Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari R.Fayziyevning “2-fevral – Butunjahon suv-botqoqli hududlar kuni”ga bag‘ishlangan anjumanda so‘zlagan nutqi

O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari R.Fayziyevning “2-fevral – Butunjahon suv-botqoqli hududlar kuni”ga bag‘ishlangan anjumanda so‘zlagan nutqi

Assalomu alaykum, hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Ma’lumki, ekologik barqarorlik, biologik rang-baranglikni ta’minlashda suv-botqoqli hududlar, ayniqsa, muhim ahamiyatga ega. Sababi, bunday tabiat landshaftlari qushlar, suv jonivorlari va o‘simliklarining ko‘payishi uchun juda qulaydir. Qolaversa, ushbu obihayot manbalaridan hosil bo‘lgan mikroiqlim unga tutash mintaqalarning gullab-yashnashiga xizmat qiladi. Shu bois jahonda suv-botqoqli hududlarni muhofaza etishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, dunyo ekologlari har yili 2-fevral sanasini “Butunjahon suv-botqoqli hududlar kuni” sifatida keng nishonlab kelmoqda. Bunga 1971-yilda Kasbiy dengizining janubiy qirg‘og‘ida joylashgan Ramsar shahrida asos solingan.

Gap shundaki, o‘sha yili bu yerda xalqaro ahamiyatga molik bo‘lgan, asosan, suvda suzuvchi qushlar yashovchi suv-botqoqli hududlar muhofazasiga qaratilgan Konvensiya imzolangan edi. Qisqacha “Ramsar Konvensiyasi” deb yuritiladigan ushbu xalqaro hujjatni dunyoning 168 ta davlati ratifikatsiya qilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi unga 2001-yilda a’zo bo‘lgach, Konvensiya 2002-yilning 2-fevralidan kuchga kirdi. Shundan buyon mamlakatimizda ushbu sana keng nishonlanadi. Bugungi anjumanimiz ham bevosita ana shu kunga bag‘ishlangan.

Ma’lumki, har bir xalqaro konvensiyaning shartlari mavjud. Ramsar Konvensiyasiga a’zo bo‘lishning asosiy shartlaridan biri mamlakat hududida suv-botqoqli joylarning tashkil etilishi.

2001-yilda respublikamizning Buxoro viloyatida joylashgan Dengizko‘li, 2008-yilda esa Aydar-Arnasoy ko‘llari tizimi Ramsar konvensiyasining xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suv-botqoq hududlari ro‘yxatiga kiritildi.

Mazkur obyektlarni muhofaza va monitoring qilish borasida ham mamlakatimizda e’tirof etiladigan ishlar amalga oshirilmoqda.

Keyingi yillarda qo‘mitamiz tomonidan nafaqat xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘llar, balki boshqa suv havzalarini ham qayta tiklash, ornitofaunasi va o‘simlik dunyosi muhofazasini kuchaytirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirildi. “To‘dako‘l” va “Quyimozor” suv omborlari – yangi Ramsar hududlarni tashkil etish” loyihasi tayyorlangani, shuningdek, Sudochye ko‘lini xalqaro ro‘yxatga kiritish ishlari olib borilayotgani bunga misol bo‘la oladi.

Aytish joizki, suv-botqoq hududlarda nafaqat yoki tuproqning o‘zgacha bir ko‘rinishdagi tarmoqlari mavjud, balki ushbu hududlarda hayvonot dunyosining ham o‘ziga xos turlari uchraydi va ayrimlari bunday hududlarni o‘zlariga makon deb biladilar. Shunday ekan, bugun jamiyatning har bir bo‘g‘ini oldida shu va shunga o‘xshash hududlarni asrab-avaylash kabi muhim vazifalar turibdi.

O‘ylaymanki, bugungi tadbirda ishtirokchilar tomonidan yurtimiz ko‘llari ornitofaunasi, ularning noyob landshaft-geografik xususiyatlari, ularni muhofaza qilish istiqbollari, suv-botqoqli hududlar, suvda suzuvchi qushlarni o‘rganish hamda muhofaza qilish bilan bog‘liq qator masalalar muhokama qilinadi, fikrlar almashiniladi va albatta, bunda barchamiz zarur ma’lumotlarga ega bo‘lamiz.

E’tiboringiz uchun rahmat!

 


2017-03-13

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika