Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > EKOLOGIK MENEJMENT TABIATDAN FOYDALANISH IQTISODIYOTI SAMARALI BO‘LISHINI TA’MINLOVCHI MUHIM KATEGORIYA

EKOLOGIK MENEJMENT TABIATDAN FOYDALANISH IQTISODIYOTI SAMARALI BO‘LISHINI TA’MINLOVCHI MUHIM KATEGORIYA

O‘zbekiston iqtisodiyotida ro‘y berayotgan tarmoq o‘zgarishlari tabiiy resurslardan foydalanish darajasi o‘z-o‘zidan atrof tabiiy muhit ifloslanishi masalasini ham chuqurroq tahlil etishni taqozo etadi. Shuning uchun bu davrda ekologik qarorlar qabul qilishning iqtisodiy omillari, ya’ni ekologik va iqtisodiy siyosatni uyg‘unlashtirish katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Bunday sharoitda O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi iqtisodiy vositalarni keng qo‘llagan holda resurslarni tejaydigan va kam chiqitli (toza) texnologiyalarni, yangi xizmat turlari, tadbirkorlikni joriy qilishga yo‘naltirilgan siyosatni amalga oshirishga katta e’tibor qaratmoqda.

Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va atrof-muhitga salbiy ta’sirning oldini olish muammolarini muvaffaqiyatli hal qilish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tabiatni muhofaza qilish faoliyatining iqtisodiy uslullarini hamda tabiatdan haq to‘lab foydalanishni joriy qilish va boshqarishni amalga oshirmoqda.

Hozirgi paytda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ma’qullangan «O‘zbekiston Respublikasida tabiatdan foydalanishning ilmiy asoslangan iqtisodiy va huquqiy mexanizmlarini joriy qilish» Konsepsiyasiga asosan tabiatdan foydalanishning iqtisodiy usullarini bosqichma-bosqich joriy qilish davom ettirilmoqda.

Ekologik menejment tabiatdan foydalanish iqtisodiyoti samarali bo‘lishini ta’minlovchi muhim kategoriyadir. Iqtisodiyotning asosiy masalalaridan biri tabiiy resurslardan  oqilona  foydalanishni asoslash bo‘lganligi tufayli u ekologiyaga juda yaqin turadi. Ekologik menejment inson tomonidan xo‘jalikni ma’lum muvozanat sharoitida yuritishni taqozo etadi. Bu holda yagona miqyosdagi hududiy ekologik-iqtisodiy tizim vujudga keladi. Ekologik-iqtisodiy tizimda tabiiy sharoit, tabiiy resurslar, iqtisodiy va ishlab chiqarish strukturalari va jarayonlari bir-biri bilan bog‘liq.

Ekologik menejmentning vazifalari tabiatdan foydalanishni, tashkil topish qonuniyatlarini, inson ta’sirini e’tiborda tutib o‘rganish, tabiiy resurslardan to‘g‘ri foydalanishning ilmiy asoslarini yaratish, insonning xo‘jalik faoliyati ta’sirida tabiatda sodir bo‘ladigan o‘zgarishlarni bashorat qilishdan iborat. Ekologik menejmentda atmosfera, suv, tuproq, o‘simlik, hayvonot dunyosi, ishlab chiqarish va boshqa tabiiy omillar hamda hodisalar ishtirokida murakkab biogeo­kimyoviy aylanma, ularning inson xo‘jalik faoliyatiga ta’siri, asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar tahlili o‘rganiladi.

Hozirgi davrda dunyo  yalpi ichki mahsulotning 32%i ekologik soha resurslariga to‘g‘ri keladi. Iqtisodiyotning tabiiy resurslar bilan ta’minlanganligi ko‘p vaqt mobaynida tabiat qonunlariga bog‘liqligi inobatga olinmay kelindi. Iqtisodiyotdagi «eng kam xarajat sarflab, yuqori daromadga erishish» tamoyiliga asoslangan ekstensiv rivojlanish pirovard natijada ekologik inqirozga duchor etdi. Ko‘pgina mintaqalarda uning salbiy oqibatlari havo va suvning ifloslanishi, tuproqning qashshoqlanishi hisobiga ishlab chiqarilgan mahsulotlar sifatida, mehnat unumdorligining pasayishi, hosildorlikning kamayishi orqali tabiatda va  iqtisodiyotda tanglik yuzaga keldi. Mutaxassislar hisobiga ko‘ra tuproq unumdorligining 1%ga kamayishi natijasida hosildorlikning o‘rnini to‘ldirish uchun 10% sarf-xarajat qilish zarur ekan. Ma’lum bo‘lishicha, tabiiy o‘rmonni qirqish tufayli o‘rnida vujudga kelgan ikkilamchi o‘rmonning mahsuldorligi birlamchi o‘rmonga mos kelmasligi ko‘p joylarda ma’lum bo‘lgan.

Tabiiy resurslardan xo‘jasizlarcha foydalanganda ular qashshoqlashadi, degradatsiya kuchayadi. Bu ekologik va iqtisodiy o‘zgarishlar mamlakatning iqtisodiy salohiyatini pasaytiradi, dehqonchilik va yaylov chorvachiligi izdan chiqishiga sabab bo‘ladi. Resurslardan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish bilan atrof-muhitning ham shunchalik toza va ozoda bo‘lishi uchun katta imkon yaratiladi. Bundan iqtisodiyot va aholi salomatligi katta naf ko‘radi.

Mamlakatimizda  iqtisodiy barqaror rivojlanishga erishish, eng avvalo, iqtisodiyot tarmoqlarida tarkibiy islohotlarni chuqurlashtirish, xususiy sektorning rolini oshirish, tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratilishi, hududlarning ekologik holatini yaxshilash kabi omillarga bog‘liq. Mustaqillik yillarida islohotlarni chuqurlashtirish energetika va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlandi, mavjud tabiiy boyliklardan  foydalanish samaradorligi oshdi. Sanoatni boshqarishda davlatning roli saqlanib qolingani holda, bozor mexanizmlari ishga solinib, bosqichma-bosqich rivojlanish amalga oshirila boshlandi.

Sanoatni rivojlantirishning hozirgi bosqichida samarasiz ishlayotgan korxonalarni tugatish, yirik korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish, xususiy sektor ulushini oshirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, boshqaruv tizimini yanada takomillashtirishga e’tibor qaratilmoqda.

Muxtasar qilib aytganda, tabiiy resurslardan samarali foydalanishni boshqarish jamiyat taraqqiyoti va uning davomiyligini saqlovchi asosiy omillardan biri bo‘lib qoladi.

 

I. NOSIROV, i. f. n., TIU tadqiqotchisi


2017-03-04

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika