Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > Yangiliklar > KELAJAK ENERGIYASI GLOBAL IQLIM O‘ZGARISHINING OLDINI OLADIMI?

KELAJAK ENERGIYASI GLOBAL IQLIM O‘ZGARISHINING OLDINI OLADIMI?

Yildan-yilga insoniyatning elektr quvvatiga bo‘lgan ehtiyoji oshishi, mavjud gaz va neft zaxiralarining kamayishi muqobil elektr manbalaridan foydalanishni kengaytirish zaruratini qo‘ymoqda. Zero, global ekologik muammolardan biri bo‘lgan iqlim o‘zgarishi bevosita insoniyatning atrof-muhitga salbiy ta’siri ostida yuz berdi. Sayyoramizda aholi sonining ortishi, ishlab chiqarishning o‘sishi, sanoat, avtomobil va boshqa sohalarning rivoji haddan ziyod energiyadan foydalanishga olib keldi. Oqibatda elektr quvvatini ishlab chiqarish borasida sarflanayotgan gaz, ko‘mir va neft mahsulotlarini yoqishdan chiqayotgan  karbonat angidrid va issiqxona gazlari havoni yanada isitib, iqlim o‘zgarishiga sabab bo‘layotir. Bugun mazkur muammo faqatgina ekologlar, tabiat muhofazasi yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan olimlarnigina bosh og‘rig‘i emas. Uning hal qilinishi jamiyatdagi barcha sohalar bilan bog‘liq. Chunki, qaysi yo‘nalishga nazar tashlamang, u albatta elektr quvvatini iste’mol qiladi, bu esa, o‘z navbatida, atmosferaga chiqariladigan karbonat angidrid miqdorini ko‘paytiradi. Joriy yilning 10-iyunidan 10-sentyabrigacha Ostona shahrida “Kelajak energiyasi” mavzusi ostida bo‘lib o‘tayotgan EXPO–2017 xalqaro ko‘rgazmasi doirasida mavzu yuzasidan 12 ta konferensiya o‘tkazilib, ularning barchasida atmosferaga karbonat angidridning chiqarilishi, samarali energiya texnologiyalarini joriy qilish, shuningdek barqaror energetikadan samarali foydalanish borasidagi munozaralar, bahslarni o‘z ichiga oldi.

Joriy yilning 21–22-avgust kunlari tashkil etilgan “Iqlim o‘zgarishi muammosi uchun energetik qarorlar” mavzusidagi xalqaro forumda Yevropa, Afrika, Amerika, Osiyo  mamlaktlaridan kelgan olimlar, tijorat, davlat va nodavlat tashkilotining xodimlari, jurnalistlar ishtirok etishdi.

– Qozog‘iston Respublikasi uglevodorod xomashyosi va mineral resurslarning etakchi eksportyorlaridan biridir, – deydi Qozog‘iston Respublikasi Energetika vaziri Kanat Bozumbaev. – Shu bilan birgalikda mamlakat jahon hamjamiyati, kelajak avlod oldidagi mas’uliyatini his qilgan holda toza texnologiyalarni rivojlantirish va barqaror rivojlanishni ta’minlash maqsadida “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga tayanib ish ko‘radi. Qozog‘iston Respublikasida  iqlim o‘zgarishi muammosini hal qilish davlat oldida turgan asosiy vazifalardan biridir.

EXPO–2017 xalqaro ko‘rgazmasi hamda “Kelajak energiyasi” xalqaro forumi energiyaning yangi turlari va muqobil energiyani hayotga tadbiq etishdagi eng ilg‘or tajribalarni  qo‘llash borasidagi tajribalarni o‘rtoqlashish maydonchasiga aylandi.  Forumda aynan o‘zining tijorat g‘oyalarini muqobil energetika asosida amalga oshirayotgan tadbirkorlarning qatnashishi uning dolzarbligini yana bir bor ko‘rsatdi.

– 2040-yilga kelib energiyadan global miqyosda foydalanish 30% ga o‘sadi, – dedi o‘z ma’ruzasida KAZENERGY raisi o‘rinbosari Uzakbay Karabalin. – Urbanizatsiya o‘sayotgan hamda industralizatsiya jadal ravishda amalga oshirilayotgan Hindiston, Xitoy, Janubiy-sharqiy Osiyo davlatlarida bu ko‘rsatkich yanada yuqori bo‘ladi. 2014-yilda rivojlanayotgan mamlakatlar Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlarning ehtiyoji birgina Xitoy va Hindistonning ehtiyoji bilan yaqin 20 yilda teng bo‘ladi.

Forumga taklif etilgan AQSHdagi Stenford universitetining energetika siyosati va mablag‘larini o‘rganish bo‘yicha Stayer-Teylor markazining xodimi, olim  Jefri Bolning fikriga ko‘ra,  yangi energiya manbalari jahon iqtisodiy tizimini butunlay o‘zgartirib yuboradi.

Binolarning energetik tavsifi Yevropa institutining ijrochi direktori Oliver Rapf elektr quvvatini tejovchi “aqlli uylar”ni  ko‘plab qurish, hozirgi kunda mavjud uylarda issiqlikning behuda sarfini oldini olish uchun eshik va derazalarni germetizatsiya qilish borasida to‘xtalib, mazkur yo‘nalishda kompaniya tomonidan olib borayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi.

– “Aqlli uy” nima uchun kerak? Hozir havo harorati insonning aybi bilan oshib borayotganini inobatga oladigan bo‘lsak, unga moslashish va atmosferaga zararli gazlarni chiqarmaydigan, muqobil energiya manbalarida ishlovchi uylarni qurish zarur, – dedi u. – Ularning faoliyatini rivojlantirishda avvalo, markazlashtirilgan isitish tizimidan voz kechish, aholining iqlim o‘zgarishi va unga moslashish borasidagi bilimlarini oshirish zarur. Chunki bugungi kundagi mavjud uylar juda ham ko‘p elektr va issiqlik quvvatini “iste’mol” qiladi. Bu holat iqlim o‘zgarishi borasidagi muammoning yanada keskinlashuviga turtki beradi.

Forumning ikkinchi kuni bevosita samarali quvvat manbalaridan foydalanish borasidagi eng yaxshi tajribalar haqidagi ma’ruzalar tinglandi. Bangladeshning Muhandislik masalalari bo‘yicha hududiy rahbari Murod Xosseyni mamlakatda quyosh batareyalarini o‘rnatish, shamol energetikasidan samarali foydalanish xususida forum fatnashchilariga so‘zlab berdi:

– Asosiy muammolardan biri Bangladeshdagi aksariyat aholi yangi texnologiyalarni tushunmay, eski uslubda yashashni afzal ko‘rishidir. Shu sababli sayyora, mamlakati, Vatanining kelajagiga befarq bo‘lmagan har bir olim, tadbirkor  o‘z faoliyati bilan birgalikda iqlim o‘zgarishi, bevosita quvvat manbaidan foydalanish va uning atrof-muhitga ta’siri borasida tushintirish ishlarini ham olib borish zarur.

Solar Impulse Fondining asoschisi,  tadqiqotchi Bertran Pikker “Toza dunyo uchun novatorlik ruhi” nomli ma’ruzasida “aholida yangi tafakkurni rivojlantirish, eski qarashlardan voz kechgan holda ekologik jihatdan toza va xavfsiz dunyoda yashash” uchun faoliyat yo‘nalishlari qanday bo‘lishi xususida to‘xtaldi.

Forum energiya manbalaridan tejamkorlik bilan foydalanishdan tashqari,  sohaga yangi, ilg‘or yo‘nalishlarni tadbiq etish borasida jahon tajribasini ko‘rsatish, fikrlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishdi. Zero, bugungi kunda muammoni hal etishdagi hamkorlik, birdamlik muhim ahamiyat kasb etib,  bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilish zarur. Shundagina inson o‘z farzandlari uchun ham xavfsiz va pokiza dunyoni meros qoldiradi.

 

Nargis Qosimova,

Toshkent–Ostona–Toshkent


2017-09-04

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika