Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Press-reliz

Joriy yilning 6-iyun kuni “Ekohaftalik – 2017” tadbiri doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan birgalikda “Tabiiy resurslarni barqaror boshqarish – atrof-muhitni muhofaza qilishning muhim omili” mavzusida davra suhbati tashkil qilindi.

Unda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, vazirlik va idoralar, ilmiy-tadqiqot institutlari, xalqaro tashkilotlar hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.

Tadbir avvalida BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakili Farid Qoraxonov barcha qatnashchilarni 5-iyun – Butunjahon atrof-muhit kuni bilan samimiy muborakbod etdi. Uning ta’kidlashicha, ushbu sanani nishonlashdan ko‘zlangan asosiy maqsad, bu tabiiy tizimlarga tushayotgan bosimning so‘nggi nuqtagacha yetib kelmasligi uchun insonlarni faolroq choralar ko‘rishga da’vat qilishdan iborat.

Ta’kidlandiki, mazkur sana O‘zbekistonda “Men tabiat bilan birgaman” shiori ostida nishonlandi. Ma’lumki, ekologik muammolar yechimi negizida jamiyat va tabiat o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni tartibga soluvchi, atrof-muhitni saqlab qolish, undan oqilona foydalanish hamda zamonaviy ilm-fan yutuqlari asosida mavjud yechimlarni tatbiq qilishda xizmat qiladigan normalar turadi.

Dastlab, O‘zbekistonda tabiatni muhofaza qilish siyosati sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar hamda tabiiy resurslarni oqilona boshqarish masalalari haqida so‘z bordi.

Bugun oldimizda tabiiy muhitga antropogen va texnogen ta’sirni kamaytirish masalasi turibdi. Bunga, atrof-muhit holati monitoringi natijalari asosida atrof-muhitga salbiy ta’sirni minimal darajaga tushirish va uni ifloslantirish manbalari hisobini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq qilish, ekologik monitoring jarayonini maksimal avtomatlashtirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, mavjud ishlab chiqarish jarayonini modernizatsiyalash, innovatsiyalar, xavfsiz ekologik texnologiyalarni singdirish, davlat va jamoatchilik ekologik nazoratini kuchaytirish va h.k.lar orqali erishish mumkin.

Shuningdek, ekologik tizimlar degradatsiyasi, ya’ni tanazzuli tushunchasi ham mavjud bo‘lib, uni shartli ravishda ikki qismga bo‘lish mumkin: birinchidan, tabiatdan nooqilona foydalanish hisobiga atrof-muhit degradatsiyasi (atmosfera havosi, yer, suv, energetika resurslari, yer osti boyliklari, hayvonot va o‘simlik dunyosi), ikkinchidan, tabiiy muhitni maishiy va ishlab chiqarish sanoati chiqindilari bilan ifloslantirish.

Yerlardan nooqilona foydalanish hisobiga qariyb 2 mlrd. gektar unumdor yer yaroqsiz holatga kelgan. Yer sayyorasini qoplagan suvning 97,5 foizini sho‘r, 2,5 foizini chuchuk suv tashkil qiladi. Yer yuzi aholisining 2,8 milliardi ya’ni, jami yer yuzi aholisining 40 foizi suv tanqis bo‘lgan hududlarda yashaydi. Undan tashqari, so‘nggi 60 yil ichida sayyoramizdagi o‘simlik va hayvonot dunyosi turlari uch barobarga qisqargan. Chiqindilar miqdori esa, aksincha uch barobarga ko‘payib, nafaqat ekologik vaziyatga, balki umuman inson hayotiga jiddiy xavf solmoqda.

Ta’kidlandiki, O‘zbekistonda 1999-yildan boshlab har 5 yilda atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha davlat miqyosida harakatlar dasturi qabul qilinmoqda. Joriy yilda 2013–2017-yillar uchun harakatlar dasturining amalga oshirilishi yakunlanadi. Ushbu dasturni amalga oshirilishi natijasida 149,5 ming avtotransport vositalari gaz yoqilg‘isiga o‘tkazildi va atmosferaga chiqadigan ifloslantiruvchi tashlamalarning miqdori 85 ming tonnaga qisqardi. Yer va suv resurslari ifloslanishining oldini olish maqsadida Andijon, Qo‘qon, Termiz, Buxoro va Samarqand shaharlarida umumiy uzunligi 211,5 km.ga teng bo‘lgan tozalash va kanalizatsiya tarmoqlari qurildi va rekonstruksiya qilindi. Damxo‘ja suv quvurining rekonstruksiyasi natijasida 60 mingdan ziyod aholining toza ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi.

Ushbu dasturda alohida e’tibor Qoraqalpog‘iston Respublikasiga qaratilgan bo‘lib, Orol dengizining qurib qolgan tubida 76,1 ming gektarga teng bo‘lgan maydonda himoya vazifasini o‘tovchi daraxtzorlar barpo qilingan. Bundan tashqari, “Saygachiy” davlat buyurtma qo‘riqxonasi qoshida respublikada ilk bor umumiy maydoni 628,3 ming gektarga teng bo‘lgan “Saygachiy” majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonasi tashkil qilindi. U sayg‘oq va boshqa noyob, yo‘qolib borayotgan hayvonlar va o‘simliklar sonini ko‘paytirish imkonini beradi. Qoraqalpog‘iston suv havzalarida baliqchilikni rivojlantirish hamda raqobatbardosh baliq mahsulotlari va yarimfabrikatlarini ishlab chiqarish bo‘yicha texnologik zanjirlarni bosqichma-bosqich shakllantirish maqsadida “Jaltirbas”, “Sudochye” va “Ribachye” tabiiy ko‘llarini o‘z ichiga oluvchi hamda suv havzasining umumiy maydoni 39,280 ming gektarga teng bo‘lgan “Mo‘ynoq akva sanoat” DUK tashkil qilindi.

So‘nggi 50 yil ichida sayyoramizdagi o‘simlik va hayvonot dunyosi turlari uch barobarga qisqargan. Chiqindilar miqdori esa, aksincha uch barobarga ko‘payib, nafaqat ekologik vaziyatga, balki umuman inson hayotiga jiddiy xavf solmoqda.

Ta’kidlandiki, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarning aniq tizimini yaratish, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasi uchun infratuzilmani rivojlantirish, maxsus texnika parkini yangilash, moddiy-texnik va resurs bazasini ta’minlashga yo‘naltirilgan choralarni kafolatli moliya manbalari aniqlangan holda moliyalashtirish mexanizmini yaratish maqsadida, Davlat ekologiya qo‘mitasi tarkibida Chiqindilarning hosil bo‘lishi, to‘planishi, saqlanishi, tashilishi, utilizatsiya qilinishi, qayta ishlanishi, ko‘milishi va realizatsiyasini nazorat qilish inspeksiyasi tashkil qilindi. Shunga monand inspeksiyalar va “Toza hudud” davlat unitar korxonalari Qoraqalpog‘iston Respublikasining ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi hamda barcha hududiy boshqarmalarda tashkil qilinmoqda.

2017–2021-yillar davomida chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini takomillashtirishga doir kompleks tadbirlarni amaliyotga tatbiq etish boshlandi. Bu chora-tadbirlar strategik ahamiyatga ega bo‘lib, ular aniq maqsadlarga erishishga qaratilgan.

Misol uchun, birgina 2017–2018-yillar mobaynida “Toza hudud” davlat unitar korxonalarining hududiy bo‘linmalari 977 dona maxsus texnika bilan ta’minlanishi, shuningdek 182 ta transport vositalari parklari qurilishi rejalashtirilgan.

“Toza hudud” davlat unitar korxonasiga tuman (shahar) hokimiyatlari qoshidagi obodonlashtirish boshqarmalarining 1427 dona texnikasi berilishi ko‘zda tutilgan.

Dasturdan, shuningdek aholi istiqomat qiladigan joylarda 871 ta chiqindilarni yig‘ish punktlarini qurish va ularni 4119 ta chiqindi qutilari (konteynerlar) bilan jihozlash, 2017–2018-yillar davomida yangi poligonlarni tashkil qilish va mavjud 168 ta poligonni obodonlashtirish alohida o‘rin olgan.

Ma’lumki, joriy yilning 19-aprel kuni O‘zbekiston Parij bitimini imzoladi. Bitim BMTning iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi Hadli konvensiyasini “hayotga tatbiq etilishini faollashtirish”, xususan global harorat darajasini o‘sishini 20Sdan past holatda ushlab turish hamda harorat o‘sishi 1,50S darajada cheklanishi uchun sa’y-harakatlarni amalga oshirish bilan izohlanadi.

Davra suhbati davomida Uzgidromet va BMTTD mutaxassislari respublikada iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritdilar.

Shuningdek, tabiiy resurslarni barqaror boshqarish sohasida BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot ham bo‘lib o‘tdi.

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi

Axborot xizmati

Muhokama

O'z fikringizni qoldiring

Plain text

  • No HTML tags allowed.
  • Web page addresses and e-mail addresses turn into links automatically.
  • Lines and paragraphs break automatically.

2017-06-06

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika