Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > Yangiliklar > CHIQINDILARGA BO‘LGAN MUNOSABATNI O‘ZGARTIRISHNING VAQTI KELDI

CHIQINDILARGA BO‘LGAN MUNOSABATNI O‘ZGARTIRISHNING VAQTI KELDI

Mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan tub yangilanishlar, modernizatsiyalash va islohotlar, albatta xalqimiz turmush darajasini yaxshilash va oshirishga qaratilgan. Barcha jabhalar qatori ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ham o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

Hozirgi kunda aholi soni va sanoat  korxonalarining jadal rivojlanishi bilan bir qatorda ekologik muammolar ham ortib bormoqda. Bu muammolar, ayniqsa inson faoliyatida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Rivojlangan mamlakatlarning tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, ekologik muammolarga befarqlik ham iqtisodiy ham ijtimoiy inqirozni keltirib chiqaradi. XX-asrning ikkinchi yarmi XXI-asr boshlariga kelib ekologik muammolar sirasiga “chiqindilar” ham qo‘shildi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, maishiy chiqindilar butun dunyoda arzon xomashyo hisoblanadi. Rivojlangan mamlakatlar tajribasi chiqindilarning 85 foizini qayta ishlash mumkinligini ko‘rsatmoqda. Xitoyda metalldan yasalgan buyumlarning 33 foizi, jun, ipak va charmdan tayyorlangan buyumlar, hatto attorlik buyumlarining 34 foizi turli xil chiqindilarni qayta ishlash orqali tayyorlanadi. Yaponiyada esa rezina mahsulotlarining 34 foizi, qog‘oz va kartonning 54 foizi, shisha buyumlarning 43 foizi chiqindini qayta ishlash hisobiga tayyorlanadi. Bu mamlakatlarda chiqindiga muammo sifatida emas, balki xomashyo sifatida qarashadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-apreldagi  «Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi PF-5024-sonli Farmoniga muvofiq hamda chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish, munosib yashash sharoitlarini yaratish, respublikada sanitariya va ekologik vaziyatni yaxshilash, aholi turmush darajasi va sifatini yanada oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-apreldagi «2017 – 2021-yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–2916-sonli qarori imzolandi. Mazkur qarorni amalga oshirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, viloyatlar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari huzuridagi «Toza hudud» davlat unitar korxonalari va mamlakatimiz shaharlarida, shuningdek, tumanlar hokimliklari huzuridagi obodonlashtirish boshqarmalarining chiqindilarni olib ketish bo‘yicha xizmat ko‘rsatadigan uchastkalari negizida ularning filiallari ochildi. Buxoro viloyati shahar va tumanlari Obodonlashtirish boshqarmalari tarkibidagi “Sanitar tozalash” uchastkalarining mavjud asosiy vositalari to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, “Toza hudud” davlat unitar korxonasi balansiga qabul qilib olish ishlari yakuniga etkazilmoqda. Qarorda keltirilgan namunaviy sturuktura asosida viloyat “Toza hudud” DUK va tuman filiallarining shtat jadvallari ishlab chiqildi. Buxoro viloyati “Toza hudud” DUK o‘z tarkibini yosh, malakali, o‘z ishining mutaxassisi bo‘lgan yosh kadrlar bilan to‘ldirib bormoqda. “Toza hudud” DUK albatta viloyatimiz salohiyati va imkoniyatlaridan keng foydalanilgan holda viloyatimizni Respublikamizdagi eng toza hudud maqomini olishiga bor kuch imkoniyatlarini ishga soladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-5024-sonli farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tarkibida tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari tarkibida “Chiqindilarning hosil bo‘lishi, to‘planishi, saqlanishi, tashilishi, utilizatsiya qilinishi, qayta ishlanishi, ko‘milishi va realizatsiyasini nazorat qilish” inspeksiyasi tashkil etildi. Mazkur inspeksiya ekologik vaziyatning yomonlashuvi, noqonuniy chiqindixonalar yuzaga kelishini oldini olish uchun joylarda sanitariya jihatidan tozalash tashkilotlari tomonidan chiqindilar o‘z vaqtida olib chiqib ketilishi ustidan muntazam ravishda nazorat olib borish, chiqindilarni joylashtirish obyektlarining sanitariya-ekologik holatini o‘rganish, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda reyd tartibidagi ekologik nazoratni o‘tkazish, joylarda noqonuniy chiqindixonalarni aniqlash, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rgan holda, muntazam ravishda monitoring olib borish, atrof-muhit ifloslanishiga olib kelishi hamda aholining hayoti va sog‘ligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarni aniqlash va bartaraf etish kabi qator vazifalarni amalga oshiradi.

Viloyatimizda jami bo‘lib 15 ta markaziy chiqindixonalar va 4 ta chiqindilarni saqlash uchun kichik poligonlar mavjud bo‘lib, chiqindixonalarning jami egallagan yer maydoni 120,77 gektarni, axlat to‘plagichlar soni 944 ta, konteynerlar soni esa 557 tani tashkil etadi.  Viloyatda yiliga 189149 tonna maishiy chiqindi hosil bo‘ladi. Shunday ekan, hamjihatlikda chiqindilar bilan bog‘liq ishlar amalga oshirilmasa, bu aholi salomatligi, viloyatning obod va ko‘rkamligiga jiddiy zarar yetkazadi. Chiqindilarni boshqarish jarayonida kommunal xizmatlar ko‘rsatish qoidalarining me’yor va talablariga to‘liq rioya etish nafaqat mas’ul tashkilotlar, mahalliy hokimiyat organlari,  fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, balki viloyatimiz aholisi, iste’molchilarning tashabbuskorligi va faolligiga ham bog‘liqdir. Shunday ekan, chiqindilarga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartirish vaqti keldi. Bu borada olib borilayotgan islohotlar, avvalo xalqimiz turmush darajasini yaxshilash, eng asosiysi, inson manfaatlarini himoya qilishga qaratilganini unutmasligimiz darkor.

V. Jo‘raqulov, A.Erdonov,

Buxoro viloyat ekologiya va atrof-muhitni  

muhofaza qilish boshqarmasi

Buxoro shahar inspeksiyasi inspektorlari.


2017-09-18

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika