O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI

«KORRUPTSIYaGA QARShI KURAShISh TO‘G‘RISIDA»GI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNINING QOIDALARINI AMALGA OShIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

«Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qoidalarining samarali ijrosini ta’minlash, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korruptsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida:

1. 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi (keyingi o‘rinlarda — Davlat dasturi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar Davlat dasturiga kiritilgan tadbirlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlasin.

2. Korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi 2-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.

Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, «Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarining va boshqa dasturlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etish;

korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va hamkorligini ta’minlash;

aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga doir chora-tadbirlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etish;

korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olishga, ularni aniqlashga, ularga chek qo‘yishga, ularning oqibatlarini, shuningdek ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir chora-tadbirlar samaradorligi oshirilishini ta’minlash;

korruptsiyaning holati va tendentsiyalari to‘g‘risidagi axborotni yig‘ish hamda tahlil etish;

korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi yuzasidan monitoringni amalga oshirish, ushbu sohadagi mavjud tashkiliy-amaliy va huquqiy mexanizmlarning samaradorligini baholash;

korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish va ushbu sohadagi ishlarni yaxshilash yuzasidan takliflar tayyorlash;

korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish.

3. Korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi to‘g‘risidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining o‘z vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha qarorlari barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar tomonidan ijro etilishi majburiyligi belgilab qo‘yilsin.

4. Korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalarni tuzsin va ularning faoliyatini tashkil etsin.

Korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalarga tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari boshchilik qilishi belgilab qo‘yilsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi va Milliy axborot agentligi Davlat dasturining amalga oshirilishi yuzasidan axborotning ommaviy axborot vositalarida har tomonlama va tizimli ravishda yoritilishini ta’minlasin.

(5-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 10 dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.12.2019 y., 06/19/5892/4134-son) 

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.B. Abdullaev zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYoEV

Toshkent sh.,
2017 yil 2 fevral,
PQ-2752-son