Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > Yangiliklar > ONA TABIAT – QO‘RIQXONA

ONA TABIAT – QO‘RIQXONA

Mamlakatimizda asrga tatigulik keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Muhtasham san’at obidalari, osmono‘par binolar, zamonaviy ta’lim dargohlari, namunaviy loyihalar asosidagi turarjoylar, so‘lim madaniyat va istirohat bog‘lari – eh-he... buni, sanab adog‘iga yetish mushkul. Bu kabi bunyotkorlik ishlari yurtimiz husniga husn qo‘shmoqda.

...Tekis ravon ko‘chalar, xiyobonlar gulzorga aylanmoqda, anhorlarda o‘ynoqlab oqayotgan zilol suvlar, yurtimizga tashrif buyurgan mehmonlar tilida doston bo‘lmoqda. Ushbu manzaralarni kuzatgan har qanday insonning kayfiyati ko‘tariladi, bahri dili ochiladi.

Biroq... ba’zi bir hududlarda yo‘l yoqasi, ariqlarda tog‘dek bo‘lib to‘planib turgan chiqindilarga to‘lganini ko‘rib, ko‘nglingiz xira bo‘ladi.  Axir ko‘pni ko‘rgan yoshi ulug‘ insonlar “Chiqindini ariqqa supurma, suvga tupurma, hovli va ko‘chalarga axlat tashlama!” gunoh bo‘ladi deb bot-bot ta’kidlaydi.

Xosiyat Ibragimova, Toshkent shahar Olmazor tumani Mustaqillik mahallasi fuqarosi:

– Bolaligimizda ariq va buloqlarning suvidan hech hadiksiz ichardik. Issiq nonlarni oqar suvga oqizib yerdik. Hozir-chi, kim mahalla, guzarlar oralab oqib o‘tadigan ariqdan suv icha oladi? Ba’zi bir kaltafahmlar ariqqa suprindi tashlaydi, kir yuvilsa, mag‘zavasini to‘kadi. Uylardan uzoqlashmasdan istalgan joylarga tashlab ketilgan chiqindilar kayfiyatingizni tushirib yuboradi. Yashayotgan mahallalarimiz toza bo‘lishi avvalo, o‘zimizga bog‘liq.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bu kabi muammolarni bartaraf etish va ularning salbiy oqibatlarini oldini olish masalasiga katta e’tibor qaratmoqda. Aholi salomatligi, ekotizimlar va atrof-muhitning tabiiy holatini saqlash ishlari izchillik bilan davom ettirilmoqda.

Qo‘mita tomonidan atrof-muhit sanitariya-epidemiologiya va ekologik holatni yaxshilash maqsadida 2017–2021-yillarda chiqindilarni to‘plash, saqlash, utilizatsiya qilish va qayta ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Toshkent, Samarqand, Andijon va Namangan shaharlarida xalqaro moliya tashkilotlarining 161 million AQSH dollaridan ortiq mablag‘ini jalb etgan holda investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Nukus shahri va barcha viloyatlar markazlarida chiqindilarni qayta ishlash korxonalarini qurish ko‘zda tutilgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 21-apreldagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida"gi farmoni va “2017–2021-yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida bu borada muhim dasturil amal bo‘lmoqda.

Oybek Adhamjonov, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari:

– Mazkur huquqiy hujjatga muvofiq chiqindilarni yig‘ish, saqlash, tashish, zararsizlantirish borasida zamonaviy tizim yaratilgan. Bu jarayonda maishiy chiqindilarni yig‘ish ishlari ham kengaydi. Ushbu vazifalarni sifatli va tizimli tashkil etish maqsadida Qo‘mitamiz va uning joylardagi tuzilmalari huzurida «Toza hudud» davlat unitar korxonalari tashkil etildi. Agar bugungi kungacha maishiy chiqindilarni yig‘ish ishlari asosan shaharlarda tashkil etilayotgan bo‘lsa, bu tizim butun mamlakatimiz bo‘ylab, jumladan, olis qishloqlarda ham yo‘lga qo‘yildi.

Abonentlarning elektron bazasini shakllantirish, to‘lovlarni qabul qilish va hisobini yuritishning elektron “Billing” tizimini hamda chiqindi tashish maxsus texnikalari harakatini masofadan “on-layn” rejimda kuzatish GPS tizimini joriy etish maqsadida, barcha “Toza hudud” davlat unitar korxonalari tomonidan «Furor progress» xususiy korxonasi bilan shartnomalar imzolandi. “Samarqand avtomobil zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan 129 avtomashinaga umumiy qiymati 32,2 milliard so‘mlik shartnomalar imzolandi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, energetika, rangli va qora metallurgiya, kimyo sanoati va qurilish industriyasida foydalaniladigan mahsulotlardan hosil bo‘lgan chiqindilar atrof-muhitni ifloslantiruvchi asosiy manbaga aylanmoqda. Bu kabi chiqindilarning 80 foizini organik moddalar tashkil qiladi. Ularni qayta ishlab, katta miqdorda energiya va energiya tashuvchilarni ishlab chiqarish mumkin ekan. Shu bois maishiy chiqindilar butun dunyoda arzon xomashyo hisoblanmoqda. Rivojlangan mamlakatlar tajribasi chiqindilarning 85 foizini qayta ishlash mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Hatto, ayrim mamlakatlarda chiqindilarni alohida yig‘ish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Natijada qog‘oz, plastik, alyuminiy kabi xomashyoning katta qismi qayta ishlashga yuboriladi. Xususan, Yaponiyada rezina mahsulotlarining 34 foizi, qog‘oz va kartonning 54 foizi, shisha buyumlarning 43 foizi chiqindini qayta ishlash hisobiga tayyorlanadi. Xitoyda esa metalldan yasalgan buyumlarning 33 foizi, jun, ipak va charmdan tayyorlangan buyumlar, hatto, attorlik mollarining 34 foizi turli chiqindilarni qayta ishlash orqali tayyorlanadi. Bunda mahsulot ishlab chiqarish uchun sarflanadigan energiya va xomashyo miqdori 50 foizgacha tejaladi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda yiliga yuz million tonnadan ortiq sanoat chiqindisi, 35 million tonnaga yaqin maishiy chiqindi hosil bo‘ladi.  Chiqindi poligonlarida 2 milliard tonnaga yaqin sanoat, qurilish va maishiy chiqindi saqlanayotgani hamda ular 12 ming gektar maydonni egallab turganini inobatga olsak, chiqindilarning salbiy ta’sirini tasavvur etish qiyin emas. Qattiq maishiy chiqindilarni turlarga ajratilgan holda alohida to‘plashni qat’iy yo‘lga qo‘yish mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Sababi, plastik idishning to‘liq parchalanishi uchun 700 yil kerak. Yoki energiya beruvchi asboblar (batareya va akkumulyator)ning birginasi 20 kvadrat metr yerni zaharlaydi. Uning tarkibidagi og‘ir metallar esa tuproq va yerosti suvlariga singadi.

Habibullo Husanov, Sanitar tozalash sohasidagi ishlarni mufoviqlashtirish va tashkillashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i:

– Mamlakatimizda chiqindilarni utilizatsiya qilish, qayta ishlash korxonalarini tashkil qilish, buning uchun tadbirkorlarni jalb etish masalasi bo‘yicha alohida e’tibor qaratilmoqda. – Jumladan, Nukus, Urganch, Navoiy, Buxoro, Qarshi, Termiz, Guliston, Jizzax, Angren, Namangan va Farg‘ona shaharlari zamonaviy innovatsion texnologiyalarga asoslangan qattiq maishiy chiqindilarni yig‘ish, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish klasterini tashkil etish bo‘yicha o‘ndan ortiq tashabbuskor – tadbirkorlik subyektlari jalb etildi. Ayni vaqtda xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida joylashgan chiqindi poligonida chiqindilarni utlizatsiya qilish maqsadida 2 ta chiqindilarni saralash texnologik uskunalari olib kelinib, qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda.

Soha xodimlari hududlarga chiqqan holda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari, tuman va shahar hokimliklari o‘rtasida aholining habardorligi va ekologik madaniyatini oshirish, sanitar tozalash va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni yaxshilash yuzasidan qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritalari”ni ilova etgan holda, qo‘shma qarorlar imzolandi. Hududlarda sanitariya holatini talab darajasida saqlanishini ta’minlash bo‘yicha sanitariya jihatidan tozalash tashkilotlari xodimlari hamda inspeksiya hodimlari bilan hamkorlikda chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sxemasi ishlab chiqildi.

Aholi orasida ekologik nazoratni amalga oshirish yuzasidan reydlar o‘tkazilmoqda. Joriy yilda o‘tkazilgan reydlar davomida mingdan ortiq aholi yashash punktlarida chiqindilar bilan bog‘liq qonunchilik talablarining buzilishini oldini olishga qaratilgan 1 ming 290 tezkor nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Natijada 222 noqonuniy chiqindixonalar faoliyatiga chek qo‘yilib, ularda joylashtirilgan 17,1 ming tonna chiqindi o‘rnatilgan tartibda maxsus poligonlarga joylashtirildi.

Amalga oshirilayotgan bunday keng ko‘lamli va izchil chora-tadbirlar natijasida mamlakatimizda so‘ngi yillarida atmosferaga zararli moddalarni chiqarish 2 barobar, ifloslangan oqova suvlarni oqizish 2,2 barobar kamaytirildi. So‘nggi bir necha yilda qishloq xo‘jaligida pestitsidlardan foydalanish 5 barobar qisqartirildi, sanoat korxonalarida ekologik xavfsiz texnologiyalar keng joriy etilmoqda, ishlab chiqarish chiqindilari qayta ishlanib, tozalash qurilmalari modernizatsiya qilinmoqda. Bu esa nafaqat ekologik, balki katta iqtisodiy samaralar bermoqda.

 

Shahnoza MAMATUROPOVA,

O‘zA muxbiri


2017-12-07

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika