Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > Nizom yuridicheskiy otdel

Nizom yuridicheskiy otdel

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI TABIATNI MUHOFAZA QILISH DAVLAT QO‘MITASI 
 
           2014-yil,
5-avgust Toshkent sh.
 
O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish 
davlat qo‘mitasi tizimida yuridik 
xizmat to‘g‘risida nizom
 
I. UMUMIY QOIDALAR
 
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 24-avgustdagi 182-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyat organlarining yuridik xizmati to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, u Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda “Qo‘mita” deb yuritiladi) yuridik xizmatiga oid lavozimlarni egallash tartibini, yuridik xizmat faoliyatining asosiy funksiyalari, huquqlari, vazifalari, mas’uliyati hamda boshqa muhim yo‘nalishlarni belgilaydi.
 
2. Qo‘mitaning yuridik xizmati Qo‘mitaning Ekologik-huquq bo‘limi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qo‘mitalari (bundan keyin “hududiy qo‘mitalar” deb yuritiladi)ning yuristkonsultlari hamda qo‘mita qoshida tashkil etilgan xo‘jalik subyektlarining yuristkonsultlaridan iborat.
Ekologik-huquq bo‘limi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, hududiy qo‘mitalar hamda qo‘mita qoshida tashkil etilgan xo‘jalik sub’ektlarining yuristkonsultlari mazkur Nizomda shartli ravishda “qo‘mitaning yuridik xizmati xodimlari” deb yuritiladi.
 
II. QO‘MITA YURIDIK XIZMATI XODIMLARINING HUQUQIY MAQOMI VA LAVOZIMLARNI EGALLASH TARTIBI
 
3. Qo‘mitaning yuridik xizmati xodimlari o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, Oliy Majlis palatalari qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari, farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlariga, amaldagi qonun hujjatlariga, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining rahbariy, idoraviy va boshqa me’yoriy hujjatlariga, qo‘mita raisining buyruq va farmoyishlariga, Ekologik-huquq bo‘limi boshlig‘ining mazkur nizom asosida bergan topshiriq va ko‘rsatmalariga hamda tegishli hujjatlariga asoslanib faoliyat yuritadi.
 
4. Ekologik-huquq bo‘limi qo‘mita faoliyatini huquqiy ta’minlash maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, qo‘mita tizimidagi yuridik xizmat sohasida yuqori bo‘g‘in hisoblanib, u to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘mita raisiga bo‘ysunadi.
 
Xuddi shuningdek, hududiy qo‘mitalar va qo‘mita tarkibidagi yuridik xizmat xo‘jalik korxonalari faoliyatini huquqiy ta’minlash maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, ulardagi yuristkonsultlar o‘z faoliyatida birinchi rahbar shaxsga hamda Ekologik-huquq bo‘limi boshlig‘iga bo‘ysunadi.
 
5. Ekologik-huquq bo‘limi boshlig‘i lavozimiga oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan va yuridik xizmat sohasida ikki yildan kam bo‘lmagan ish stajiga ega bo‘lgan shaxs tayinlanishi mumkin. Bunda Ekologik-huquq bo‘limi boshlig‘ini ishga qabul qilish yoki lavozimga tayinlash to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘mita raisi tomonidan amalga oshiriladi.
 
6. Ekologik-huquq bo‘limi bosh yuristkonsulti, hududiy qo‘mitalar va qo‘mita tarkibidagi xo‘jalik korxonalari yuristkonsultlari lavozimiga oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan va yuridik xizmat sohasida zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan shaxslar tayinlanishi mumkin. Bunda hududiy qo‘mitalar va qo‘mita tarkibidagi xo‘jalik korxonalari yuristkonsultlarini ishga qabul qilish va lavozimga tayinlash Ekologik-huquq bo‘limi boshlig‘i bilan kelishilgan holda hududiy qo‘mita raislari va xo‘jalik korxonalari rahbarlari tomonidan amalga oshiriladi.
 
7. Alohida hollarda, yuridik xizmat shtat birliklariga ega bo‘lmagan hududiy qo‘mitalar va qo‘mita tarkibidagi xo‘jalik korxonalari xizmat ko‘rsatish shartnomalari yoki fuqarolik-huquqiy shartnomalariga asosan advokatlar yoki yollanma huquqshunoslar xizmatidan foydalanishi mumkin.Bunday hollarda jalb etilayotgan yollanma huquqshunoslarning oliy yuridik ma’lumotga ega ekanligi aniqlanishi va shartnoma tuzishdan avval Ekologik-huquq bo‘limi boshlig‘ining yozma rozili olinishi shart.
 
8. Ekologik-huquq bo‘limi xodimlariga intizomiy jazo qo‘llash ish beruvchi sifatida qo‘mita raisi tomonidan amalga oshiriladi.Hududiy qo‘mitalar va qo‘mita tarkibidagi xo‘jalik korxonalari yuridik xizmat xodimlariga intizomiy jazo qo‘llash va ularni lavozimidan ozod etish (shuningdek, ishdan bo‘shatish) ularga rahbarlik qiluvchi birinchi rahbar tomonidan Ekologik-huquq bo‘limi boshlig‘i bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
 
9. Ekologik-huquq bo‘limi boshlig‘i olib borilgan tahlillarga asoslanib, hududiy qo‘mitalar va qo‘mita tarkibidagi xo‘jalik korxonalaridagi yuridik xizmat xodimlari faoliyatiga tegishli baho berish, xususan, ularning ish beruvchisi (yoki buyurtmachisi)ga yuridik xizmat xodimiga intizomiy jazo tayinlash yoki mehnatini rag‘batlantirish (yoxud yollanma huquqshunoslar va advokatlar bilan tuzilgan shartnomalarni bekor qilish) to‘g‘risida taqdimnoma kiritish huquqiga ega.Mazkur masalalar yuzasidan kiritilgan taqdimnoma hududiy qo‘mitalar va qo‘mita tarkibidagi xo‘jalik korxonalar rahbarlari tomonidan ijro qilinishi shart.
 
10. Ekologik-huquq bo‘limi boshlig‘i mazkur Nizomda qayd etilgan vazifa va funksiyalar hamda vakolatlaridan kelib chiqib, hududiy qo‘mitalar, qo‘mita tarkibidagi xo‘jalik korxonalari rahbarlari va yuridik xizmat xodimlariga bajarilishi zarur bo‘lgan ko‘rsatma va topshiriqlar berishi mumkin.
 
11. Hududiy qo‘mitalar va qo‘mita tarkibidagi xo‘jalik korxonalarining yuridik xizmat xodimlari o‘zi faoliyat yuritayotgan tashkilotdagi barcha turdagi huquqiy masalalar va muammolar hamda ularni hal etish yechimlari to‘g‘risida Ekologik-huquq bo‘limiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumot, axborot, taklif va mulohaza yoki bildirishnoma shaklidagi murojaatlar bilan chiqishlari mumkin.
 
12. Zarur hollarda qo‘mita tizimidagi yuridik xizmat xodimlari qo‘mita raisining buyrug‘i (qarori yoki farmoyishi) bilan markaziy qo‘mitaga yoki boshqa hududiy qo‘mita yoxud korxonaga amaliy yordam ko‘rsatish va amaliyot o‘tash maqsadida jalb etilishi mumkin.
 
III. QO‘MITA YURIDIK XIZMAT XODIMLARINING UMUMIY VAZIFALARI VA FUNKSIYALARI
 
13. Quyidagilar qo‘mita yuridik xizmat xodimlarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
a) Qo‘mitaning huquqni qo‘llash va norma ijodkorligi faoliyatida qatnashish va normativ-huquqiy hujjatlarning hisobini belgilangan talablarga muvofiq yuritish;
b) Qo‘mita va uning tarkibiy bo‘linmalari xodimlarining huquqiy madaniyatini oshirishda qatnashish;
d) Qo‘mita va uning tarkibiy bo‘linmalari mulkining saqlanishini huquqiy vositalar orqali ta’minlash ishlarini tashkil qilish;
e) Qo‘mita faoliyatida shartnomaviy-huquqiy va talabnoma-da’vo ishlarini yuritishda qatnashish;
f) sudlarda va boshqa idoralarda qo‘mitaning mulkiy va boshqa manfaatlarini huquqiy himoya qilish.
14. Qo‘mita yuridik xizmat xodimlari o‘ziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagi funksiyalarni bajaradi:
1) huquq ijodkorligi, huquqni qo‘llash, qonuniylikni ta’minlash va huquqiy madaniyatni oshirish sohasida:
a) qo‘mitaning huquq ijodkorligi, faoliyatining joriy va istiqbolli rejalarini ishlab chiqadi yoki ularning ishlab chiqilishida, bajarilishida va nazorat qilinishida qatnashadi;
b) qo‘mita vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda qatnashadi;
d) idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda va ularni Adliya vazirligida huquqiy ekspertiza va ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etishda ishtirok etadi;
e) qo‘mitaning tarkibiy bo‘linmalari bilan birgalikda qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazadi, huquqiy xulosalar tayyorlaydi;
f) qo‘mitaning normativ-huquqiy hujjatlar fondini to‘ldirish, shu jumladan, qo‘mitani kodekslar, qonunlar va boshqa huquqiy nashrlar bilan butlash chorasini ko‘radi;
g) qo‘mita vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha qonun hujjatlari to‘plamlarini nashrga tayyorlaydi;
h) qo‘mita rahbariyati uchun qonunchilik masalalari bo‘yicha tahliliy materiallar tayyorlaydi;
i) qo‘mita rahbariyatiga taqdim qilinadigan buyruqlar, farmoyishlar va huquqiy tusdagi boshqa hujjatlar loyihalarini amaldagi qonunchilikka muvofiqlik yuzasidan tekshiradi hamda e’tiroz va takliflari bo‘lmasa, ularga imzo (viza) qo‘yadi. Bunday loyihaga yuridik xizmat tomonidan qo‘mitaning boshqa tarkibiy bo‘linmalaridan (xodimlaridan) keyin imzo chekiladi;
j) qo‘mitada va uning tarkibiy bo‘linmalarida qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish hamda ularning oldini olish yuzasidan takliflar kiritadi;
k) qo‘mitada mehnat haqidagi qonunlarga rioya etilishini ta’minlashda, shu jumladan, mehnatga oid huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy hujjatlarni (mehnat shartnomasi, jamoaviy shartnoma, bitimlar va boshqalarni) ishlab chiqishda qatnashadi, ushbu hujjatlar loyihalarini qonunchilikka muvofiqlik yuzasidan tekshiradi va huquqiy xulosa beradi;
l) qo‘mitaning kasaba uyushmasi va xodimlarning boshqa vakillik organlariga o‘z vakolatlarini amalga oshirishda yuridik yordam ko‘rsatadi;
m) qo‘mita va uning tarkibiy bo‘linmalari xodimlarining huquqiy bilimlarini oshirish tadbirlarini tashkil etish to‘g‘risida takliflar kiritadi, bunday tadbirlarni o‘tkazishda qatnashadi;
n) qo‘mita xodimlarining murojaatlari bo‘yicha ularga qo‘mita faoliyatiga tegishli huquqiy hujjatlarni topishda ko‘maklashadi, zarur hollarda ushbu hujjatlar bo‘yicha tushuntirishlar beradi.
2) mulkning saqlanishini huquqiy vositalar orqali ta’minlash sohasida:
a) mulkni saqlash masalalari bo‘yicha huquqiy tusdagi hujjatlar loyihalarining qonun hujjatlariga muvofiqligini tekshiradi va ularni tayyorlashda ishtirok etadi;
b) boshqa tarkibiy bo‘linmalar bilan birgalikda qo‘mitada mulkning talon-toroj qilinishi, kamomad va noishlab chiqarish xarajatlarining kelib chiqishi sabablari va sharoitlarini tahlil qiladi hamda ularni bartaraf etish choralarini ko‘radi, mulkning talon-toroj qilinishi va kamomad holatlari bo‘yicha materiallarni huquqni muhofaza qilish organlariga yuborish uchun rasmiylashtiradi;
d) moddiy boyliklar va pul mablag‘larini hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi hujjatlar loyihalari, shuningdek qonun buzilishlari va suiiste’mollar aniqlangan auditorlik tekshiruvlari va xatlovdan o‘tkazish dalolatnomalari bo‘yicha huquqiy xulosalar beradi.
3) shartnomaviy-huquqiy, talabnoma-da’vo ishlari va huquqiy himoya qilish sohasida:
a) boshqa tarkibiy bo‘linmalar bilan birgalikda qo‘mitaning shartnomalarini tayyorlash va tuzish ishlarida qatnashadi, ularning qonunchilikka muvofiqligini tekshiradi, shartnomalar loyihalariga, agar e’tirozlari va takliflari bo‘lmasa, imzo qo‘yadi. Bunda loyihalarga yuridik xizmat tomonidan qo‘mitaning boshqa vakolatli tarkibiy bo‘linmalaridan (xodimlaridan) keyin imzo chekiladi;
b) qonunchilikda belgilangan eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravaridan ortiq summadagi shartnomalarning qonunchilikka muvofiqligi yuzasidan yozma xulosalarni tayyorlaydi va imzolaydi;
d) shartnomalarni tuzish, bajarish, o‘zgartirish va bekor qilishning belgilangan tartibiga rioya etilishini nazorat qiladi, qo‘mita tomonidan tuzilgan shartnomalarning zarur darajada bajarilishi bo‘yicha takliflar kiritadi;
e) qo‘mitaning manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha talabnomalar tayyorlashda va qo‘mitaga nisbatan bildirilgan talabnomalarni ko‘rib chiqishda qatnashadi, qo‘mitada talabnomalar bildirish va ularni ko‘rib chiqish tartibiga rioya etilishini nazorat qiladi;
f) tegishli bo‘linmalar bilan birgalikda qo‘mitaning debitorlik va kreditorlik qarzlari ahvolini o‘rganadi, ularning miqdorini kamaytirish choralarini ko‘radi;
g) shartnomaviy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha da’vo ishlarini olib boradi;
h) qo‘mitaning mulkiy va boshqa manfaatlarini huquqiy himoya qilish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni tayyorlashda va belgilangan tartibda sud majlislarida qatnashadi;
4) boshqa sohalarda:
a) tarkibiy bo‘linmalarning huquqiy ishlariga metodik yordam ko‘rsatadi, yuridik xizmat faoliyatining turli yo‘nalishlari bo‘yicha tavsiyanomalar va ko‘rsatmalarni ishlab chiqadi;
b) normativ-huquqiy hujjatlarning saqlanishini va nazorat qilinishini ta’minlaydi, huquqiy nashrlarga obuna bo‘lish haqida xo‘jalik yurituvchi sub’ekt rahbariyatiga takliflar kiritadi;
d) qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni bajaradi.
5) Yuridik xizmatda ushbu Nizomda yoki boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan funksiyalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
 
IV. EKOLOGIK-HUQUQ BO‘LIMINING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
 
15. Ekologik-huquq bo‘limi quyidagi huquqlarga ega:
a) qo‘mita va uning tarkibiy bo‘linmalari mansabdor shaxslaridan yuridik xizmatga yuklangan funksiyalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan barcha hujjatlar va ma’lumotlarni cheklovlarsiz olish;
b) rahbariyat topshirig‘iga ko‘ra yoki tegishli tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari roziligi bilan ularning xodimlarini normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlashga va huquqiy ishlarni amalga oshirish bilan bog‘liq boshqa tadbirlarga jalb qilish;
d) qonunchilikka zid bo‘lgan hujjatlar loyihalarini puxta ishlash uchun ijrochilariga qaytarish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risida, o‘z e’tirozlarini asoslangan holda, xulosalar berish, rahbariyat topshirig‘iga ko‘ra yoki o‘z tashabbusi bilan boshqa bo‘linmalar bilan birgalikda loyihalarni puxta ishlashda qatnashish;
e) qonunchilikka zid bo‘lgan rasmiy hujjatlar va xo‘jalik shartnomalar loyihalari yuzasidan bildirilgan e’tirozlarni hamda huquqiy xulosalardagi takliflar ijrosini ta’minlanmagan shaxslarga qat’iy intizomiy jazo choralari ko‘rish to‘g‘risida bildirgi kiritish;
f) barcha tarkibiy bo‘linmalardagi huquqiy muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish maqsadida ularning faoliyat yo‘nalishlariga oid hujjatlar bilan tanishish, zarur hujjatlarni talab qilib olish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tarkibiy bo‘linma rahbariga bajarilishi majburiy bo‘lgan huquqiy ko‘rsatmalar berish;
g) amaldagi qonunchilik hukumat va yuqori tashkilotlar hamda qo‘mita raisining topshiriq va ko‘rsatmalariga mas’uliyatsizlik bilan yondoshgan rahbar va mas’ul xodimlarga ogohlantirishlar berish, zarur hollarda ularga intizomiy jazo qo‘llash yoki rag‘batlantirishni kamaytirish yoxud bekor qilish to‘g‘risida qo‘mita raisiga taklif kiritish;
h) qo‘mita va uning tarkibiy bo‘linmalarining qonun hujjatlari bajarilishini ta’minlamayotgan yoxud qonun buzilishga yo‘l qo‘yayotgan rahbarlari va xodimlarini javobgarlikka tortish haqida rahbariyatga takliflar kiritish;
i) qo‘mita va uning tarkibiy bo‘linmalarida o‘tkazilayotgan tekshirishlar, taftishlar va xatlovlarda, shuningdek ularning yakunlari bo‘yicha hujjatlarni ko‘rib chiqishda qatnashish, aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan huquqiy xulosalar berish.
Yuridik xizmat qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
16. Ekologik-huquq bo‘limi:
a) yuridik xizmatga yuklangan vazifalarni zarur darajada va samarali bajarishi;
b) qo‘mitada va uning tarkibiy bo‘linmalarida aniqlangan qonun buzilishlari to‘g‘risida zudlik bilan rahbariyatga xabar berishi;
d) belgilangan tartibda va muddatlarda malaka oshirishi va attestatsiyadan o‘tishi shart.
Ekologik-huquq bo‘limi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
 
V. Qo‘mita Ekologik-huquq bo‘limi xodimining javobgarligi
 
17. Qo‘mita Ekologik-huquq bo‘limi xodimi o‘zi imzo chekkan hujjatlar loyihalarida qayd etilgan shart va qoidalarning hamda o‘zi tomonidan berilgan huquqiy xulosalarning qonun hujjatlariga muvofiqligi uchun mas’uldir.
18. Qo‘mita Ekologik-huquq bo‘limi xodimi o‘z majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun qo‘mita rahbari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq intizomiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
 
VI. HUDUDIY QO‘MITALAR VA QO‘MITA TARKIBIDAGI YURIDIK XIZMAT XODIMLARINING ALOHIDA MAJBURIYATLARI VA HUQUQLARI
 
19. Hududiy va Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga bo‘ysunuvchi xo‘jalik korxonalari Yuridik xizmati xodimining majburiyatlari:
– qo‘mita ishining huquqiy jihatdan ta’minlinishini tashkil etadi;
– bo‘linmalarning o‘zaro munosabatlarini va bo‘linmalarning iqtisodiy javobgarligini tartibga soluvchi huquqiy hujjatlar tizimini, qo‘mitaning xo‘jalik va ijtimoiy faoliyatning boshqa masalalarini tayyorlash va joriy qilishda ishtirok etadi, rahbariyat bilan kelishib, bu ishda qatnashish uchun mansabdor shaxslarni va mutaxassislarni jalb etadi;
– qo‘mitada belgilangan ichki xo‘jalik e’tirozlarini qo‘zg‘ash va ko‘rib chiqish tartibiga rioya etilishini nazorat qiladi;
– iqtisod, moliya, hisob-kitob xizmatlari va boshqa bo‘linmalar bilan birgalikda qo‘mitaning xo‘jalik faoliyati natijalari tarkibini va ularning kelib chiqish sabablarini, balans hisobidagi barcha turdagi qarzlari ahvolini o‘rganadi, rahbariyatning to‘g‘ridan-to‘g‘ri topshirig‘i asosida sud va tergov organlariga jo‘natish uchun pul mablag‘lari va tovar-moddiy boyliklarining kamomadi va ularni o‘g‘irlashlar bo‘yicha materiallarni rasmiylashtiradi;
– qonunchilik aktlarini, yuqori boshqaruv organlarining normativ hujjatlarini, qo‘mitaning lokal normativ aktlarining tartibga solingan hisobini va saqlanishini tashkil etadi;
– boshqa bo‘linmalar bilan birgalikda qo‘mitaning idoraviy normativ hujjatlarini tartibga solish ishlarini olib boradi;
– rahbariyatga imzolash uchun taqdim etilayotgan buyruqlar va huquqiy mazmundagi boshqa hujjatlar loyihalarining qonunga muvofiqligini tekshiradi va ularga imzo chekadi;
– qo‘mita tuzilma birliklari va bo‘linmalari rahbarlari tomonidan chiqarilgan yuridik hujjatlarning qonunlarga muvofiqligini ta’minlashda tegishli amaliy yordam ko‘rsatadi;
– boshqa bo‘linmalar bilan xo‘jalik shartnomalari, shuningdek chet el kompaniyalari va firmalari bilan kontraktlar tayyorlash, tuzish va ularning ijrosini nazorat qilishga oid ishlarda qatnashadi;
– da’vo ishlarini olib boradi, sudlarda shuningdek boshqa organlarda huquqiy masalalar ko‘rilayotganda belgilangan tartibda korxona manfaatlarini himoya qiladi, da’vo ishlari agar boshqa bo‘linmalar tomonidan olib borilsa, bu ishga rahbarlikni amalga oshiradi;
– moddiy boyliklarni hisobdan chiqarish hujjatlari, buzilishlar va suiiste’molliklar ma’lum bo‘lgan taqdirda taftish va qayta ro‘yxatga olish aktlari bo‘yicha huquqiy xulosalar beradi;
– jamoa shartnomasini tayyorlashda va tuzishda qatnashadi, jamoat tashkilotlariga o‘z vakolatlarini amalga oshirishda huquqiy yordam ko‘rsatadi;
– yuridik umumiy o‘quvini tashkil etishda va uni amalga oshirishda qatnashadi, xodimlarni amaldagi qonunlar bilan tanishtiradi, ularni qo‘llanilish tajribasini tushuntiradi;
– qo‘mita faoliyatida qonunchilikni buzish hollari aniqlansa, bu haqda ularni bartaraf etish va oldini olish yuzasidan zarur choralar ko‘rish uchun rahbarni xabardor qiladi;
– belgilangan hisobotlarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri tayyorlangan holda Ekologik-huquq bo‘limiga topshiradi;
– rahbariyatning va Ekologik-huquq bo‘limining boshqa qonuniy talablarini bajaradi.
20. Hududiy qo‘mitalar va xo‘jalik korxonalari yuridik xizmat xodimining huquqlari:
– qo‘mita faoliyatida qonunchilikka rioya etilishining ahvoli bilan tanishish, taftish o‘tkazishlarda va qayta ro‘yxatga olishlarda qatnashish;
– bo‘linma rahbarlaridan va mas’ul xodimlardan korxonada belgilangan tartibda hujjatlar, ma’lumotnomalar, hisob-kitoblar va o‘z burchlarini bajarish uchun zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlarni olish;
– rahbariyatga va Ekologik-huquq bo‘limi boshlig‘iga sodir etilgan qonunbuzilishlar, ularni bartaraf etish, keltirilgan zararni qoplash, amaldagi qonunlarning bajarilishini ta’minlamagan yoxud buzayotgan bo‘linmalar va xizmatlarning rahbarlarini, boshqa xodimlarni intizomiy javobgarlikka tortish haqida ma’lumotlar va takliflar taqdim etish;
– rahbariyat bilan kelishilgan holda normativ hujjatlar yoki boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlash, shuningdek o‘ziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq yuridik xizmat tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun boshqa bo‘linmalarning barchasini jalb etish.
21. Hududiy qo‘mitalar va xo‘jalik korxonalari yuridik xizmat xodimi o‘zi imzo qo‘ygan hujjatlar loyihalarida qayd etilgan shart va qoidalarning hamda o‘zi tomonidan berilgan huquqiy xulosalarning qonun hujjatlariga muvofiqligi uchun mas’uldir.
22. Hududiy qo‘mitalar va xo‘jalik korxonalari yuridik xizmat xodimi o‘z majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun qo‘mita rahbari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq intizomiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
 
VII. YURIDIK XIZMAT XODIMLARINING HISOBDORLIGI
 
23. Hududiy qo‘mitalar va qo‘mita tarkibidagi xo‘jalik korxonalar yuridik xizmati xodimlari hamda Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Ekologik-huquq bo‘limi o‘rtasida doimiy ravishda axborot almashinuvi bo‘lishi lozim.
24. Hududiy qo‘mitalar va qo‘mita tarkibidagi xo‘jalik korxonalar yuridik xizmati xodimlari Ekologik-huquq bo‘limi talabiga binoan mazkur bo‘lim tomonidan ishlab chiqilgan shakllar bo‘yicha belgilangan muddatlarda hisobotlar taqdim etadilar.
 

2017-03-23

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika