Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > Yangiliklar > «Toza hudud» toza hudud yaratadi

«Toza hudud» toza hudud yaratadi

Hokimliklar huzuridagi obodonlashtirish boshqarmalarida qattiq maishiy chiqindilarni yig’ish va utilizatsiya qilish yo’lga qo’yilgan edi. Mazkur yo’nalishdagi ishlarga 42 milliard so’m mablag’ sarflanib, 137 ta maxsus texnika, 1 ming 845 ta chiqindi to’plash shoxobchasi hamda 680 ta konteyner xarid qilindi.

Ammo maishiy chiqindilarni tashib ketish borasida yo’l qo’yilgan ko’plab kamchiliklar aholining haqli e`tiroziga sabab bo’ldi. Jumladan, chiqindilar to’planadigan poligonlar sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena me`yorlariga javob bermagani sabab aholi salomatligiga jiddiy zarar yetkazmoqda. Shuningdek, qattiq maishiy chiqindilarni tashib ketish va poligonlarda utilizatsiya qilish xizmatlari ko’rsatish bo’yicha yaxlit tizim yaratilmadi. Zamonaviy texnologiyalar asosida chiqindilarni qayta ishlash tizimi ham yo’lga qo’yilmadi.

Ana shundan kelib chiqib, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-apreldagi «Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to’g’risida»gi farmoniga muvofiq, Farg’ona viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bosh­qarmasi huzurida ham «Toza hudud» davlat unitar korxonasi tashkil etildi. Uning faoliyati obodonlashtirish bosh­qarmalari ishidan keskin farq qiladi.

Hozirgi kunda Farg’ona ­viloyatida bir kunda o’rtacha 3,5 ming tonna, bir oyda 105 ming tonna, bir yilda 3 million 260 ming tonna maishiy chiqindi hosil bo’lmoqda. Shu vaqtga qadar shahar va tuman obodonlashtirish bosh­qarmalari tomonidan tuman hududlarining barcha joylarida chiqindilarni vaqtinchalik yig’ish uchun chiqindi to’plash shoxobchalarini o’rnatish va chiqindilarni olib chiqib ketish qamrovi 45 foizni tashkil etgan. Bundan ko’rinib turibdiki, maishiy chiqindilarni aholi yashash joylaridan tashib ketish to’liq qamrab olinmagan.

Jumladan, Farg’ona, Qo’qon, Quvasoy hamda Marg’ilon shaharlarida maishiy chiqindilarni tashib ketish bo’yicha xizmat ko’rsatilmay kelmoqda. Natijada bu holat aholining jiddiy noroziligiga sabab bo’lgan. Shuningdek, 2017-yil I-yarim yilligi uchun chiqindi to’lovlari 4 foizni tashkil qilib, qarzdorlik qariyb 7 milliardga yetgan.

Ayni paytda «Toza hudud» DUK tomonidan jismoniy va yuridik shaxslar bilan shartnomalar tuzish, aholidan tushadigan pul tushumlarini hisob-kitob qilish, qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish sxema va grafiklarini tuzish, poligonlar holatini yaxshi saqlash bo’yicha amaliy ishlar boshlab yuborilgan.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti­ning 2017-yil 21-apreldagi «2017–2021- yillarda maishiy chiqindilar bilan bog’liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi qaroriga muvofiq, «Farg’ona vodiysida chiqindilarni kompleks bosh­qarish klasteri tashkil etish» loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha asosida Bahraynning «Man Capita» kompaniyasi bilan hamkorlikda Farg’ona vodiysida qiymati 96 million dollarlik chiqindilarni qayta ishlovchi korxona barpo etilishi ko’zda tutilgan.

«Toza hudud» DUK ushbu qo’shma korxona ulushiga ega bo’lib, korxona ishga tushirilganda chiqindilarni yig’ish tizimi avtomatlashtiriladi va chiqindilarni olib chiqish-tashish ishlari takomillashadi. Natijada barcha aholi yashash punktlari avtomatlashtirilgan konteynerlar bilan ta`minlanadi. Presslash uskunalari va GPS monitoring tizimi o’rnatilishi natijasida ekspluatatsiya xarajatlari 20, yo’nalishlarni optimallashtirish tizimi evaziga ekspluatatsiya xarajatlari 80, zararli moddalar tashlamalari 50 foizga qisqaradi. Bundan tashqari, 2 mingga yaqin yangi ish o’rni yaratiladi.

Loyiha 3 bosqichda amalga oshiriladi. 2017-yilda 15 million dollar investitsiya hisobiga abonentlar bazasini shakllantirish, 3893 ta chiqindi yig’ish shoxobchalarini kapital ta`mirlash, 2483 ta konteynerni jihozlash, almashtirish, 100 ta (SCANIA va IVECO) yangi chiqindi tashish texnikalarini xarid qilish, shuningdek, 47 ta avtopark tashkil qilish, poligonlar infratuzilmasini rivojlantirish va boshqa ishlar amalga oshiriladi. Loyihaning keyingi bosqichida, ya`ni 2018-yilda 40,8 million dollar inves­titsiya hisobiga avtomatlashtirilgan logistika tizimini joriy qilish (29 shahar va 25 tuman), chiqindilarni saralash va qayta ishlash korxonasini qurish va ishga tushirish, 6800 ta GPS tarmog’iga ulangan presslash uskunali konteynerlar o’rnatish, 200 ta chiqindi yig’ish shoxobchasi qurish, 100 ta EURO-4 standartiga ega chiqindi tashish texnikasi, 50 ta maxsus texnika sotib olish, 54 ta chiqindilarni press­lash markazlari tashkil qilish, shuningdek, yillik quvvati 2,1 million tonna chiqindini saralash va qayta ishlash korxonasini ishga tushirish nazarda tutilgan.

Yakuniy bosqich 2019–2020-yillarni qamrab oladi. Unda 40 million dollar investitsiya hisobiga avtomatlashtirilgan logistika tizimini kengaytirish, ikkilamchi xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilish, ikki mingta GPS tarmog’iga ulangan presslash uskunali konteynerlar o’rnatish, 630 ta chiqindi yig’ish shoxobchasi qurish, 100 ta EURO-4 standartiga ega chiqindi tashish texnikasi, 30 ta maxsus texnika bilan ta`minlash, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish korxonalarini qurish va ishga tushirish ishlari amalga oshiriladi.

Bu loyihadan Farg’ona vodiysidagi maishiy chiqindilarni to’liq qayta ishlash, 2 mingga yaqin ish o’rni, qo’shimcha poligonlar tashkil qilish ehtiyojini kamaytirish kutilmoqda. E`tiborlisi, «Man Capita» qo’shma korxonasi to’liq ishga tushsa shisha, qog’oz, plastmassa va sintetik tola, qurilish materiallari, organik o’g’it mahsulotlari, qattiq yoqilg’i (briket), biogaz, eletkr-energiyasi hamda boshqa turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish imkoni paydo bo’ladi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti­ Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 22–23- iyun kunlari Farg’ona viloyatiga tashrifi davomida viloyat «Toza hudud» davlat unitar korxonasining faoliyatini takomillashtirish bo’yicha bergan topshiriqlarga asosan yuqoridagi qo’shma korxona loyihasini amalga oshirish bo’yicha viloyatning 6 ta tumanidan yer maydonlari tanlandi.

Yuqoridagi amaliy ishlarning bajarilishi, o’z navbatida, aholini qattiq maishiy chiqindilarni tashib ketish xizmatlari bilan qamrab olish darajasi 2021-yilgacha mamlakatimiz bo’yicha 63 foizdan 93 foizga o’sishiga xizmat qiladi.

 

Mahammatmuso BOBOXO’JAYEV,

Farg’ona viloyati Ekologiya va

atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig’i,

Erkin ABDULLAYEV,

viloyat «Toza xudud» davlat unitar

korxonasi rahbari


2017-10-04

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika