Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasi
04.
12. 2021
17:11
635
News

Tashkil etilgan sana: Qo‘riqxona 1947 yilda tashkil etilgan bo‘lib, O‘zbekistondagi ilk qo‘riqxonalardan biri hisoblanadi.

Joylashuvi: Toshkent viloyatining shimoli-sharqiy qismida, Chotqol tizmasining g‘arbiy uchida G‘arbiy Tyan-Shan doirasida joylashgan.

Muhofaza maqomi: Qo‘riqxonalar – tabiat ob’ektlari va majmualarini qat’iy muhofaza qilish rejimiga ega bo‘lgan, tipik ekologik tizimlarni, o‘simliklar va hayvonlarning genetik fondini saqlash va o‘rganish uchun mo‘ljallangan davlat ahamiyatiga molik qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar (“Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 18-moddasi).

Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining (IUCN) tasnifiga muvofiq Ia toifasi - alohida muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarga kiradi.

Tashkil etilish maqsadi: G‘arbiy Tyan-Shanning tipik ekologik tizimlarini saqlash, kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi o‘simlik va hayvonlar turlarini himoya qilish.

Muhofaza rejimi: davlat qo‘riqxonalari hududida har qanday faoliyat bilan shug‘ullanish taqiqlanadi, ilmiy-tadqiqot faolyati va atrof tabiiy muhit monitoringi bundan mustasno (“Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasi).


O‘simlik dunyosi

Yuksak o‘simliklarning 745 dan ortiq turlari o‘sadi.

Qo‘riqxona hududida 30 dan ortiq yangi o‘simlik turlari topilgan va tavsiflangan.

Hududning 57% dan ortiq qismi daraxt va buta turkumlari bilan qoplangan.


Hayvonot dunyosi

Suvda yashovchi umurtqasiz hayvonlar: 111 turdan ortiq.

Hasharotlar: 500 ga yaqin turi ma’lum, 10 mingga yaqin tur yashashi taxmin qilinadi.

Baliqlar: 4 tur.

Amfibiyalar va sudralib yuruvchilar: amfibiyalarning 2 turi va sudralib yuruvchilarning 11 turi.

Qushlar: 176 ta qush turlaridan 103 tasi uya quruvchi qushlardir.

Sutemizuvchilar: 33 tur.


Qor qoploni yoki ilvirs (Panthera uncia)

Eng noyob turlardan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining baland tog‘ hududlarida yashovchi yagona yirik mushuksi monlardandir.

Mazkur tur Vulnerable (VU), ya’ni himoyaga muhtoj maqomi bilan IUCN Xalqaro Qizil ro‘yxatiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobga (2009) "to‘liq yo‘qolish arafasida bo‘lgan" (CR) maqomi bilan kiritilgandir.

O‘zbekiston Respublikasi qor qoplonini va uning ekotizimlarini saqlab qolishga qaratilgan hujjatlarni ishlab chiqish bo‘yicha umumjahon tashabbuslardan chetda qolmadi. 2004 yilda "O‘Zbekistonda qor qoplonini saqlab qolish bo‘yicha Strategiya va Harakatlar rejasi (2005-2010)", 2013 yilda esa "Qor qoplonining ekotizimlarini saqlash bo‘yicha milliy ustivor vazifalar (2014-2023yy.)" nomli hujjat ishlab chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Biologik hilma-xillik to‘g‘risidagi konvensiyaga (1995) qo‘shilishi orqali xalqaro hamjamiyat oldida milliy biologik resurslarni saqlash bo‘yicha o‘z mas’uliyatini e’lon qildi. Ushbu yo‘nalishdagi keyingi qadamlar sifatida "Yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to‘g‘risidagi konvensiyaning" (SITES) hamda "Yovvoyi hayvonlarning migrasion turlarini saqlash bo‘yicha konvensiyaning" (CMS) tegishli ravishda 1997 va 1998 yillarda imzolanishi xizmat.


TAKSONOMIK MAQOMI

Qor qoploni Yirtqichlar turkumi (Carnivora), Mushuksimonlar oilasiga (Felidae) mansub bo‘lib, yaqin vaqtlargacha alohida tur (Uncia) sifatida qaralardi, lekin genetik tahlil natijasida ilvirs Panthera turiga mansub ekanligi aniqlandi va bu hozirgi vaqtda uning rasmiy nomida aks ettirilgandir.

Avval, alohida vakillarini o‘rganish asosida uchta kenja turga ajratish taklif etilgandi, ammo umumiy ravishda qor qoploni monotip tur deb hisoblanardi (Kitchener et al. 2017). Janecka et al. (2017, 2018) arealning turli qismlaridan olingan namunalarni o‘rganish natijasida uchta kenja turga ajratishni taklif qildilar - shimoliy (Oltoy mintaqasi) - Panthera uncia irbis, markaziy (Markaziy Himolay va Tibet) - Panthera uncia uncioides, va g‘arbiy (Tiyonshon, Pomir, trans-Himolay) - Panthera uncia uncia.


KO‘PAYISHI

O‘zbekistonda qor qoplonlarining kuyikish davri fevral-mart oylarida sodir bo‘ladi.

Homiladorlik 93-100 kun davom etadi, bolalari may, iyun va hatto iyul oylarida tug‘iladi.

Hisor davlat qo‘riqxonasi hududida mushukchalar aprel oyining oxirida paydo bo‘lishi qayd etilgan.

Bir vaqtning o‘zida 1dan 5tacha, ko‘proq 2-3 mushukcha tug‘iladi, onasidan ajralmagan bolalarning eng katta ma’lum guruhida 7ta mushukcha qayd etilgan (Sunquist and Sunquist, 2002).

Yangi tug‘ilgan mushukchalar zaif, ko‘r, eshitish yo‘llari yopiq bo‘ladi, og‘irligi 430-495 grammni tashkil etadi.

Urg‘ochisi yosh mushukchalarni 3-4 oy sut bilan boqadi, go‘sht bilan esa bir yarim oylik bo‘lganlaridan boshlab oziqlantirib turadi.

Yosh hayvonlar o‘z ota-onasini 18-22 oylik bo‘lganlarida tark etadilar, bunda bir vaqtda tug‘ilgan hayvonlar yana bir muddat birga bo‘ladilar.

Ilvirs urg‘ochilari 2-3 yoshda, erkaklari - 4 yoshda jinsiy balog‘atga yetadilar.

Har ikki yilda bir marotaba ko‘payadilar. erkaki avlodining tarbiyasida ishtirok etmaydi.

Yovvoyi tabiatdagi eng uzoq hayot muddati 12-13 yilni tashkil qiladi, tutqunlikda esa 21 yilgacha boradi. Qoplon urg‘ochisi 28 yoshgacha yashagan holat ma’lum (Rossiya Federatsiyasida qor qoplonini saqlab qolish strategiyasi, 2015).


OZIQLANISHI

Qor qoplonlari vazni o‘zlarining vaznlaridan uch barobar katta bo‘lgan hayvonni o‘ldirishga qodirdirlar.

Ravshanki, ilvirs ozuqasining tarkibi mintaqadagi fauna turlari tarkibiga, turlarning son jihatidan nisbatiga va ularni ov qilish imkoniyatiga bog‘liqdir.

O‘zbekistonda qor qoploni ozuqasining asosini Sibir tog‘ echkisi (Capra sibirica) tashkil etadi.

Uning rasioniga tuyoqlilardan shuningdek to‘ng‘iz (Sus scropha) va sibir bug‘usi (Capreolus pygarsus) kiradi.

Tereofaunaning maydaroq vakillaridan - tolay tovushqoni (Lepus tolai), qizil pishchuxa(Ochotona rutila), turli xildagi sichqonsimon kemiruvchilar, yoz paytida esa qoplon Menzbira sug‘urini (Marmota menzbieri) va qizil sug‘urni (Marmota caudata) hamda relikt yumronqoziqlarni (Spermophilus relictus) ishtiyoq bilan ovlaydi.

Qor qoploni ishtiyoq bilan qushlarga ham hujum qiladi - kakliklarga (Alectoris chukar), himolay ularlariga (Tetraogallus himalaensis) va boshqalarga.


YASHASH JOYLARI

Qor qoploni yuqori tog‘ tizmalarida yashaydi.

Odatda tog‘larning yuqori mintaqalarida, dengiz sathidan 3000dan 4500 metrgacha bo‘lgan balandlik oralig‘idagi cho‘qqilarda yashaydi, ammo pastroq balandliklarda ham uchraydi (dengiz sathidan 540 - 1500 metr), areal shimoli va Gobi cho‘lida, Himolay va Tibet tog‘liklarida esa ilvirslar dengiz sathidan 5800 metrgacha balandlikka qo‘tarila oladilar.

Qor qoploni murakkab kesishgan relefli yerlarni - subalp va alp o‘simliklari hukmron kichik yassi tog‘liklar va vodiylar bilan almashinuvchi serqoya daralar, ayqash-uyqash tosh uyumlari va qoyalarga chiqishlarni afzal ko‘radi.

Qoyalar mavjud bo‘lmagan qiyalama yonbag‘irlarni va yassi tekisliklarni qor qoploni odatda chetlab o‘tadi. Qish davrida ilvirs yovvoyi tuyoqlilar ortidan tog‘larning pastki mintaqalariga o‘tib, qiyalama (vertikal) ko‘chishlarni amalga oshiradi.

O‘zbekistonda ilgari qor qoploni odatda archazor o‘rmonlarning hududidan (dengiz sathidan 2000-2200 metr balandlikda) pastroqqa tushmaydi, lekin alohida serqor qishlarda tog‘larning yanada pastroq mintaqalariga ko‘chishi mumkin deb hisoblanardi. Ammo, yaqinda, qor qoplami 10 santimetrdan ortiq bo‘lmagan balandlikda qor qoploni dengiz sathidan 1575 metr balandlikda Ugam tog‘ tizimida, Piskom daryosi vodiysida uchratildi (Gritsina va boshq., 2016).


Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyalar va kelishuvlar

Qor qoplonining O‘zbekiston Respublikasi hududida saqlanishiga quyidagi xalqaro konvensiyalar va kelishuvlar yordam beradi:

“Biologik hilma-xillik to‘g‘risida”gi BMT konvensiyasi, O‘zR qo‘shilgan sana: 06.05.1995y. (O‘zR Oliy Majlisi Qarori №82-I), O‘zR uchun kuchga kirgan sana: 17.10.1995y.

“Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlab qolish bo‘yicha” Bonn konvensiyasi, O‘zR qo‘shilgan sana: 01.05.1998y. (O‘zR Oliy Majlisi Qarori №631-I), O‘zR uchun kuchga kirgan sana: 01.09.1998y.

Ilvirs yig‘ilishda tasdiqlangan Sut emizuvchilar bo‘yicha Markaziy Osiyo tashabbusiga (CentralAsianMammalsInitiative) kiritilgan


Butunjahon tabiiy meros

1972 yilda YuNESKO (Ta’lim, ilm-fan va madaniyat maslalari bo‘yicha birlashgan millatlar tashkiloti) Butunjahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish to‘g‘risida Konvensiyani qabul qildi (1975 yilda kuchga kirdi). Hozirgi vaqtga qadar ushbu konvensiyani dunyoning deyarli 200 nafar mamlakati ratifikasiya qilgan.

Butunjahon merosi ro‘yxati tuzildi va doimiy ravishda to‘ldirib borilmoqda. 2019 yil holati bo‘yicha unga, Konvensiyaga a’zo davlatlarning jami 167 nafarida mavjud 869ta madaniy, 213ta tabiiy va 39ta aralash ob’ektlar kiritilgan.

2016 yilning 17 iyul kuni, Butunjahon merosi Qo‘mitasining navbatdagi, Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan sessiyasida Chotqol qo‘riqxonasini Qirg‘izistondagi ikki qo‘riqxona bilan birgalikda seriyaviy ob’ekt sifatida Butunjahon tabiiy meros ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. O‘zbekiston uchun bu - ro‘yxatga kiritilgan birinchi tabiiy merosdir, holbuki madaniy meros ob’ektlari 4 nafarga yetgan: Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz. YuNESKO tabiiy meros ro‘yxatiga kiritilishi nodir tabiiy majmualarning saqlanishini va butunligini ta’minlash uchun qo‘shimcha kafolatdir, hududlarning va ularni boshqaruvchi muassasalarning nufuzini oshiradi, Ro‘yxatga kiritilgan ob’ektlarni ommalashtirishga hamda tabiatdan foydalanishning muqobil turlarini (birinchi navbatda, ekologik turizmni) rivojlantirishga hissa qo‘shadi. Hududlarida tabiiy meros ob’ektlari joylashgan davlatlar o‘z zimmalariga ularni saqlash bo‘yicha majburiyatlarni oladilar. 


«Inson va biosfera» dasturi

YuNESKO dasturi insonning uni o‘rab turuvchi tabiiy muhit bilan o‘zaro bog‘liq faoliyatini yaxshilashga qaratilgan fanlararo tadqiqotlar uchun ish rejasini taqdim qiladi. Dasturning asosiy maqsadlari biohilma-xillikni yo‘qotish natijasidagi ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarni aniqlash va bunday yo‘qotishlarni qisqartirishdan iborat. Dastur o‘z ishi uchun Biosfera rezervatlarning umumjahon tarmog‘idan foydalanadi.

Dastur 1971 yilda yaratilgan, 1976 yilda esa AQShda ilk biosfera qo‘riqxonasi tashkil etildi. 1983 yilda biosfera qo‘riqxonalari bo‘yicha birinchi xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi, unda tadqiqotlar va kuzatuvlar, shuningdek mahalliy hamjamiyatlar bilan o‘zaro aloqa qilish bo‘yicha harakatlar rejasi belgilab olindi. 1995 yilda Sevilyada (Ispaniya) bo‘lib o‘tgan YuNESKO anjumani davomida ishlab chiqilgan hamda biosfera qo‘riqxonalarini yaratishning va boshqarishning ahamiyatini ta’kidlovchi Sevilya strategiyasi 2008 yilda Madrid shahrida bo‘lib o‘tgan anjumanda tasdiqlangan Madrid harakatlar rejasida o‘z aksini topdi.

MAB (Inson va biosfera) dasturining Butunjahon biosfera qo‘riqxonalari tarmog‘i (WNBR):

Jami dunyoda – 686ta biosfera rezervati mavjud.

122 nafar mamlakatda joylashgan.

Jumladan 20ta transchegaraviy ob’ektlar.

Markaziy Osiyoda: Qozog‘istonda – 10ta, Qirg‘izistonda – 2ta, Turkmanistonda – 1ta, O‘zbekistonda – 1ta.

 

 


 

Useful resources