Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


TABIATGA IMKON BERING

Joriy yilning 10-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi «Toshrangmetzavod» aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda «O‘zbekiston Respublikasida chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish. Rangli metallar parchalari va chiqindilarini yig‘ish, topshirish tartibi hamda elektron chiqindilarni utilizatsiya qilish tartibi» mavzuida seminar tashkil qilindi.

Unda, O‘zbekistan Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, moliya-kredit tashkilotlari vakillari, tadbirkorlar, ekspertlar, soha mutaxassislari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – ishtirokchilarga mamlakatimizda qattiq maishiy chiqindilar, shu jumladan  elektron chiqindilar bilan ishlash borasida olib borilayotgan amaliy ishlar, mazkur sohadagi mavjud muammolar va ularning yechimi haqida hamda Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va hamkor tashkilotlarning chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi yangi tashabbuslar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berishdan iborat.

Ma’lumki, hozirgi kunda hajmi tez sur’atlar bilan ko‘payib borayotgan chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish orqali atrof-muhitni muhofaza qilish eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Bunda, ayniqsa yaroqlilik muddati o‘tgan maishiy va elektron texnikada mavjud rangli metall chiqindilarining utilizatsiyasi alohida ahamiyatga ega.

O‘zbekiston bo‘yicha kuniga 12-13,5 ming tonna qattiq maishiy chiqindilar, bir yilda 5 mln. tonnaga yaqin chiqindi xosil bo‘ladi. BMT Universiteti ekspertlarining ma’lumotlariga qaraganda, mamlakatimiz hududida hosil bo‘layotgan elektr-maishiy va turli xil texnika chiqindilari qariyb 45 ming tonnani tashkil qilar ekan.

Ta’kidlandiki, bugungi kunda respublikada maishiy chiqindilarni qayta ishlashga ixtisoslashgan 317 korxona faoliyat yuritmoqda. Ular orasida polimerlar, qog‘oz chiqitlari, shisha, rezina, tekstil va boshqa chiqindilarni qayta ishlaydigan korxonalar ham bor. Maishiy chiqindilarning qayta ishlanishi 14,2% tashkil qilmoqda.

Shuni alohida e’tirof etish joizki, qattiq maishiy chiqindilar hamda elektron chiqindilarni bosqichma-bosqich utilizatsiya qilish va kelgusida ulardan foydalanish mukammal jarayonlardan biri sanaladi.

Elektron chiqindilarning hosil bo‘lishidagi dolzarb va muhim ekologik muammolarni ijobiy hal etishda O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati tashabbusi bilan, 2016–2020-yillarda yurtimizda atrof-muhit muhofazasi, aholining ekologik faolligini oshirish, qattiq maishiy va elektron chiqindilarni utilizatsiya qilishga yo‘naltirilgan qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan tadbirlar dasturiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi «Toshrangmetzavod» aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda qator tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.

Tasdiqlangan dasturda elektron va rangli metall chiqindilarni samarali boshqarish tizimini tashkil etish bo‘yicha o‘rta va uzoq muddatga mo‘ljallangan – chiqindilarni qabul qilish punktlarini ochish, ijtimoiy-iqtisodiy aksiyalar, axboriy-ma’rifiy yo‘nalishlar kabi loyihalarni amalga oshirish belgalangan.

Mazkur dasturni amalga oshirishning navbatdagi bosqichi – Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi yordamida «Toshrangmetzavod» AJ innovatsion loyihasi sanalmish «Toshrangmetzavod Recycling» MCHJ ishga tushirishdan iborat. Uning asosiy faoliyati jismoniy va yuridik shaxslardan elektron chiqindilarni yig‘ish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, shuningdek poytaxtimiz va barcha viloyatlarda uning infratuzilmasini yaratishga qaratilgan.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, joriy yilning 11-aprelidan boshlab, «Tabiatga imkon bering» shiori ostida yurtimizning barcha tashkilot va kompaniyalaridan, korxonalaridan, shuningdek “Media Park” savdo markazining rag‘batlantiruvchi chegirmalar tizimi asosida keng aholi qatlamidan elektron chiqindilarni qabul qilish jarayoni boshlanadi.

Hosil bo‘lgan elektron chiqindilarning nazoratsiz qolishi, energiya hamda materiallarning isrof bo‘lishiga jamiyat va davlat  uchun qo‘shimcha iqtisodiy, ekologik sarf-xarajatlarga olib keladi. Ma’lumki, elektron chiqindilar atrof-muhitga, tabiiy resurslar hamda fuqarolar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bizga odatiy ko‘ringan zamonaviy elektron va maishiy texnikalar, avtomobillar, texnik moslamalar, gadjet va devayslarda  simob, qo‘rg‘oshin, kadmiy, berilliy, bariy, litiy kabi xavfli kimyoviy moddalarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi ham mumkin. Mazkur moddalar atrof-muhitda to‘planib, o‘zining toksik ta’sirini saqlagan holda, tuproq yoki yer osti suvlariga tushishi, shahar muhiti, tabiiy resurlar ekotizimi holatiga hamda inson salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

Elektron chiqindilar ikkilamchi xomashyo sifatida kundalik hayotimizda mustahkam o‘rin egallagan elektron texnikalarni ishlab chiqarishda o‘ziga xos qimmatbaho resurs hisoblanadi.

Ta’kidlandiki, bugun davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek xo‘jalik yurituvchi subyektlarda  ekologik xizmatlarini tashkil qilish va ularning faoliyatini takomillashtirish muhim sanaladi. Aynan, korxona yoki davlat tashkilotlaridagi ekologik xizmatlar QMCH va boshqa turdagi chiqindilarni qayta ishlashda tabiatni muhofaza qilish organlari, xo‘jalik subyektlari va kompaniyalarini bog‘lab turuvchi bo‘g‘in vazifasini o‘taydi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan tashkil etilayotgan «Ekologik toza korxona» an’anaviy Respublika ko‘rik-tanloviga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi.

Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad – respublika korxonalarining tabiat muhofazasi faoliyatida samaradorlikni oshirish, ekologiyaga oid qonunchilik talablari bajarilishini ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ishlab chiqarish, shuningdek atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytiruvchi zamonaviy va yuqori samarador texnologiyalardan foydalanayotgan korxonalarning ijobiy tajribasini ko‘rsatish hamda keng yoyish va rag‘batlantirishdan iborat.

Tadbir so‘nggida elektron chiqindilarni yig‘ish va yaroqsizlarini topshirish bo‘yicha korxona va tashkilotlar vakillari bilan «Toshrangmetzavod» AJ o‘rtasida hamkorlik qilish yuzasidan shartnomalar imzolandi.

 

 

O‘zbekiston Respublikasi

Tabiatni muhofaza qilish

davlat qo‘mitasi

Axborot xizmati

Muhokama

O'z fikringizni qoldiring

Plain text

  • No HTML tags allowed.
  • Web page addresses and e-mail addresses turn into links automatically.
  • Lines and paragraphs break automatically.

2017-04-10

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika