Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > Yangiliklar > MUROJAAT ORTIDAGI YECHIM

MUROJAAT ORTIDAGI YECHIM

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan tamoyil asosida mamlakatimizda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining xalq bilan muloqot qilishi va ularning murojaatlari bilan ishlashning yangi tizimi joriy etildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual, Xalq qabulxonalari, shuningdek vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlarining virtual qabulxonalari aholining murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va ularni qiynab kelayotgan muammolarga yechim topishda yuksak samaralar bermoqda.

Bugungi kunda davlat hokimiyati organlari rahbarlarining xalq bilan bevosita muloqoti yo‘lga qo‘yilmoqda. Buning natijasida aksariyat muammolar joyida hal etilib, odamlarning adolatga, ertangi kunga ishonchi mustahkamlanmoqda. Rahbarlar va mansabdor shaxslarning davlatimiz, xalqimiz oldidagi mas’uliyati oshmoqda.

Ana shunday murojaatlardan biri O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining virtual qabulxonasiga kelib tushdi.

Murojaatda Urganch tumani Chakka Sholikor fermerlar uyushmasi, “Shermatlar mahallasi”, Yoshlik ko‘chasi, 36-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro Maryam G‘aniyeva, u istiqomat qilayotgan uyning oldida ohak zavodi faoliyat yuritayotganligi, buning natijasida doimiy ravishda chang, g‘ubor va gaz hidi atrofga tarqalayotganligi, shuningdek, kechasi xomashyo sifatida toshlarni tushirish vaqtida shovqin yuzaga kelayotganligi, ushbu zavodni aholi yashash joyidan uzoqroq hududga ko‘chirishga amaliy yordam berish so‘ralgan edi.

Shundan so‘ng, Qo‘mita tomonidan ohak zavodi faoliyati o‘rganilganida, fuqaro M.G‘aniyeva yashayotgan uyning janub tomonida hech qanday muhofaza hududiga ega bo‘lmagan ohak xumdoni faoliyat yuritayotgani, xumdonlarning usti ochiq, atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatuvchi omillarning oldini oluvchi choralar ko‘rilmagani, kuchli bosim ostida yoqilayotgan tabiiy gazning hidi va yuqori darajadagi issiqlik haqiqatan ham atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatib, fuqarolarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lganligi aniqlanib, bir qator qonunlarning talablari buzilgan.

“Bobur baxra qurilish” MCHJ rahbari B.Boltayev viloyat boshqarmasiga taklif qilingan. U bilan tushuntirish va profilaktika ishlari olib borilib, natijada jamiyat rahbari sexni ekologik xavfsiz joyga ko‘chirish va tegishli organlarning ijobiy xulosasini olgan holda faoliyatini qonuniylashtirishi haqida tushuntirish xati bergan bo‘lsa-da, biroq jamiyat tomonidan hech qanday ijobiy ishlar amalga oshirilmagan.

Mazkur holat yuzasidan, ya’ni ohak pishirish xumdonlari faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha Urganch tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilingan hamda shu asnoda “Bobur baxra qurilish” MCHJga qarashli ohak pishirish xumdonlarining faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

Maryam G‘aniyeva:

– Uyimning yonginasida joylashgan ohak pishirish zavodi anchadan buyon nafaqat meni, balki mahalla ahlini ham xavotirga solayotgan edi. Zavoddan yon-atrofga chiqayotgan chang, yuqoriga o‘rlayotgan gaz, undagi shovqin-suronlar anchadan buyon halovatimiz, salomatligimizga putur yetkazayotgandi.

Murojaatimga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan qisqa muddatda tekshirishlar o‘tkazilib, bizni qiynab kelayotgan muammoga barham berildi. Urganch tumanlararo iqtisodiy sudining qaroriga ko‘ra, ohak pishirish zavodining faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

Men va mahalla ahli bundan bag‘oyat shod bo‘ldik. O‘ylaymanki, zavod aholi va turarjoylarga zarar yetkazmaydigan joyda o‘z faoliyatini davom ettiradi.

Fursatdan foydalanib, men o‘z nomimdan va mahalla fuqarolari nomidan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Ularga yurtimiz obodligi, xalqimiz farovonligi yo‘lida omad va ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolaman.

 

Anvar Abdulla,

jurnalist

 


2017-11-02

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika