Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI TABIATNI MUHOFAZA QILISH DAVLAT QO‘MITASINING 2016-YILDAGI FAOLIYATI TO‘G‘RISIDA

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI TABIATNI MUHOFAZA QILISH DAVLAT QO‘MITASINING 2016-YILDAGI FAOLIYATI TO‘G‘RISIDA

Hisobot davrida O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining faoliyati sohada iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalarini ta’minlanishga qaratilib, tabiatni muhofaza qilishga oid Qonun va qonunosti hujjatlariga muvofiq, asosiy vazifalarning bajarilishida bir qator ishlar amalga oshirildi.

  1. Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonunchilik bazasini takomillashtirish sohasida

“Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Chiqindilar to‘g‘risida”gi, “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi “Davlat ekologik ekspertizasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunlarining yangi tahririni ishlab chiqishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi, Ekoxarakat deputatlar guruhi a’zolari bilan hamkorlik ishlari amalga oshirildi.

Qonunosti normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish doirasida hisobot davrida jami 12 ta Hukumat qarori loyihalari ishlab chiqilib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etildi. Shundan jami 8 ta Vazirlar Mahkamasining qarorlari qabul qilindi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2016-yil 11-yanvardagi “Ayrim turdagi yovvoyi o‘simliklarning tarqalishini va ularning miqdorini tartibga solish qoidalariga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi 13, 20-sonli qarorlari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 14-yanvarda 2590-1-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazildi. Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2016-yil 14-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 20-sonli qarori O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 26-iyulda 2817-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazildi.

  1. Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan foydalanish va ularni qayta tiklash ustidan davlat nazorati samaradorligini oshirish

Atrof muhit muhofazasi va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi davlat nazoratini ta’minlash maqsadida, 2016-yilda jami 1108 ta subyektda davlat nazorati o‘tkazildi. Shundan, Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi tomonidan tasdiqlangan tekshirish reja-jadvaliga muvofiq 1036 tasida rejali, 72 tasida rejadan tashqari va qisqa muddatli tekshirishlar o‘tkazildi (2015 yilda – 828 ta).

Atmosfera havosi, yer, suv resurslarini muhofaza qilish, biologik xilma-xillikni saqlab qolish, atrof-muhit ifloslanishini hamda qonunbuzilish holatlarini oldini olish maqsadida, 13 mingdan ortiq tezkor nazorat tadbirlari amalga oshirildi.  

Atrof muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan 191 ta subyekt faoliyati vaqtincha to‘xtatib qo‘yildi. Natijada 50 tonna ifloslantiruvchi moddalarning atrof muhitga tashlanishining oldi olindi.

Hisobot davrida atrof muhitni ifloslantiruvchi manbalarni maxsus asbob-uskunalar bilan tekshirish soni 2015-yilga nisbatan 13 foizga ortib (39,3 mingtaga) 324 mingtani tashkil qildi.

Xo‘jalik yurituvchi subyektlarda davlat nazorati va profilaktika tadbirlarini amalga oshirish jarayonida jami 3866 ta (2015-yilda – 4170 ta) ekologik sertifikat rasmiylashtirib berildi.

3. Tabiatni muhofaza qilish va resurslarni tejash borasida yagona siyosatni amalga oshirish, resurslarni tejaydigan texnologiyalarni jalb qilish

Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida resurs tejaydigan yagona siyosat yuritilishini ta’minlash maqsadida, buyurtmachilar tomonidan rejalashtirilayotgan faoliyat turlarini, taklif etilayotgan texnologiyalarni fan va texnikaning zamonaviy yutuqlariga muvofiqligi, ularni tabiiy muhitga ta’siri yuzasidan baholash ishlari amalga oshirildi.

Hisobot yilida tadbirkorlik subyektlari xo‘jalik faoliyatining ekologik talablariga muvofiqligi bo‘yicha bo‘yicha 27,5 mingta loyiha hujjatlari davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazildi va atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun 3350 ta ekologik me’yorlar o‘rnatilib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 116 foizni tashkil qildi. Shundan, 2961 ta loyihalar ekologik talablarga javob bermaganligi sababli, qayta ishlashga yuborildi hamda 7 ta loyiha ekologik normalarga muvofiq kelmaganligi sababli mazkur loyihani amalga oshirilishi rad etildi.

Davlat ekologik ekspertiza xulosalarida berilgan tavsiyalar asosida xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan 318 ta energiya tejamkor va kam chiqitli texnologiyalar amaliyotga tatbiq qilindi. Jumladan, energetika sohasidagi korxonalarda 23 ta, neft va gaz sohasidagi korxonalarda 3 ta, metallurgiya sohasidagi korxonalarda 3 ta, kommunal sohadagi korxonalarda 38 ta, kimyo sanoati sohasidagi korxonalarda 3 ta, qurilish sanoati sohasidagi korxonalarda 22 ta, engil sanoat sohasidagi korxonalarda 52 ta va qishloq xo‘jaligi korxonalarida 174 ta.

Respublika bo‘yicha jami 1008,7 tonna ishlatilgan avtoshinalar utilizatsiya qilindi.

Toshkent shahridagi “Toshrangmetzavod” korxonasiga yaroqsiz holga kelgan 180 tonna kompyuter texnikalari utilizatsiya qilish uchun topshirildi (2015 yilda – 159 tn).

4. Atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik vaziyatni sog‘lomlashtirish maqsadida qabul qilingan dasturlar va ularni bajarilishini ta’minlash

Mamlakatimiz hududida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini kengaytirish, yo‘qolib borayotgan noyob o‘simlk va hayvonot dunyosini muhofaza qilishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar doirasida Qo‘mita tomonidan “Majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonalarini barpo etish va ularning faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq masalalarni tartibga solish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining qaror loyihasi ishlab chiqildi va 2016-yilning 22-iyulida Vazirlar Mahkamasining 238-sonli qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan majmua buyurtma qo‘riqxonasiga 628300 gektar
yer uchastkasi hamda 219800 gektar qo‘riqlanadigan zona maydoni ajratildi. “Majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonalari to‘g‘risida”gi Nizom, “Saygachiy” majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonasining qo‘riqlanadigan zonasi to‘g‘risida”gi Nizom va buyurtma qo‘riqxonasining ijro etuvchi apparati tuzilmasi tasdiqlandi.

Mamlakatimizda baliqchilik tarmog‘idagi ishlarni rivojlantirish maqsadida “Qoraqalpog‘iston Respublikasida baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining qaror loyihasi ishlab chiqildi va Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 6-maydagi 145-sonli qarori qabul qilindi.

Ushbu qarorga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Mo‘ynoq akva” davlat unitar korxonasi tashkil qilindi va faoliyatini boshladi. Korxonaga Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi jami 39,28 ming gektar tabiiy suv havzalari biriktirildi ("Jaltыrbas" –17280 gektar, "Sudoche" – 19000 gektar va "Ribache" – 3000 gektar).

Atmosfera havosi, tuproq, yer usti va yer osti suvlari, o‘simlik va hayvonot dunyosining holati, atrof-muhitni ifloslantiruvchi obyektlarda analitik nazoratning uslubiy qo‘llanmalari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 23-avgustdagi 273-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2016-2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasida monitoring Dasturi ijrosinini ta’minash va muvofiqlashtirish bo‘yicha ishlar olib borildi.

Hisobot davrida 34 ta ekoanalitik laboratoriyalar attestatsiyadan o‘tkazilib, 46 ta laboratoriya mutaxassislarining malakasi oshirildi (2015 yilda – 15 ta).

Tabiiy va oqova suv tarkibidagi 14 xil, tuproq tarkibidagi 12 xil hamda atmosfera havosi bo‘yicha 15 xildagi moddalarni aniqlash bo‘yicha jami 41 ta uslub o‘zlashtirildi.

Bundan tashqari, “O‘zstandart” agentligida 11 turdagi o‘lchash uslublari muddati 2021-yilga qadar uzaytirilib, ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Yer osti va yer usti suvlarini, atmosfera havosini ifloslanish darajasni sanitar-gigienik me’yorlar darajasigacha kamaytirish yuzasidan amaliy choralar ko‘rish ta’minlandi.

5 Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish

Qo‘mita tomonidan xalqaro munosabatlarni rivojlantirish, xorijiy davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish, sohaga grant mablag‘larini jalb qilish maqsadida BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (EIK), Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro fondi (shu jumladan, Davlatlararo barqaror rivojlanish Komissiyasi), Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazlariga a’zo mamlakatlar bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish bo‘yicha muayan ishlar olib borildi.

Qo‘mita tomonidan biologik xilma-xillikni asrash bo‘yicha 2 ta kimyoviy moddalar va xavfli chiqindilarni boshqarish yo‘nalishida 2 ta hamda boshqa yo‘nalishdagi 1 ta jami 5 ta loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borildi.

Ekologik turizmni rivojlantirishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya yakunlari bo‘yicha Orolbo‘yi mintaqasida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini tashkil qilish, atrof tabiiy muhit holati ko‘rsatkichlarining ma’lumotlar elektron bazasini yaratish, chiqindilarni ajratish hamda qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof muhit buyicha dasturi (YUNEP), velotransport infrastrukturasi tizimini tatbiq etishga Nextbike (Germaniya) kompaniyasi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish masalasi bo‘yicha Xalqaro ekoturizm jamiyati bilan hamkorlikda loyihalarni amalga oshirish yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi.

6. Aholining ekologik madaniyatini oshirish, ekologik ta’lim-tarbiyani rivojlantirishga doir ishlarda ishtirok etish

Ekologiya masalalari hamda mamlakatda atrof-muhit muhofazasi sohasida olib borilayotgan ishlar borasida aholining xabardorligini oshirish, ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish yuzasidan tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda faoliyat olib borildi.

Hisobot yilida 2037 ta uchrashuv, seminar, davra suhbatlari, taqdimot, ijtimoiy ekologik aksiyalar, ta’lim muassalarida ochiq darslar, xalqaro sanalar munosabati bilan ijtimoiy-ekologik masalalarga bag‘ishlangan tadbirlar, xususan, “Ekohaftalik–2016”. o‘tkazildi.

Ekologik xavfsiz, kam chiqitli va resurs-tejamkor texnologiyalarni tatbiq etayotgan sanoat va qishloq xo‘jaligi korxonalari hamda qo‘riqlanadigan tabiiy hududlarga (qo‘riqxonalar, milliy tabiiy bog‘lar, buyurtmaxonalar va boshqalar) 45 ta mediatur tashkil qilindi.

Ommaviy axborot vositalari ishtirokida maishiy chiqindixonalarning holati va ruxsat etilmagan chiqindixonalarning hosil bo‘lishini o‘rganish, shuningdek, dalalarda g‘alla o‘rimidan so‘ng somon, aholi punktlarida xazon va boshqa o‘simlik qoldiqlarini yoqish, ochiq olovni qo‘llagan holda bitum eritish, o‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlaridan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash maqsadida jami 727 ta tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Tele-radio kanallarda 3540 ta ekologiya bilan bog‘liq mavzularda chiqish qilinib, (2015 yilda – 3172 ta), bosma va internet nashrlarda – 2537 ta material chop etildi hamda ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirildi (2015 yilda – 2208 ta).

11 turdagi maxsus bannerlar tayyorlanib, markaziy ko‘cha va xiyobonlarga jami 700 ta banner o‘rnatildi.


2017-03-13

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika