Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > Yangiliklar > SARMISHSOY SIRI

SARMISHSOY SIRI

Navoiy viloyatida joylashgan Sarmishsoy darasi doimiy ravishda o‘ziga sayyohlarni jalb etib keladi. Zero, bu yerda insoniyatning dastlabki rivojiga guvoh bo‘lish mumkin. Sarmishsoy. Qachonlardir bu daraning bag‘ri odamlar bilan gavjum, hayot qizg‘in o‘tganiga g‘oya toshlardagi tasvirlar guvohlik beradi. Manzaralar qoshida inson aql-zakovati shoshadi. Gajakdor shoxli arxar, tog‘ echkilari, yovvoyi buqalaru to‘ng‘izlar suratidan tortib kamonli ovchilar, ov jarayoni tasvirini tomosha qilib, yetti ming yil avvalgi moziy ko‘z oldimizda gavdalanadi. Hayvonlar galasining dupuriyu ovchilarning qiyqirig‘i elas-elas quloqqa chalinganday bo‘ladi. Ajdodlarning shu qadar nafislik bilan manguga muhrlagan san’at asarlari toshlarga-da jon kiritgan.

Sarmishsoy qoyatosh suratlari ajdodlarimiz nihoyatda usta rassom va zukko bo‘lganligini namoyon etadi. Petrogliflarga oddiy qoyatosh suratlari, deb qarash aslo mumkin emas. Sarmishsoy darasi va uning atrofidagi soylarda 10 000 dan ortiq petrogliflar borligi aniqlangan. Rasmlarning asosiy qismi soyning o‘rta qismida joylashgan zich toshli 22,5 kilometr masofadagi qoyatoshlarga o‘yib ishlangan. Tasvirlar kembriy geologik davrida shakllangan qizil va qora rangli qumtoshlar hamda slanetsli qoyalarning tik sirtiga, ba’zilari yotiq sirtiga solingan. Shu joyda qadimiy ko‘chmanchi va o‘troq aholining mozor qo‘rg‘onlari joylashgan. Bu esa, odamlar ushbu yerga qadimdan har xil diniy marosimlar, bayramlar o‘tkazish va ibodat qilish uchun qadam ranjida qilgan, degan xulosaga kelish imkonini beradi. Sarmishsoy petrogliflari eng qadimiy uslublarda ishlangan bo‘lib, miloddan avvalgi II-ming yillik oxiriga taalluqli arxeologik materiallar orasida yovvoyi buqa, tog‘ echkisi, arxar va qo‘toslarning suyak qoldiqlari ham topilgan. Miloddan avvalgi I-ming yillik arafasida esa bu hayvonlar butunlay yo‘qolib ketgan. "Ochiq osmon ostidagi muzey", deb nomlanuvchi majmua durdonalari 1966-yildan boshlab olimlar tomonidan tadqiq etilmoqda. Miloddan avvalgi 4–1 ming yillikka va milodiy I–VII asrlarga mansub bo‘lgan rasmlar qoyalarga bronza, temir va tosh yordamida sxematik, kontur, soya va naqshdor uslublarda tushirilgan.

E’tiborlisi, ularning ba’zilari yomg‘ir yoqqanda ko‘rinsa, ayrimlari quyosh nuri tik tushganda paydo bo‘ladi. Shunday suratlar ham borki, uni ko‘zingiz yorug‘lik qiya tushganda yoki soyada ilg‘aydi.

Sarmishsoyning odamlarni o‘ziga ohanrabodek tortadigan yana bir jihati, bu – uning maftunkor tabiati. Dara, ayniqsa, ko‘klam kelishi bilan ajib go‘zallik kasb etadi. Binobarin, bu yerda o‘simliklarning 62 oilaga mansub 650 turi uchraydi. Ularning ayrimlari O‘zbekiston "Qizil kitob"iga kiritilgan noyob, endemik va dorivor giyohlardir.

Hudud bioxilma-xilligini boyitishda hayvonot dunyosi ham muhim o‘ringa ega. Xalqaro "Qizil kitob"ga kiritilgan hayvonlardan kapchabosh ilon, echkiemar va burgutlar bilan birga, qora baliq, ko‘lvor ilon, sariq ilon, uzun oyoqli ssink, jo‘rchi, zarg‘aldoq, kaklik, bedana, jayra kabi faunaning noyob turlari ham uchraydi. Vohaning qulay tabiiy sharoiti bu yerda odamlar paleolit davridan (300 ming yildan 15 ming yilgacha) yashay boshlagan, degan fikrni inkor etmaydi. Vohaning janubida joylashgan Uchtut chaqmoqtosh makoni va shaxtasi fikrimizga asos bo‘la oladi. Bu joy o‘rta tosh davridan bronza davriga qadar Zarafshon vodiysi va uning atrofida yashagan qabilalarni chaqmoqtosh bilan ta’minlagan.

Bu yerga kelib, o‘troqlashgan odamlar asosan soyning keng va qulay joylarida istiqomat qila boshlagan. Agar sinchkovlik bilan e’tibor berib qaralsa, soy qirg‘oqlaridagi tekisliklarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun qurilgan qadimgi sug‘orish inshootlari o‘rinlarini ham ko‘rish mumkin. Tog‘ sharoiti odamlar harakatini cheklashi tabiiy. Shu sababdan bo‘lsa kerak, bir marta o‘zlashtirilgan joyda qadimgi odamlar uzoq muddat yashashgan. Avlodlar almashinuvi jarayonida ularning dunyoqarashidagi o‘zgarishlar, yangilikka intilish, ixtirochilik xususiyatlarining bo‘y cho‘zishi natijasida turmush tarzini o‘zgartirib borganlar. Ularning xo‘jalik ishlari oqibatida tabiiy landshaft o‘zgargan. Shuningdek, chorva mollari sonining ko‘payishi yaylovlar o‘rnining qisqarishi tog‘ bag‘ridagi tabiiy o‘tloq va o‘rmonlarning yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelgan.

Sarmishsoydagi barcha yodgorliklar o‘zining tabiiy va tarixiy o‘rnida bo‘lib, asrlar davomida tabiat va inson sinovlariga dosh berib kelmoqda. Tarixiy obidalarga bo‘lgan hurmat, ular to‘g‘risidagi bilimlarimizni boyitish madaniy meroslarimizni, xususan, Sarmishsoy darasini asrab-avaylashimizga omil bo‘ladi. Tabiiy va madaniy yodgorliklarimizni saqlab qolish va ularni kelajak avlodga o‘z holicha yetkazish borasida hukumatimiz tomonidan qator ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirda "Sarmish" tabiat bog‘i deb e’lon qilingan ushbu tarixiy merosning umumiy maydoni 5000 gektarni tashkil etadi. "Sarmish" tabiat bog‘i O‘zbekis­ton Respublikasining 2004-yil 3-dekabrda qabul qilingan "Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida"gi Qonuni asosida nazorat qilinadi. Shuningdek, Sarmishsoy 2009-yil 14-iyulda tabiiy arxeologik muzey kompleksi-qo‘riqxonasiga aylantirildi.

Bugungi kunda Sarmishsoy petrogliflari nafaqat respublika, balki jahon miqyosida ajdodlarimizdan qolgan eng sara gavhar – madaniy yodgorlik sifatida tan olinib, qalbimizga faxr bag‘ishlab turibdi. 2004-yildan buyon doimiy ravishda "Sarmishsoy tabiiy-arxeologik majmua muzeyi qo‘riqxonasi"ga xorijiy va mahalliy sayyohlar tashrif buyurib, ularga muzey xizmati ko‘rsatilib kelinmoqda.

Darhaqiqat, Sarmishsoy nafaqat tabiatning bebaho yodgorligi, balki, insoniyat sivilizatsiyasini o‘rganish, uning noyob durdonalaridan bahramand bo‘lishga xizmat qiluvchi betakror manba sifatida ham alohida qimmatga ega san’at galereyasidir.

 

A.MUHAMMADIYEVA


2017-08-28

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika