatlanish joylarini tashkil etish zarur.

Xullas, ekologiyaning kundalik hayot, sihat-salomatlik va kelajagimiz bilan bog‘liq o‘ta dolzarb muammolari juda ko‘p.

 

Q. ABDULLABEKOV, 

fizika-matematika

fanlari doktori, professor


2017-02-15

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika