Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > Yangiliklar > Chiqindi – qimmatbaho xomashyo

Chiqindi – qimmatbaho xomashyo

Hammamiz shu tabiat qo‘ynida yashaymiz. Demak, hayotimiz qanday bo‘lishi unga bog‘liq. Ekologiya qanday saqlanishi esa bizga. Prezidentimizning 2017-yil 21-apreldagi «2017–2021-yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori munosib yashash sharoitlarini yaratish, sanitar hamda ekologik vaziyatni yaxshilash, aholi turmush darajasi va sifatini yanada oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Muxbirimizning O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Oybek Adhamjonov bilan suhbati mazkur qaror ijrosi yuzasidan qilinayotgan ishlar, mavjud muammo va kelgusida amalga oshiriladigan vazifalar to‘g‘risida bo‘ldi.

– Ayni paytda yurtimizda chiqindilarni boshqarishning yangi mexanizmi joriy etilmoqda. Bu o‘z navbatida, ekologik muammolarni hal etishda turli xil chiqindilarni qayta ishlash va uning me’yor hamda turlarini kamaytirish, ulardan ikkilamchi xomashyo sifatida qayta foydalanish imkoniyatini yaratdi. Albatta, hosil bo‘layotgan chiqindilarni yig‘ish, saqlash, tashish, saralash, ko‘mish, utilizatsiya qilish, va qayta ishlash masalasi ustuvor vazifalardan hisoblanadi. Prezidentimizning 2017-yil 21-apreldagi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida yurtimizda ekologiya va sanitariya muhitini yanada yaxshilash, aholi salomatligini mustahkamlash, shahar va qishloqlarimizning yanada obod hamda ko‘rkam qiyofa kasb etishiga xizmat qiluvchi kompleks tadbirlar belgilandi.

Xususan, sanitar tozalash sohasida infratuzilmani tashkil etish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, viloyatlar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari huzurida 13 ta «Toza hudud» davlat unitar korxonasi va ularning 172 ta tuman (shahar) filiali tashkil etilib, 10 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, tuman (shahar) hokimliklari qoshidagi obodonlashtirish boshqarmalarining beg‘araz beriladigan mol-mulki xatlovdan o‘tkazilib, 1 ming 332 ta maxsus texnika, 4 ming 337 ta chiqindi to‘plash maydonchasi, 7 ming 122 ta konteyner, 174 ta poligon o‘rnatilgan tartibda «Toza hudud» korxonasi balansiga o‘tkazildi.

– Demak, mazkur yo‘nalishdagi ishlar «Toza hudud» korxonasi tomonidan bajarilib, ular sohaga javobgar hisoblanadi.

– Qaror talablaridan kelib chiqilsa, xuddi shunday. Ammo bu bilan chiqindilarni tozalash, to‘plash, bartaraf etish yoki umuman obodonlashtirish ishlari bilan faqatgina mazkur korxona shug‘ullanadi, deyishdan yiroqmiz. Boisi bu barcha fuqarolarning, jamoatchilikning kundalik yumushiga aylanishi kerak. Shu ma’noda jismoniy va yuridik shaxslarni sanitar tozalash xizmatlari bilan qamrab olish borasida ham salmoqli ishlar bajarilmoqda. Jumladan, xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha yangi yo‘nalish va harakat jadvallari, tariflar ishlab chiqilib, tasdiqlandi. Bugungi kunda mamlakatimizdagi 13,7 million aholiga  sanitar tozalash xizmatlari ko‘rsatilib, ushbu ko‘rsatkich aholining 52,3 foizini tashkil etmoqda.

Bundan tashqari, sohada axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish maqsadida abonentlarning elektron bazasini shakllantirish, to‘lovlarni qabul qilish va hisobini yuritishning elektron «Billing» tizimi hamda chiqindi tashish maxsus texnikalari harakatini masofadan «onlayn» rejimda kuzatish (GPS) tizimini joriy etish ishlari olib borilmoqda.

– Aholi sonining ko‘payishi hududlarda chiqindi konteynerlarining yetishmasligi, chiqindilarni o‘z vaqtida tashib ketish bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqaryapti. Muammoning yechimi bo‘yicha qanday ishlar qilinmoqda?

– Avvalo, joriy yilda «Toza hudud» davlat unitar korxonalarini maxsus texnika bilan ta’minlash bo‘yicha davlat byudjetidan ajratiladigan 24,6 milliard so‘m evaziga 158 ta assenizatsiya avtomashinasi xarid qilish belgilangan. Hozirda «SamAvto» zavodi bilan 129 ta avtomashina uchun umumiy qiymati 32,2 milliard so‘mlik shartnoma imzolandi. O‘tkazilgan xatlov natijalariga ko‘ra, 14 ming 486 ta chiqindi to‘plash maydonchasi, 153 ta chiqindi poligoni mavjudligi aniqlandi. Hozirda 568 ta chiqindi to‘plash maydonchasini qurish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan. Ekologik-sanitariya normalari va qoidalariga zid ravishda faoliyat yuritib kelgan 3 ta chiqindi poligonining faoliyati to‘xtatildi. 8 ta chiqindi poligoni tugatish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

– Chiqindini tashlab yuborishdan ko‘ra, uni qayta ishlash har jihatdan foydali ekanini bugun rivojlangan davlatlar tajribasida ko‘rmoqdamiz. Bu atrof-muhit musaffoligi uchun ham, iqtisodiyot uchun ham nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega. Bu borada qanday ishlar amalga oshirilyapti?

– Bugungi kunga kelib ko‘pchilik «ikkilamchi qayta ishlash», degan tushuncha haqida ozmi-ko‘pmi tasavvurga ega bo‘lib bormoqda. Ayni paytda mamlakatimizning 11 ta shahrida zamonaviy innovatsion texnologiyalarga asoslangan qattiq maishiy chiqindilarni yig‘ish, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish klasterini tashkil etish bo‘yicha 10 ta tashabbuskor tadbirkorlik subyekti aniqlandi. Shundan bugunga kelib 6 ta zavodning qurilish ishlari nihoyasiga etkazildi. Shuningdek, xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida joylashgan chiqindi poligonida chiqindilarni utilizatsiya qilish maqsadida 2 ta chiqindilarni saralash texnologik uskunalari olib kelinib, qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 31-iyuldagi farmoyishiga asosan Bahraynning «Man Capita S.P.C.» kompaniyasi ishtirokida chiqindilarni qayta ishlashda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha «Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlarida ekologik klasterni yaratish» investitsiya loyihasini amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan tashkiliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Loyiha «MC Invest Group» xususiy korxonasi tomonidan amalga oshiriladi. Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanida chiqindilarni qayta ishlash zavodi qurilishi uchun yer maydoni ajratilib, maxsus texnika, chiqindi yig‘ish maydonchasi, konteynerlar, chiqindilarni qayta yuklash stansiyalari va saralash liniyalari soni aniqlanib, loyihaning dastlabki mezonlari belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan mingdan ortiq aholi yashash punktida chiqindi bilan bog‘liq qonunchilik talabi buzilishining oldini olishga qaratilgan 1 ming 290 ta tezkor nazorat tadbiri o‘tkazildi. Natijada 222 ta noqonuniy chiqindixona faoliyatiga chek qo‘yilib, 867 ta fuqaroga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanildi.

– Prezident qaroridan kelib chiqib kelgusida qanday loyihalarni hayotga tatbiq etish nazarda tutilgan?

– Joriy yil yakuniga qadar 4 ming 568 ta yangi chiqindi to‘plash maydonchasi qurilishini yakunlash, 5 ming 146 ta chiqindi poligonini tartibga keltirish, Respublikaning 11 ta shahrida zamonaviy innovatsion texnologiyalarga asoslangan qattiq maishiy chiqindilarni yig‘ish, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish klasterini tashkil etish bo‘yicha loyihalarni davom ettirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, yangi 158 ta xarid qilingan maxsus texnikani ishga tushirish, abonentlarning elektron bazasini to‘liq shakllantirish, to‘lovlarni qabul qilish va hisobini yuritishning elektron «Billing» tizimi hamda chiqindi tashish maxsus texnikalari harakatini masofadan kuzatish (GPS) tizimini to‘liq joriy etish ishlari bajariladi.

Chiqindilarni boshqarish jarayonida kommunal xizmatlar ko‘rsatish qoidalarining me’yor va talablariga to‘liq rioya etish nafaqat mahalliy hokimiyat idoralari, mas’ul tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari, balki iste’molchilarning tashabbuskorligi va faolligiga ham bog‘liqdir. Bu borada har bir fuqaro mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, avvalo, inson manfaatlarini himoya qilish, aholining turmush darajasi va sifatini oshirishga qaratilganini anglab yetishi muhimdir.

 

Xayrullo ASTANAQULOV

suhbatlashdi.


2017-10-13

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika