Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > Yangiliklar > Tabiiy boyliklarni asrash vijdonimiz amriga aylansin!

Tabiiy boyliklarni asrash vijdonimiz amriga aylansin!

Tabiatni asrash, uning ne’matlaridan unumli foydalanish, yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan o‘simlik va hayvonlarni saqlash har birimiz uchun ham farz, ham qarzdir. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi huzuridagi Bioxilma-xillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, Xorazm viloyatida ham hududiy bioinspeksiya xodimlari tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilyapti.

Xususan, Amudaryo baliqlarining ovlanishi, Qizilqum qo‘riqxonasi hamda “Jayron” ekomarkazi hududidagi hayvonot olamiga zarar yetkazilishi, daraxtlarning noqonuniy ravishda kesilishi kabi qonunbuzarliklarning oldini olish, ularni nazorat qilishda chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Ammo, shunday bo‘lsada, ayrim fuqarolar tomonidan qonun buzilishi holatlari ro‘y bermoqda. Amudaryoda baliq ovlash taqiqlangan bo‘lishiga qaramasdan, hamon loqaydlik holatlari kuzatilayotganligi achinarli hol. Ma’lumki, Amudaryo baliqlarning ko‘payishi uchun qulay suv havzasi hisoblanadi. O‘z shaxsiy manfaatlari yo‘lida O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan baliq turlarini ovlash oqibatida fauna olamining ushbu turlari kamayib ketmoqda. Yana shuni ta’kidlash joizki, Buxoro, Xorazm va Qoraqalpog‘iston hududidagi tabiiy ko‘llarda baliq ovlash taqiqlanadi. Chunki, bu ko‘llarda baliqlar chavoqlantiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-oktabrdagi 290-sonli “Biologik resurslardan foydalanishni tartibga solish va tabiatdan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan, O‘zbekiston Respublikasi hududida yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlarini muhofaza qilish ishlariga katta ahamiyat berilmoqda.

Farhod Ko‘palov, Xorazm viloyati hududiy Bioinspeksiyasi xodimi:

– Amudaryo hududida noqonuniy baliq ovlash holatlari uchrab turibdi. Hozirda bu borada tegishli tartibda ishlar olib borilib, bir qancha fuqaroga katta miqdorda jarimalar qo‘llanilib, tabiatga yetkazilgan zararlar to‘liq undirib  olinmoqda. Shunisi achinarliki, noqonuniy baliq ovlovchilar tomonidan tabiiy havzalarda Xitoyda ishlab chiqarilgan “Leska” to‘rlari yordamida baliq ovlash holatlari uchramoqda. Bu to‘r domidan chiqib ketgan baliqlarni ham jarohatlaydi.  Bu holat yuzasidan bir qancha brokonyerlarga tegishli tartibda choralar ko‘rildi. Bundan tashqari, o‘tkazilayotgan Qizilqum hududidan saksovul o‘simligini noqonuniy qo‘porib olib ketish holatlari ham uchrab turibdi. Ichki ishlar xodimlari hamda tegishli organlar bilan hamkorlikda olib borilgan qo‘shma tadbirlar natijasida 20 ta mashina ushlanib, jarima maydoniga qo‘yildi. Tabiatga yetkazilgan zarar va jarimalar to‘liq undirib olindi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, insoniyatning arzimasdek bo‘lib ko‘ringan birgina xatti-harakati ko‘plab turlarning butunlay yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelishi mumkin. Bu esa, Ona tabiat uchun falokatdir! Keling, aziz yurtdoshlar, tirik jonzotlarning uvolidan qo‘rqaylik, tabiatga nisbatan muruvvatli bo‘laylik, ekologik madaniyatimizni oshiraylik. Atrof-muhit muhofazasi uchun javobgar ekanligimizni unutmaylik! 

 

 

Qodir BOLTAYEV,

Xorazm viloyati Ekologiya va atrof-muhitni

muhofaza qilish boshqarmasi

yetakchi mutaxassisi


2018-01-23

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika