Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > Yangiliklar > Qonun ijrosi nazoratda

Qonun ijrosi nazoratda

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi hamda Ekoharakat deputatlar guruhining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning 14-15-moddalari ijrosini Surxondaryo viloyatida nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda deputatlar, vazirlik, idora va qo‘mitalar, jamoat tashkilotlari, Surxondaryo viloyati hokimligi, sanoat korxonalari vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi raisi B.Alixonov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizni modernizatsiyalashga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida ekologik barqarorlikni ta’minlash, ishlab chiqarishda atrof-muhitga salbiy ta’sir etishning oldini olishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonuni bu yo‘nalishda qabul qilingan muhim huquqiy hujjatdir. Qonunda tabiiy resurslarni tejash, suv, havo, tuproq va boshqa tabiat ne’matlariga salbiy ta’sir etishning oldini olish, barqaror rivojlanishga erishish bilan bog‘liq ustuvor vazifalar belgilangan va izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Xususan, qonunning 14-15-moddalarida xo‘jalik yurituvchi subyektlarning faoliyatini ekologik me’yorlar bilan tartibga solish, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar bu borada ish jarayonida qo‘llaniladigan normativlar va standartlar ishlab chiqishi lozimligi belgilangan.

Surxondaryo viloyatida qonunning mazkur moddalari bajarilishi bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda viloyatda faoliyati ekologik me’yorlar asosida tartibga solinishi lozim bo‘lgan olti yuzga yaqin xo‘jalik yurituvchi subyekt ro‘yxatga olingan. Ushbu korxonalar tomonidan ekologik qonunchiligimizda belgilangan tamoyillarni o‘z vaqtida hayotga tatbiq etish, ishlab chiqarish jarayonida tabiatga salbiy ta’sir etishning oldini olish yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizning barcha hududida bo‘lgani kabi mazkur viloyatda ham ishlab chiqarishga yangi texnologiyalarni joriy etish, inshootlarni ekologik ekspertizadan o‘tkazish, korxonalarni zamonaviy ekologik talablarga mos tarzda barpo etishga doimiy e’tibor qaratilayotir. Kichik korxonalar va xususiy tadbirkorlik subyektlari faoliyatida bu masalalar qonun talablari darajasida tashkil etilmoqda.

Lekin barcha korxonalarda ham ahvol qoniqarli deb bo‘lmaydi. Misol uchun, “Surxondaryopaxtasanoat” ochiq aksiyadorlik jamiyati tizimidagi o‘nta korxonadan oltitasida havoga chiqariladigan zararli moddalar va chiqindilarni joylashtirish bo‘yicha ruxsat etilgan me’yorlarga oid hujjatlar mavjud emas. Qonunchiligimizga muvofiq bunday holatda korxonalardan tabiatga yetkazilgan zarar miqdori undiriladi. Biroq, bu bir tomondan korxona iqtisodiga, ikkinchi tomondan tabiiy muhitga zarar yetkazadi.

Mazkur muammolarning oldini olish, ekologik muhit musaffoligini ta’minlash maqsadida viloyat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi ushbu korxonalar faoliyatini doimiy monitoring qilib bormoqda. Qonunchiligimizda belgilangan me’yorlarni hayotga to‘liq tatbiq etish yuzasidan doimiy nazorat, targ‘ibot-tushuntirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Yig‘ilishda deputatlar mahalliy hokimlik va mutasaddi tashkilotlar vakillariga bu boradagi muammolarni bartaraf etish, qonun me’yorlari hayotga izchil tatbiq etilishini ta’minlash, ekologik muhit sofligiga erishish borasidagi vazifalar yuzasidan taklif va tavsiyalar berdilar.

O‘zA, B.Xidirova, 28.03.2014 19:52


2014-03-28

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika