Ozon qatlami himoyasiga qaratilgan yangi qo‘shma loyihaning taqdimoti
25.
07. 2019
12:39
1374
News

2019 yil 24 iyul kuni Toshkent shahrida «Radisson Blu» mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi hamda Global ekologik jamg‘armasining «O‘zbekistonda global isish salohiyati past va ozonni yemirish salohiyati bo‘lmagan energiya samarador texnologiyalarni joriy etish orqali GXFUni butunlay iste’moldan chiqarish» qo‘shma loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirda tashkilotchilar, vazirliklar va idoralar vakillari hamda loyihaning hamkorlari ishtirok etdilar.

Ozon qatlami  – stratosferaning bir qismi bo‘lib, unda juda ham katta miqdorda ozon mavjud (ozon – uchta kislorod atomidan tashkil topgan molekula, O3). Ozon quyosh ultrabinafsha nurlarining molekulyar kislorodga (O2) ta’siri natijasida vujudga keladi.

90% ga yaqin atmosfera ozoni stratosferada, ya’ni yer sathidan 10-50 km balandlikda joylashgan. Atmosferada ozonning miqdori shunaqangi ozki, u tekkislikka joylangan taqdirda qalinligi 3 mm ga teng bo‘lardi.

Shunga qaramasdan uning ahamiyati juda ham katta. Agarda bizni ozon qatlami himoya qilmaganida, hozir biz qo‘rib turayotgan Yerdagi hayot umuman boshqacha bo‘lardi.

Gap shundaki, ozon qatlami ancha xavfli bo‘lgan qisqa to‘lqinli ultrabinafsha nurlarini o‘ziga singdiradi va shu orqali yer yuzasidagi barcha tirik organizmlarni zarardan himoyalaydi. Shu bilan birga ozon qatlami yemirilishi ham mumkin.

Bu tabiiy va antropogenik sabablar tufayli ro‘y beradi. Tabiiy sabablarga vulqon faoliyatini kiritish mumkin. Vulqon sababli tarkibida ftor bo‘lgan moddalar atmosferaga otilib chiqadi. Antropogenik sabablar – bu inson faoliyati tufayli ozon qatlamini yemirilishiga olib keladigan harakatlardir. Bunga asosan xlor va bromni o‘z ichiga olgan kimyoviy moddalarni xalq hujaligida qo‘llash kiradi. Bu kabi moddalar asosan qishloq hujaligida pestitsidlar sifatida (metil bromid) yoki sovutish va havoni konditsionerlashda (masalan xlorftoruglerod (XFU) yoki gidroxlorftoruglerod (GXFU) freonlari) qo‘llaniladi. Freonlar atmosferaning yuqori qatlamlariga ko‘tarilganda, ultrabinafsha nurlari ta’sirida ulardan xlor (yoki brom) atomi ajralib chiqadi va ozon molekulalarini birma-bir yo‘q qiladi.

Ozon qatlamini himoya qilish bo‘yicha dastlabki qadamlar o‘tgan asrning 70-yillarida qo‘yilgan edi. Shunga qaramasdan bu yo‘nalishdagi muhim voqea ozon qatlamini himoya qilish bo‘yicha Vena konventsiyasi (1985 yil) va ozon qatlamini yemiruvchi moddalar bo‘yicha Monreal bayonnomasining (1987 yil) qabul qilinishi hisoblanadi. Monreal bayonnomasi xalqaro kelishuv bo‘lib, unga a’zo davlatlar ozon qatlamini yemiruvchi kimyoviy moddalarni ishlab chiqarish va qo‘llashni bosqichma-bosqich qisqartirishlari, keyinchalik esa ulardan batamom voz kechishlari lozim. Hozirgi kunga kelib Monreal bayonnomasini 197 ta davlat ratifikatsiya qilgan.

O‘zbekiston Vena konventsiyasi va Monreal bayonnomasini 1993 yilda ratifikatsiya qilgan. Keyingi yillarda u Bayonnomaning to‘rtta qo‘shimchasini (London, Kopengagen, Monreal va Pekin qo‘shimchalarini) ham qabul qildi.

Seminarni O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ibratjon Karimov ochib berdi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda Monreal bayonnomasi doirasida olingan majburiyatlarni bajarish bo‘yicha strategik, qonunchilikka oid, institutsional va texnologik chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirib kelinmoqda, ozonni yemiruvchi moddalarni, jumladan GXFUni qo‘llashdan bosqichma-bosqich voz kechilmoqda. Bu yo‘nalishdagi yaqqol tashabbuslardan biri GXFUlardan foydalanishni jadal qisqartirishga qaratilgan va 2013-2018 yillarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi ko‘magida va Global ekologik jamg‘armasining moliyaviy yordamida amalga oshirilgan qo‘shma loyiha hisoblanadi. Loyihaning bajarilishi natijasida ozon qatlamini himoya qilish hamda Monreal bayonnomasining talablarini bajarish bo‘yicha muhim natijalarga erishildi.

Yangi loyihaning mazmun-mohiyati hamda spetsifikasi loyiha rahbari Abror Xodjaev tomonidan taqdim etildi. Ta’kidlanganidek, loyihaning maqsadi 2020 yilga qadar Monreal bayonnomasida belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish uchun GXFUlardan bosqichma-bosqish voz kechishni jadallashtirish hamda 2030 yilgacha xizmat ko‘rsatish sohasida GXFUlarni barqaror qisqartirish uchun milliy salohiyatni oshirish hisoblanadi.

Proekt-menedjer, Abror Xodjaev

Loyihaning asosiy hamkor tashkilotlari: 

– O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi;
– O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi;
– O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi;
– O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi; 
– O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi; 
– Xotin-qizlar qo‘mitasi; 
– «O‘zstandart» agentligi;
– havoni sovutish va konditsionerlash sohasidagi davlat va xususiy korxonalaridir.
 

Loyiha bir-biriga o‘zaro bog‘liq bo‘lgan 4 ta komponentdan iborat:

– milliy qonunchilikni mustahkamlash hamda uning talablariga rioya etilishi hamda bojxona va tabiatni muhofaza qilish organlari hodimlarining GXFU va ozonni yemiruvchi moddalarga muqobil bo‘lgan moddalarning importi/eksporti bo‘yicha salohiyatini mustahkamlashga ko‘maklashish (1 komponent);

– GXFUlardan qayta foydalanish tizimini mustahkamlash hamda GXFUlarni global isish salohiyati past va ozonni yemirish salohiyati bo‘lmagan energiya samarador texnologiyalar bilan almashtirish bo‘yicha namoyish loyihalari amalga oshirish (2 komponent);

– axborot-targ‘ibot faoliyatini tashkil etish va havoni sovutish va konditsionerlash sohasida ilg‘or texnologiyalarni amaliyotda qo‘llashni kengaytirish uchun resurslarni jalb qilish (3 komponent);

– havoni sovutish va konditsionerlash sohasida xotin-qizlar ishtiroki va rolini oshirish hamda loyihaning doimiy monitoringini o‘tkazish va baholash (4 komponent).

Loyihani amalga oshirilishi nafaqat ozonni yemiruvi moddalarni nazorat qilish sohasidagi keng qamrovli milliy qonunchilikni joriy etish, balki ozon qatlamini muhofaza qilish sohasida tabiatni muhofaza qilish va bojxona organlari xodimlarining salohiyatini mustahkamlash imkonini beradi. Shuningdek, mazkur loyiha havoni sovutish va konditsionerlash uskunalarida, shu jumladan ularni yig‘ishda va ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan GXFUlar iste’molini qisqartirish, GXFUlarni global isish salohiyati past va ozonni yemirish salohiyati bo‘lmagan energiya samarador texnologiyalar bilan almashtirish bo‘yicha namoyish loyihalarni amalga oshirish, shu bilan birga havoni sovutish va konditsionerlash sohasida jamoatchilikni keng xabardor qilish bo‘yicha ishlarni tashkil etish va qo‘shimcha resurslarni safarbar etish imkoniyatini yaratadi.

Seminar davomida ishtirokchilar loyihaning yaqin bir ichidagi rejalari, tashkiliy tuzilmasi to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar oldilar. Shuningdek, loyihani amalga oshirishda hamkor tashkilotlarning o‘rni masalalari keng muhokama qilindi.
 


 

Useful resources