OAV vakillari uchun brifing
12.
07. 2019
18:50
672
News

2019 yil 11 iyul kuni Davlat ekologiya qo‘mitasi O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda OAV vakillari uchun 2019-2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasini amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan brifing tashkil etdilar.

Tadbirda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilishni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, shuningdek, hududlarning sanitariya va ekologik holatini yaxshilash sohasida izchil siyosat amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda respublikamizda yiliga o‘rtacha 123,1 mln. tonna chiqindi hosil bo‘lib, bu chiqindilarning 8,4 mln. tonnasi maishiy chiqindilarni tashkil etadi. Maishiy chiqindilarning 7 mln. tonnasi aholidan qolgan 1,4 mln. tonnasi yuridik shaxslardan hosil bo‘ladi.

Hosil bo‘layotgan qattiq maishiy chiqindilarning asosiy tarkibini:

– qayta ishlanmaydigan chiqindilar – 32 %;
– oziq-ovqat chiqindilari – 28 %;
– o‘simlik qoldiqlari – 13 %;
– polimer chiqindilar – 8 %;
– shisha chiqindilar – 5 %;
– va boshqa chiqindilar tashkil etadi.

Hosil bo‘ladigan maishiy chiqindilarning 1,3 mln. tonnasi, ya’ni 19 % respublikamizda faoliyat yuritayotgan 219 nafar chiqindilarni qayta ishlash korxonalari tomonidan qayta ishlanmoqda. Bulardan:

– metall parchalari yiliga 220 ming tn.,
– qog‘oz chiqindilar 90 ming tn.,
– PET chiqindilar 35 ming tn.,
– shisha chiqindilar 12 ming tn.,
– tekstil chiqindilar 7 ming tn. va
240 ming tn. boshqa chiqindilar qayta ishlanmoqda.

Bugungi kunda respublika xududida aholiga 13-ta “Toza hudud” DUK, 108-ta xususiy tadbirkorlik sub’ektlari (Toshkent shahrida 44-ta va viloyatlarda 64-ta xususiy tadbirkorlik sub’ektlari) hamda 9-ta klasterlar va Toshkent shahrida “Maxsustrans” DUK tomonidan sanitar tozalash sohasida xizmatlar ko‘rsatilib kelinmoqda.
 

Respublikadagi sanitar tozalashga ixtisoslashgan korxonalar

Jami 123 ta mavjud bo‘lib, ularda 3.172 ta maxsus texnikalar mavjud. Shundan 14 ta davlat unitar korxonalari va ularning 183 ta filiallari, ularda 2.369 ta maxsus texnikalar mavjud. 9 ta klasterlar, ularda 407 ta maxsus texnikalar mavjud. 100 ta xususiy korxonalar, ularda 396 ta maxsus texnikalar mavjud.

Ushbu korxonalar respublikamiz aholisini sanitar tozalash xizmatlari bilan 48 % (ya’ni 32 mln. aholining 15,4 mln. nafari) qamrab olingan. Ushbu ko‘rsatkich 2016 yilda 6%ni, 2017 yilda 38%ni tashkil etgan bo‘lib, davlat dasturlari asosida harid qilinadigan texnikalar hisobiga 2021 yilda sohada xizmat ko‘rsatish 100%ga erishiladi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan maishiy chiqindilarni boshqarish, aholiga sanitar tozalash sohasidagi xizmatlar qamrovini kengaytirish va sifatini oshirish borasida amaliy tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi me’yoriy-xuquqiy hujjatlar bazasini mustahkamlash maqsadida tegishli qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi.

Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash, tashish utilizatsiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish bo‘yicha samarali hamda ijtimoiy maqbul kompleksli xizmatlarni yaratish, ularning fuqarolar sog‘lig‘i va atrof muhitga zararli tasirini bartaraf qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 apreldagi  PQ-4291-son qarori bilan 2019-2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi tasdiqlandi.

Startegiyaning asosiy vazifalari qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar bilan aholini to‘liq qamrab olinishini ta’minlashga yo‘naltirilgan sanitar tozalash infrastrukturasini rivojlantirish, chiqindilarni qayta ishlashning samarali hamda zamonaviy tizimini yaratish, poligonlarga yuboriladigan chiqindilarning hosil bo‘lish hajmini qisqartirish hamda xalqaro talablarga mos keladigan zamonaviy poligonlarni tashkil etish, shuningdek, mavjud poligonlarni yopish hamda rekultivatsiya qilish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni qabul qilish, sanitar tozalash sohasida to‘lov intizomini yaxshilash, ta’riflarni optimallashtirish, chiqindi ob’ektlaridan muqobil energiya manbalari sifatida foydalanishdir.

Ta’kidlanganidek, Strategiya ikki bosqichda amalga oshiriladi:

birinchi bosqich (2019 – 2021 yillar) – qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilik bazasini va iqtisodiy tartibotlar mexanizmlarini takomillashtirish, chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlarning samarali tashkillashtirilishini ta’minlash maqsadida  sanitariya jihatidan tozalashning modiy texnik bazasini va infratuzilmasini rivojlantirish, to‘lov intizomini mustaxkamlash, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida ekologik ta’lim tizimini rivojlantirish uchun metodik va axborot ta’minotini yaratish;

ikkinchi bosqich (2022 – 2028 yillar) – qattiq maishiy chiqindilarni saralab yig‘ish bo‘yicha infratuzilmani rivojlantirish, poligonlarni optimallashtirish, qayta yuklash stantsiyalari va chiqindilarni qayta ishlash ob’ektlarini qurishga  yo‘naltirilgan investitsiyalarni o‘zlashtirish.

Belgilangan davrga kelib aholining 100 foizi sanitar tozalash xizmatlari bilan qamrab olinadi, chiqindilarni qayta ishlash darajasi 60 foizga etkaziladi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, bugungi kunga kelib mamlakatmizda chiqindilarning hosil bo‘lish hajmini kamaytirish, sanitar tozalash xizmatlari sifatini oshirish, ularni alohida saralash va transportirovkasini tashkil etish, ikkilamchi resurslardan maksimal foydalanishga qaratilgan chiqindilarni kompleks boshqarish tizimini tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
 

 

 

 

 

 

 

 

Useful resources