Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > HAVODAN SUG‘ORISH

HAVODAN SUG‘ORISH

Butun dunyoda, shu jumladan, O‘zbekistonda ham aholining o‘sib borishi bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talab tobora oshib bormoqda. Hozirgi vaqtda dehqonchilik mahsulotlarining 2/3 qismi sug‘orma dehqonchilik hududlarida yetishtiriladi. Ammo misol tariqasida aytsak, Markaziy Osiyoda suv resurslari to‘la o‘zlashtirilgan va sug‘orma dehqonchilik yer maydonlarini kengaytirish imkoniyati o‘ta darajada cheklangan bo‘lib, faqat suvni tejash hisobiga buni amalga oshirish mumkin. Qurg‘oqchil yillarda esa buning imkoni yo‘q hisobi. Buning ustiga, keyingi yillarda kuzatilayotgan iqlim isishi davrida Markaziy Osiyoda yog‘in miqdori kamayib, buning natijasida daryolar suvining ozayib borayotganligi ham sug‘orma dehqonchilikning suv ta’minotida muayyan qiyinchiliklar tug‘diradi.

Ma’lumki, havoda ancha-muncha nam bor. Hisoblashlar shuni ko‘rsatadiki, Markaziy Osiyoning ustidan havo oqimlari tarkibida 1200-1300 km2 suv o‘tadi. Bu suv miqdori Markaziy Osiyo daryolarining yillik suv miqdoridan 8-15 marta ko‘p. Havo tarkibidagi ana shu suvdan foydalanishga intilish juda qadimdan mavjud. 2009-yildan boshlab Namangan davlat universiteti geografiya va ekologiya kafedrasida havodagi namdan foydalanish bo‘yicha tajriba ishlari olib borilmoqda. Ular o‘rtacha yillik yog‘in miqdori 200 mm. dan kam bo‘lgan hududlarda o‘tkazib kelinmoqda.

Birinchi navbatda tuproqdagi namni to‘plash imkoniyati sinab ko‘rildi. Buning uchun 70x80x90 sm. li chuqur qazilib, uning ustiga plyonka tortilib mahkamlandi. Chuqurning o‘rtasiga idish qo‘yildi. Chuqur ustiga yopilgan plyonkaning o‘rtasiga esa kichikroq bir tosh qo‘yildi. Natijada chuqur usti konussimon qopqoq bilan yopilgandek bo‘ldi. Plyonkaning ostki yuzasida kondensatsiyalangan tomchilar shu konus bo‘ylab oqib, idishga tushadigan qilib yopildi. Kuzatish ishlari 2009-yil aprel-avgust oylarida har kuni bajarildi. Natija quyidagicha bo‘ldi:

Jadvaldan ko‘rinib turibdiki, havosi quruq joylarda ham tuproq havosidagi namni yig‘ish imkoniyati bor ekan. Yana shuni ta’kidlash lozimki, yig‘ilgan suv miqdori salqin oylarda ozroq, issiq oylarda ko‘proq bo‘ldi. Bu besabab emas albatta; havo harorati qancha yuqori bo‘lsa, undagi mutlaq namlik shuncha ko‘p bo‘ladi.

Yuqoridagilar  asosida dehqonchilikni havodagi nam hisobiga amalga oshirish borasida Namangan davlat universitetining geografiya va ekologiya asoslari kafedrasida tajriba ishlari kichik maydonlarda bir necha yildan beri olib borilmoqda  va ularning natijalari ilmiy matbuotda e’lon qilingan. Bunday tajribalar 2011, 2016-yillarda Namangan viloyati Chortoq tumanidagi «Murodulla usta paxtakor» fermer xo‘jaligida, 2012-yil «Ibrohim-Jamshid-Shohjahon» fermer xo‘jaligida, 2013-yil «Qurbanov Sharifboy mirishkor» fermer xo‘jaligida, 2014-yil Jizzax viloyati Paxtakor tumanining «Sabo g‘unchasi» fermer xo‘jaligida, 2015-yilda esa Namangan viloyati Kosonsoy tumanining «Hamkor» fermer xo‘jaligida  o‘tkazilgan.

O‘tkazilgan tajribalar har bir turdagi o‘simlik uchun 4 ta variantda amalga oshirildi. 1 variant sug‘oriladigan va 3 ta variant esa sug‘orilmaydigan maydonlarda tashkil etildi. Sug‘orilmaydigan maydonlarda tuproq namini ushlab qolish va havodagi namdan foydalanish maqsadida oddiy 90 sm. li polietilen ishlatildi. Bu tuproqda namni bug‘latmay, uzoq muddat o‘zida saqlash imkonini beradi. Tajribalar pomidor, bulg‘or qalampiri va baqlajon o‘simligi ko‘chatlarida sinab ko‘rildi. Tashkil etilgan tajriba maydonlari asosan 25, 30 va 50 sotix hajmdagi maydonlarda olib borildi. Aniqlangan natijalar ko‘chatlarning rivojlanishi, sug‘oriladigan maydonlarga nisbatan o‘sishi, shona olishi, gullashi va hosilga kirish pallalari bir muncha ertaligini ko‘rsatdi. Olib borilgan 6 yillik tajriba natijalariga asoslanadigan bo‘lsak, pomidor o‘simligining hosildorlik darajasi o‘rtacha 180-250 sentnergacha, bulg‘or qalampirida esa 60-90 sentnergacha, baqlajon o‘simligida esa 80-120 sentnergachani tashkil etib, sug‘ormasdan hosil olish imkonini ko‘rsatdi.

Ma’lumki, O‘zbekistonda professor P. Baratov ma’lumotlari bo‘yicha 18 million gektar maydon hosil olishga yaroqli yerlar hisoblanadi. Ammo hozirgi vaqtda bor-yo‘g‘i 4,2 million gektar, ya’ni, 23 foiz maydondan sug‘orma dehqonchilikda, 1,1-1,3 million gektaridan lalmi dehqonchilikda foydalaniladi. Qolgan 12-13 million gektar yer dehqonchilik uchun qariyb foyda bermaydi. Buning sababi, bu yerlarda sug‘orish imkoniyatining yo‘qligidir. Ulardan dehqonchilikda foydalanishning iqtisodiyotda ahamiyati beqiyosdir. Sug‘orish imkoniyati bo‘lmagan yerlarda 1 gektar maydondan tuproq havosidagi nam hisobiga, misol uchun, pomidor o‘simligidan 18-20 mln. so‘mlik daromad qilish imkoni mavjud.

 

S. ABDURAHMANOV, 

katta ilmiy xodim-izlanuvchi

Namangan davlat universiteti


2017-02-24

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika