Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > Yangiliklar > DAVRA SUHBATIDA MAISHIY CHIQINDILAR BILAN BOG‘LIQ MUAMMOLAR MUHOKAMA ETILDI

DAVRA SUHBATIDA MAISHIY CHIQINDILAR BILAN BOG‘LIQ MUAMMOLAR MUHOKAMA ETILDI

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda bir yilda 35 million kubometrga yaqin maishiy chiqindi hosil bo‘ladi. Ularni utilizatsiya qilish va qayta ishlashni samarali tashkil etish yurtimizda ekologiya hamda sanitariya muhitini yanada yaxshilash, aholi salomatligini mustahkamlash, ishlab chiqarishni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.

Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Ekoharakat deputatlari guruhi, O‘zbekiston Ekologik harakati, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda “Qattiq maishiy chiqindilarni boshqarishda zamonaviy texnologiyalar: huquqiy, texnik va investitsion yechimlar” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Ishtirokchilar dastlab “O‘zbekiston rangli metall parchalari, chiqindilarini tayyorlash va qayta ishlash zavodi” aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda ilg‘or tajribalar asosida rangli metallar, muddatini o‘tagan akkumulyatorlar, batareyalar, elektron jihozlar va boshqa turdagi chiqindilarni yig‘ib olish, qayta ishlash bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

– Bir qator yirik loyihalarni hayotga tatbiq etdik. Ulardan biri Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan “Tabiatga imkon bering” loyihasidir, – deydi zavod bo‘lim boshlig‘i M.Saidov. – Unga ko‘ra, yuridik va jismoniy shaxslardan yaroqsiz, eskirgan elektrotexnika vositalarini qabul qilamiz va ularga savdo majmualaridan yangilarini imtiyozli sotib olish uchun chegirmali kuponlar taqdim etamiz. Biz esa qabul qilingan texnika vositalardan kundalik turmushimiz uchun zarur bo‘lgan mahsulotlar tayyorlaymiz. Loyihalarimizdan yana biri eski avtomobillar utilizatsiyasi bilan bog‘liq. Endilikda bizga murojaat qilgan tashkilotlarning avtomobillarini tegishli tartibda xarid qilamiz va qayta ishlashga yo‘naltiramiz. Kelgusida bu kabi loyihalarni yanada kengaytirishni rejalashtirganmiz. Bu ham aholi manfaatlari va tabiat musaffoligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Davra suhbatida bugungi kunda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq muammolar, ularni zudlik bilan hal etish yo‘llari muhokamalar markazida bo‘ldi.

Mutaxassislar fikricha, hali qattiq maishiy chiqindilarni birlamchi saralashning aniq mexanizmi yaratilmagan. Ularni poligonlarda saqlash usuli saqlanib qolmoqda. Oqibati ayon: bu qattiq maishiy chiqindilar tarkibidagi ikkilamchi xomashyo sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan foydali komponentlarning yo‘qolishiga, chiqindilar miqdorining ortib borishiga, ularni saqlash uchun qo‘shimcha maydonlar ajratishga, atrof-muhit ifloslanishi va insonlar salomatligiga zarar yetkazishga sabab bo‘lmoqda.

Tadbirda yurtimizda chiqindilarni boshqarishning huquqiy, texnik va investitsion yechimlarini joriy qilish, maksimal darajada utilizatsiyalash bo‘yicha istiqbolli chora-tadbirlarni amalga oshirish, xorijiy mamlakatlarning chiqindilarni qayta ishlash tajribasi, sohaga zamonaviy texnologiyalarni jalb etish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Muhokamalarda so‘zga chiqqanlar qattiq maishiy chiqindilarni boshqarishda qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha tajriba almashish, ushbu jarayonga tadbirkorlar va xususiy sektor vakillarini jalb qilish, ular faoliyatini rag‘batlantirish mexanizmini yaratish muhimligini alohida qayd etishdi.


2017-10-25

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika