Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > Respublikada ekologik xavfsizlikni ta’minlash, atrof-muhit ifloslanishining oldini olish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlash bo‘yicha ustuvor masalalarni amalga oshirish yuzasidan 2017-yil yakuniy hisoboti

Respublikada ekologik xavfsizlikni ta’minlash, atrof-muhit ifloslanishining oldini olish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlash bo‘yicha ustuvor masalalarni amalga oshirish yuzasidan 2017-yil yakuniy hisoboti

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-apreldagi PF-5024 sonli “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni va PQ-2915 sonli “O‘zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Qo‘mita tomonidan quyidagi asosiy 4 ta yo‘nalishda faoliyat olib borildi, jumladan:

-    maishiy chiqindilarni kompleks boshqarish tizimini tashkil etish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarning davlat ekologik nazoratini o‘rnatish;

-    atrof-muhit ifloslanishi oldini olish, ekologik holatni sog‘lomlashtirish;

-    hayvonot va o‘simlik dunyosi obyektlari hamda muhofaza qilinadigan tabiiy hududlardan foydalanish ustidan davlat ekologik nazoratini o‘rnatish;

-    atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini innovatsion rivojlantirish, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, Qo‘mita tizimini rivojlantirish.

 

I.    Maishiy chiqindilarni kompleks boshqarish tizimini tashkil etish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarning davlat ekologik nazoratini o‘rnatish

- 13 ta “Toza hudud” davlat unitar korxonalari va ularning 174 ta tuman (shahar) filiallari tashkil etilib (5 015 nafar hodimlardan iborat), korxonalar balansiga 1 404 ta maxsus texnika, 1 558 ta chiqindi to‘plash maydonchasi, 5 660 ta konteyner, 143 ta poligon va 16 ta chiqindilarni vaqtincha saqlash (mini poligon) poligonlari o‘rnatilgan tartibda qabul qilindi (41 ta poligon tartibga keltirish ishlari yakunlangandan keyin qabul qilinadi);

- qo‘shimcha 305 ta yangi chiqindilarni to‘plash maydonchalar qurilib 2 434 ta konteynerlar bilan jihozlandi, 98 ta chiqindi poligonlar tartibga keltirildi;

- davlat byudjet mablag‘lari hisobidan 136 ta assenizatsiya avtomashinalarini (124 ta assenizatsiya avtomashina va 11 ta chiqindi tashish maxsus texnikalar) harid qilish uchun 40,6 mlrd. so‘mlik shartnoma imzolandi (shundan 58 ta texnika yetkazib berildi);

- texnikalar harakatini masofadan “on-layn” rejimda kuzatish (GPS) tizimi joriy etilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyat “Toza hudud” DUKlaridagi maxsus texnikalarga (1 530 ta) GPS navigatsiya uskunalari o‘rnatildi;

- yirik shaharlarda 108 ta ixtisoslashtirilgan xususiy korxonalar (shundan 44 tasi Toshkent shahrida) tomonidan qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish bo‘yicha faoliyat ko‘rsatilmoqda;

- respublikaning 32,1 mln. aholisidan 16,9 mln. kishi (52,7 %) chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari bilan qamrab olinib, shundan “Toza hudud” DUK tomonidan tuman markazlari va qishloq aholi punktlarida istiqomat qiluvchi 9,7 mln. kishiga (38%) xizmat ko‘rsatilmoqda (2016-yilda obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan 3,3 mln. kishiga (5%) xizmat ko‘rsatilgan);

- “Toza hudud” DUK barcha filiallarida abonentlarning elektron bazasini shakllantirish, to‘lovlarni qabul qilish va hisobini yuritishning elektron “Billing” tizimi o‘rnatildi hamda elektron raqamli kalitlar bilan ta’minlandi;

- hududlarda umumfoydalanishdagi obodonlashtirish obyektlarida chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish choralarini kuchaytirish, har bir hudud uchun mas’ullarni belgilash va mazkur hududlarga chiqindi qutilarini o‘rnatilishini ta’minlash bo‘yicha hamda aniq chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi sanitar tozalash ishlarini amalga oshirish to‘g‘risida tartibi ilova qilingan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining namunaviy qaror loyihalari ishlab chiqilib, amalda tadbiq qilindi;

- ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun bir oylik tushum 2016-yilning ko‘rsatkichiga nisbatan 2,1 barobarga oshirildi (2016-yilda o‘rtacha bir oylik 2,35 mlrd.so‘m). Joriy yilning iyul-noyabr oylari davomida jami 18,4 mlrd. so‘m miqdorida daromad olindi, shundan 2017-yilning noyabr oyi tushumi miqdori 4,8 mlrd. so‘mni tashkil qildi;

- respublika hududlarida mavjud jami 295 ta poligonlar (egallagan maydoni 11,0 ming. ga, umumiy to‘plangan chiqindilar miqdori – 2,47 mlrd. tonna) to‘liq hatlovdan o‘tkazildi va ArcGIS dasturi bazasida yagona davlat kadastri shakllantirildi;  

- ekologik-sanitariya normalari va qoidalariga zid ravishda faoliyat yuritib kelayotganligi sababli 3 ta chiqindi poligonining faoliyati to‘xtatildi (Qashqadaryo viloyatining Shaxrisabz tumanida, Toshkent viloyatining Olmaliq shahri va Bo‘stonliq tumanida), 10 ta poligon faoliyatini to‘xtatish rejalashtirilmoqda (Surxondaryo viloyatining Angor tumani, Termiz tumani va Termiz shahri, Xorazm viloyatining Urganch va Qo‘shko‘pir tumanlari, Andijon viloyatining Paxtaobod, Jizzax viloyatinig Do‘stlik, Zarbdor va Paxtakor, Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanlarida);

- respublikaning 9 ta shahrida chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida O‘zmilliybankning 39,3 mln. doll. kredit mablag‘lari hisobiga zamonaviy innovatsion texnologiyalarga asoslangan klasterlarni tashkil etish bo‘yicha loyhalar doirasida 29 ta texnologik liniyalar va 342 ta maxsus texnikalar keltirilib, 3 ta saralash uskunasi ishga tushirildi hamda 6 ta zavodning qurilish ishlari nihoyasiga etkazildi.

- xalqaro moliya institutlari kredit mablag‘lari hisobidan 37,1 mln. evro (Fransiya rivojlanish agentligi – Samarqand shahrida) va 92,25 mln. AQSH doll. (Osiyo taraqqiyot banki – Toshkent shahrida) miqdoridagi loyhalar amalga oshirilmoqda;

- to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorij investitsiyalarini jalb qilgan holda Farg‘ona vodiysida “Man Capita S.P.C.” kompaniyasining (Baxrayn) – 300 mln. doll., Toshkent viloyatining Oxangaron va Parkent tumanlarida “Sejin G&E” kompaniyasining (Janubiy Koreya) – 50 mln. doll., Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida "ENEL architectural" konsorsiumining (Avstriya, Germaniya, Ozarbayjon) – 50 mln. doll. loyixalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi, jami sohaga 570 mln. doll. atrofida investsiyalar jalb qilinmoqda;

- chiqindi bilan bog‘liq isharni amalga oshirish sohasida O‘zbekiston Respublikasining 1 ta qonunning yangi tahrirdagi loyihasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1 ta farmoyishi loyihasi, Vazirlar Mahkamasining 1 ta farmoyishi va 3 ta qarori loyihasi ishlab chiqilib, belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1 ta farmoyishi, Vazirlar Mahkamasining 1 ta farmoyishi va 2 ta qarori qabul qilindi;

- qattiq maishiy chiqindilarning to‘planish me’yorlarini va morfologik tarkibini aniqlash yuzasidan uslubiy tavsiyalar hamda qattiq maishiy chiqindi poligonlarini loyihalashtirish va ulardan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnoma loyihalari belgilangan tartibda ishlab chiqilmoqda;

- Toshkent shahar “Maxsustrans” DUK va “Avtodaryotrans-ilm” kasb malakasini oshirish Davlat ilmiy-metodik markazi tajribalari misolida Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi ob’ektlarga chiqqan holda, “Toza hudud” DUKlari, hududiy inspeksiya rahbarlari va mutaxassislari uchun o‘quv-uslubiy seminar, shuningdek “Avtodaryotrans-ilm” kasb malakasini oshirish davlat ilmiy-metodik markazida malaka oshirish kurslari o‘tkazildi;

- 4 153 ta aholi yashash punktlarida chiqindilar bilan bog‘liq qonunchilik talablarining buzilishi holatlari aniqlanib, 4 987 ta noqonuniy chiqindixonalar tugatildi (33,7 ming tonna), 2 305 ta fuqaroga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanildi (371,2 mln. so‘m), 215 ta taqdimnoma va 19 312 ta ogohlantirish xatlari yuborildi.

2018-yilda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan ishlar:

  1. Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish ishlar yuzasidan moddiy-texnik bazani yanada takomillashtirish:

- respublikada maishiy chiqindilarni boshqarish sohasida quyidagilarni o‘z ichiga olgan Milliy Strategiyani ishlab chiqish:

chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani takomillashtirishni;

chiqindilarni hosil bo‘lishi me’yorlari hamda morfologik tarkibini aniqlash bo‘icha ilmiy tadqiqot va xronometraj iishlarini amalga oshirish natijasida respublika hududlarida maishiy chiqindilarni utilizatsiya qilish va qayta ishlash yo‘nalishlarini belgilab olinishini;

maishiy chiqindilarni to‘laqonli utilizatsiya qilish va qayta ishlashni joriy eitish orqali ikkilamchi xomashyo sifatida foydalanish hamda mavjud poligonlarni bosqichma bosqich tugatishni;

chiqindilarni qayta ishlash sanoatini respublikaning barcha hududlarida ham tashkil etishni;

yuridik va jismoniy shaxslarni ekologik madaniyatini yanada oshirish yuzasidan amaliy choralarni qo‘llashni;

maishiy chiqindilarni hosil bo‘lish miqdorlarini qisqartirish tizimini joriy etishni va boshqa dolzarb muammolarni bartaraf etishni ko‘zda tutish;

- 462 ta qo‘shimcha texnikalar (352 ta tirkamali traktor, 110 ta chiqindi tashish texnikalari) xarid qilinadi, GPS navigatsiya uskunalari bilan jihozlalanadi va barcha maxsus texnikalarning maqsadli va samarali faoliyati tashkil etiladi;

- abonentlar qamrovi 38 foizdan 60 foizgacha oshiriladi hamda o‘rtacha bir oylik tushum miqdori 4,8 mlrd. so‘mdan 10 mlrd. so‘mga yetkaziladi;

- 148 ta chiqindi poligonlarida tartibga keltirish ishlari yakunlanadi (atrofini o‘rash, maishiy xonalar, sanitar tarmoq, maxsus texnikalarni yuvish joylarini va yer osti artizan qudig‘ini qurish, kirish yo‘llarini ta’mirlash (asfaltlash) va ularga tarozilar (86 ta balansga qabul qilingan, 62 ta o‘rnatiladi) o‘rnatiladi;

- respublikasining barcha hududlarida (Billing tizimi) “MUNIS” elektron dasturi orqali qabul qilinadigan to‘lovlar tizimi 100% joriy etiladi;

- kamida 1 560 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi;

- chiqindi poligonlariga qattiq maishiy va qo‘rilish chiqindilarini joylashtirganliklari uchun to‘lovlarni undirish, 158 ta assenizatsiya avtomashinalari xizmatlarini joriy etish, tuman markazlari va umum foydalanish obyektlarida hosil bo‘lgan chiqindilarni olib chiqib ketish uchun qilinayotgan harajatlarini obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan qoplab berilishini ta’minlash hisobiga “Toza hudud” DUKlarning moliyaviy-iqtisodiy barqarorligini hamda ishchi va xizmatchilarning ijtimoiy ta’minoti yanada oshirilishi ta’minlanadi.

Muammolar.

Amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda quyidagi asosiy muammoli masalalar mavjud. Jumladan:

1. Bugungi kunda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan tuman va shaharlardagi obodonlashtirish (umum foydalanish) obyektlarida hosil bo‘layotgan chiqindilarni (kuzgi xazonrezgi mavsumida daraxtlardan to‘kilgan barglar va boshqa chiqindilar) olib chiqib ketish masalalari yangi tashkil etilgan “Toza hudud” DUKlar va ularning filiallari zimmasiga yuklatilmoqda. Natijada aholidan maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish uchun belgilangan yo‘nalish jadvallarining buzilishiga, shuningdek “Toza hudud” DUK harajatlarining asossiz ravishda oshib ketishi va mazkur xarajatlarning qoplanmay qolishiga olib kelmoqda.

Taklif: Tuman va shahar Obodonlashtirish boshqarmalarining texnikalari yetishmasligini, shuningdek “Toza xudud” DUKlar tomonidan chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari shartnoma asosida, to‘lov evaziga amalga oshirilishi lozimligini inobatga olib, tuman markazlari va umum foydalanish obyektlarida hosil bo‘lgan chiqindilarni olib chiqib ketish uchun qilinayotgan harajatlarini qoplab berilishini ta’minlash zarur.

2. Bugungi kunda respublika tuman markazlari va qishloq aholi punktlarida istiqomat qiluvchi aholining faqatgina 38% qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari bilan qamrab olingan.

Dasturga asosan 2018-yilda qo‘shimcha 462 ta maxsus texnika xarid qilinishi natijasida respublikaning tuman markazlari va qishloq aholi punktlarida istiqomat qiluvchi aholining 60% sanitar tozalash xizmatlari bilan qamrab olinishi ta’minlanadi.

Respublikada tuman markazlari va qishloq aholi punktlarida istiqomat qiluvchi aholining sanitar tozalash xizmatlari bilan 100% qamrab olish uchun qo‘shimcha 569 ta maxsus texnika xarid qilish talab etiladi.

Shuningdek hududlardagi chiqindi poligonlarida maxsus texnikalar etishmovchiligi mavjud bo‘lib, jami 92 ta buldozer va 64 ta avtoyuklagich talab etilmoqda.

Taklif: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil
21 apreldagi PQ-2916-sonli qaroriga Respublika Komissiyasining yig‘ilish qarori bilan qo‘shimcha kiritgan holda 2019–2021-yillarda “Toza hudud” DUKlar uchun qo‘shimcha 569 ta chiqindi tashuvchi maxsus texnika va 156 ta poligon uchun maxsus texnikasini xarid qilish.

3. “Toza hudud” DUKlar tomonidan maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha aholiga xizmat ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilguniga qadar hududlarda mazkur sohada tizimli ishlar olib borilmaganligi natijasida ushbu turdagi xizmat turi uchun shartnoma tuzish va kommunal to‘lovlarni amalga oshirish bo‘yicha iste’molchilarda ko‘nikma shakllanmagan.

Buning natijasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun pul mablag‘larining undirilishida qiyinchiliklar yuzaga kelib, to‘lov intizomini mustahkamlashga va tarmoqning yanada rivojlanishiga to‘siq bo‘lmoqda.

Taklif: Maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalarni tuzilishi hamda ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini ta’minlashda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosiga biriktirish.

Shu bilan birga, maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha xizmat ko‘rsatishning hususiyatlaridan kelib chiqqan holda (chiqindilar olib chiqib ketish majburiy ekanligi) maxsus texnikalar bilan qamrab olingan va jadval asosida xizmat ko‘rsatilyotgan hududlarda “Jamoat shartnomalari” (ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun alohida shartnoma tuzish talab etilmaydi) joriy qilish.

4. “Toza hudud” DUKlar va ularning filiallariga foydalanilmay turgan binolar ajratib berilgan bo‘lib, ularning barchasini mukammal ta’mirlash talab etiladi (72,5 mlrd.so‘mdan ortiq mablag‘ talab etiladi).

Taklif: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-apreldagi PQ-2916-sonli qaroriga Respublika Komissiyasining yig‘ilish qarori bilan qo‘shimcha kiritgan holda 2019-yilda “Toza xudud” DUKlar uchun ma’muriy bino va avtotransport parklarni qurish uchun byudjetdan mablag‘ ajratish.

5. Hosil bo‘layotgan qattiq maishiy chiqindilarning morfologik tarkibida uzoq yillar davomida chirimaydigan plastik hamda polietilen chiqindilarning (paketlar, qoplar va b.) hajmi eng ko‘p miqdorni tashkil etadi. Maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan kommunal xizmatlar uchun undiriladigan to‘lovlarga belgilangan tariflar faqatgina chiqindilarni to‘plash va olib ketish xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha harajatlarni qoplashni nazarda tutadi. Ushbu chiqindilarning hosil bo‘lishini minimallashtirish va ularni takror foydalanilishini ta’minlash, maishiy chiqindilarni saralash, utilizatsiya qilish va qayta ishlash ishlarini qo‘shimcha moliyalashtirishning iqtisodiy mexanizmlarni takomillashtirish zarur.

II. Atrof-muhit ifloslanishining oldini olish, ekologik holatni sog‘lomlashtirish.

Atrof-muhit holati davlat monitoringi

Atrof-muhit davlat monitoringini muvofiqlashtirish Qo‘mitaga yuklatilgan bo‘lib, Qo‘mita funksiyalarida faqatgina atrof-muhitni ifloslantiruvchi manbalar monitoringi belgilangan. Umumiy ekologik holat monitoringi vazifalari O‘zgidromet xizmatiga hamda alohida yo‘nalishlar bo‘yicha yana 4 ta vazirlik va idoralarga yuklatilgan.

Qo‘mita tomonidan 2017-yilda jami 10,8 mingta turg‘un ifloslantiruvchi manbalari o‘rganildi, shu jumladan atmosferani ifloslantiruvchi bo‘yicha –2 885 ta manbaa, suv resurslari – 4 320 ta, yer resurslari – 780 ta manbalar.

Natijada 371 ta ifloslantiruvchi manbalarda tashlamalar me’yorlardan oshganligi uchun 39 ta obyektlar va ularning mansabdor shaxslariga nisbatan 720 mln. so‘m atrofida jarima va qo‘shimcha kompensatsiya to‘lovlari belgilandi.

 

 

 

Ma’lumot uchun:

Bugungi kunda atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar tashlamalari yiliga o‘rta hisobda 2,6 mln. tonnani tashkil qilib, ularning 49% neft va gaz sohasiga, 18,6% energetika sohasiga, 21,5% rangli va qora metallurgiya, qurilish, kimyo sanoati sohalariga to‘g‘ri kelmoqda.

2017-yilda respublikaning monitoring olib boriladigan 25 ta sanoat shaharlari va tuman markazlarida atmofera havosining yuqori yoki ekstremal ifloslanish darajasi kuzatilmagan. Shulardan 9 ta sanoat shaharlarda (Andijon, Buxoro, Navoiy, Farg‘ona, Olmaliq, Angren, Bekobod, Chirchiq, Toshkent) hamda Nukus shahrida atmosfera havosining chang zarralari bilan mahalliy ifloslanish darajasi sanitar-gigiyenik me’yorlardan o‘rta hisobda 2,7 barobarga ortganligi kuzatildi.

Suv obyektlariga oqava suvlarni oqizish xajmi yiliga 1,7 mlrd m3ni tashkil qilib (15-20 mlrd m3 kollektor-drenaj suvlarni hisobga olmagan holda), ularning 52% kommunal xo‘jalik hissasiga, 17% sanoat ishlab chiqarishi va 5,5% energetika sohasi hisasiga to‘g‘ri keladi.

Katta sanoat ishlab chiqarish faoliyati natijasida respublikada jami 56.3 ming gektar buzilgan yerlar mavjud bo‘lib ularning 57,5% NKMK AJga, 12% OKMK AJga, 13 % “O‘zbekneftegaz” MXKga, 3.5% “O‘zbekko‘mir” AJga va 7% “Lukoyl Uzbekistan Opereyting” MCHJga tegishli.

Yer resurslarining ifloslanishi bo‘yicha davlat monitoringi olib boriladigan 111 ta obyektlarda yerlarning ifloslanish darajasi belgilangan me’yorlardan oshmaydi.

Muammolar:

Atrof-muhitning ekologik holatini yagona baholash tizimi va umumlashtirilgan geoinformatsion ma’lumotlar bazasi mavjud emas, ekologik holat bo‘yicha respublika hududini rayonlashtirish va toifalash ishlari amalga oshirilmagan.

Atrof-muhit monitoringi yo‘nalishlar bo‘yicha 6 ta vazirlik va idoralarga yuklatilganligi, ayniqsa atrof-muhit holati va uni ifloslantiruvchi manbalar monitoringi alohida tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi ekologik muammolarni tizimli ravishda aniqlash va hal qilish samaradorligini pasaytirmoqda.

Atrof-muhit ifloslanishiga eng katta ta’sir ko‘rsatuvchi jami 2500 ta korxonlarning faqatgina 390 tasi (16%) davlat monitoringi bilan qamrab olingan.

Qo‘mita tizimida mavjud bo‘lgan barcha (15 ta) analitik laboratoriyalarning infratulizmasi va moddiy-texnik ta’minoti darajasi (uskunalarning aksariyati
XX-asrning 80-90-chi yillarida ishlab chiqilgan) davlat ekologik monitoringini lozim darajada amalga oshirish imkonini bermaydi.

Takliflar:

Atrof-muhit holatini baholashning aniq ko‘rsatkichlariga asoslangan, himoyalangan geoinformatsion ma’lumotlar bazasini 2018–2019-yillar davomida yaratish va joriy qilish bo‘yicha moliyalashtirish manbalari aniqlangan dastur qabul qilish.

Atrof-muhit holatini va uni ifloslantiruvchi manbalar davlat monitoringini amalga oshiruvchi tashkilotlarni Qo‘mita tizimida qayta tashkillashtirish.

Eng jiddiy ekologik ta’sir ko‘rsatuvchi I-chi va II-chi toifadagi korxonlarda (2500 ta) o‘z mablag‘lari hisobidan avtomatlashtirilgan monitoring tizimlarini bosqichma-bosqich joriy etish.

Atrof-muhit monitoringi yo‘nalishlar bo‘yicha 6 ta vazirlik va idoralarga analitik laboratoriyalarining infratulizmasi va moddiy-texnik ta’minotini davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan boschiqma-boschiq rivojlantirish bo‘yicha
“Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish va ijrosini ta’minlash.

Davlat ekologik nazoratini amalga oshirish

Qo‘mita tomonidan jami 710 ta rejali va 9 ta rejadan tashqari hamda 300 mingdan ortiq harakat manbalari nazorat-tahlil tadbirlari o‘tkazilib, natijada 13,1 ming kishi ma’muriy javobgarlikka jalb qilindi, 1484 ta obyektlar bo‘yicha yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha da’vo arizalari kiritildi, 3,1 mlrd. so‘m miqdorida jarimalar va keltirilgan zararlar undirildi.

Jami 3 452 ta ekologik nazorat (reyd) tadbirlari o‘tkazilib, natijada daryo o‘zanlarini mustahkamlashga noqonuniy yer ajratish bo‘yicha viloyat va shahar hokimlarning 300 ta qarorlari bekor qilindi, mansabdor shaxslarga nisbatan 45,4 mln so‘m miqdorida jarimalar belgilandi, 14 ta materiallar huquqni muhofaza qilish organlariga oshirildi, 63 ta o‘q otar qurollar va 1 100 dan ortiq to‘r materiallari olib qo‘yildi.

Muammolar

Qo‘mitaning 19 ta nazorat funksiyalaridan 10 tasi Respublika nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish Kengashi ruxsati bilan amalga oshiriladi.

Yil davomida tekshirishlar amalga oshirilayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar soni (710 ta) ularning umumiy sonining 0,2%ni tashkil qilib, bularning aksariyati atrof-muhitga kam ta’sir ko‘rsatuvchi (III-chi va IV-chi toifadagi) o‘rta va kichik biznes korxonalari hisoblanadi (80%). Lekin, eng jiddiy ta’sir ko‘rsatuvchi 2 500 ta korxonalar nazorat-tahlil tadbirlari bilan qamrab olinmayapti (2017-yilda 147 ta obyektlar) yoki ularni tekshirish davriyligi 15-16 yilni tashkil qilmoqda.

Bunday obyektlarning atrof-muhitga tashlamalarining nazorati yetarli darajada emasligi aholining asosli noroziligiga olib kelmoqda. Yil boshidan Qo‘mitaga ayrim korxonalar tomonidan atrof-muhit ifloslantirilayotgani to‘g‘risida 217 ta shikoyat murojaatlari kelib tushgan.

Xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan iqtisodiy rag‘batlantirish orqali ta’sir ko‘rsatish choralari mavjud emas. Shuningdek, atrof-muhitga ziyon keltirganlik uchun qonunchilikda belgilangan ta’sir choralari, shu jumladan kompensatsiya to‘lovlari miqdori yetarli darajada emasligi ho‘jalik yurituvchi subyektlarni zamonaviy uskunalar va texnologiyalarni joriy etishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Shaxsiy tarkibni moddiy ta’minoti yetarli emas, hodimlarning ijtimoiy himoya va kafolatlari mavjud emas. Davlat ekologik inspektorlarning hayoti va sog‘lig‘i davlat tomonidan sug‘urtalanmagan, rag‘batlantiruvchi choralar ko‘zda tutilmagan.

Takliflar.

Xo‘jalik yurituvchi subyektlarda barcha turdagi (19 ta) davlat ekologik nazorat-tahlil tekshiruvlarini optimallashtirish, bunda:

birinchidan, III-chi va IV-chi toifadagi xo‘jalik yurituvchi subyektlar (o‘rta va kichik biznes) tomonidan to‘lanadigan kompensatsion to‘lovlar miqdorini aniq stavkalarini belgilash (eng kam oylik ish haqining ma’lum bir qismi) orqali ularning faoliyatiga aralashuvni keskin qisqartirish;

ikkichidan, atrof-muhitga ta’sirni o‘rganish bo‘yicha nazorat-tahlil tekshiruvlari xo‘jalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy faoliyatiga ta’sir qilmasligini inobatga olib, I-chi va II-chi toifadagi eng jiddiy ekologik ta’sir ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda rejali ravishda, 3 yilda bir marotabadan ortiq bo‘lmagan holda, atrof-muhitga ta’sirni o‘rganish nazorat-tahlil tekshiruvlarni Respublika nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish Kengashi bilan kelishilmagan holda amalga oshirish.

Atrof-muhitga ta’sirni belgilovchi ekologik me’yorlar, standartlar va talablarni, kompensatsion to‘lovlar miqdorlarini xalqaro mezonlarga va bugungi kun talablariga mos keltirish maqsadida qayta ko‘rib chiqish, ularga rioya etishni iqtisodiy rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etish va ta’sir choralarini kuchaytirish yo‘li bilan ta’minlash.

Qo‘mitaning moddiy-texnika ta’minotini va infratuzilmasini yaxshilash, Qo‘mita tizimidagi hodimlarni ijtimoiy himoya va kafolatlar bilan ta’minlash sharti bilan atrof-muhitni ifloslantirish va chiqindilarni joylashtirish uchun kompensatsion to‘lovlarning qismini Davlat va mahalliy byudjetlarga ko‘chirish tartibini bekor qilish.

Respublikada ekologik holatni yaxshilash bo‘yicha
chora-tadbirlarni amalga oshirish

Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 27-maydagi 142-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2013–2017-yillarda Atrof-muhitni muhofaza qilish davlat dasturi doirasida so‘nggi 5 yilda ekvivalentida 1,7 mlrd AQSH dollardan miqdorda (shundan, 75% dan ortig‘i korxona va tashkilotlarning o‘z mablag‘lari, va 22% chet el investitsiya va xalqaro grantlar) tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, yirik korxonalarda ishlab chiqarishini qayta ta’mirlash va modernizatsiyalash, gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish, ishlab chiqarishida yangi va kamchiqitli texnologiyalarni joriy etish, muhofaza etiladigan hududlarni tashkil qilish va rivojlantirish.

Xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan sohaviy dasturlar doirasida joriy yilda 9,7 mingdan ortiq atrof-muhitni muhofaza qilishga yo‘naltirilgan tadbirlarni amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib bu maqsadlarda korxona va tashkilotlarning qariyib 6 mlrd. so‘m mablag‘lar o‘zlashtirilmoqda.

Muammolar

Atrof-muhitni muhofaza qilish dasturlarni ishlab chiqish yagona strategik yondashuvsiz, keng jamoatchilik orasida muhokama qilinmasdan amalga oshirilmoqda, ushbu dasturlarda belgilangan tadbirlarning aksariyati bevosita ekologik xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq emas.

Rejalashtirilgan, shu jumladan, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning davlat ekologik ekspertizasi xulosasida ko‘zda tutilgan, atrof-muhitni muhofaza qilishga yo‘naltirilgan tadbirlarini bajarmaganlik uchun javobgarlik yo‘qligi ularni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishiga salbiy ta’sir qo‘rsatmoqda.

Takliflar.

Xalqaro tajribadan kelib chiqib, mamlakatdagi real ekologik holatni aniq baholagan holda, xalqaro bitimlar doirasida belgilangan talablarni inobatga olgan tarzda O‘zbekiston Respublikasi atrof-muhitni muhofaza qilish milliy konsepsiyasini va uni ijrosini ta’minlash bo‘yicha o‘rta muddatli tadbirlar rejasini (“Yo‘l xaritasini”) ishlab chiqish va amalga oshirish.

Davlat ekologik ekspertizasi tomonidan belgilab berilgan atrof-muhitni muhofaza qilishga yo‘naltirilgan tadbirlarni bajarmaslik uchun javobgarlik choralarini tadbiq qilish.

 

III.        O‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlarini muhofaza qilish, ulardan oqilona foydalanish, muhofaza etiladigan hududlar tizimini kengaytirish va rivojlantirish.

O‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlari va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar holati hamda davlat kadastrini yuritish.

Respublikada o‘simlik dunyosi obyektlari 4 500 turdan, hayvonot dunyosi – 15 700 turdan ortiq. Shulardan 324 tur o‘simlik va 184 tur hayvonot dunyosi obyektlari Qizil kitobga kiritilgan.

Bugungi kunda respublikada yuridik maqomga ega bo‘lgan jami 13 ta (1.5 mln. ga) muhofaza etiladigan tabiiy hududlar mavjud, shulardan 3 tasi Qo‘mitaga, 8 tasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga va 1 tasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga qarashli.

O‘simlik dunyosining 591 ta turidan 341 tasi (60,57%), hayvonot dunyosining barcha 250 ta turi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning 464 ta obyektidan 326 tasining (84,9%) geobazasi 1:200 000 masshtabda xarita ma’lumotlari davlat kadastri yagona tizimiga kiritildi, ularning ArcGIS elektron dasturiy ta’minoti tadbiq qilinmoqda.

O‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlaridan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash

Yil boshidan buyon hayvonot dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish uchun 919 ta va o‘simlik dunyosi obyektlaridan foydalanish uchun 189 ta ruxsatnomalar rasmiylashtirilib, umumiy eksport xajmi 24,4 mln. AQSH dollarini tashkil qildi.

Hayvonot va o‘simlik dunyosi obyektlarini yetishtirish bo‘yicha respublikada 70 ta pitomnik, shundan 54 tasi yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish faoliyati olib borilmoqda.

O‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlarini muhofaza qilish bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshirish

Olib borilgan ekologik nazorat tadbirlar natijasida 3 782 ta qonun talablari buzilishi holatlari aniqlangan, shu jumladan hayvonot dunyosi bo‘yicha – 1 090 ta va o‘simlik dunyosi bo‘yicha – 2 692 ta. Huquqbuzarlardan 1,38 mlrd. so‘m jarima va da’vo summalari undirilgan, 1140 ta baliq ovlash qurollari, 12 ta qayiq va 7 ta qayiq motorlari, 40 dona lochin (sapsan, baloban, shaxin) va 1 dona burgut (berkut) qushlari, 1210,1 kg noqonuniy ov mahsulotlari (baliq) va 1315,4 m3 o‘simlik dunyosi obyektlari (yog‘och, o‘tin, shox-shabba), 54 tonna dorivor va ozuqabop o‘simliklar o‘rnatilgan tartibda olib qo‘yilgan va rasmiylashtirilgan.

Aniqlangan holatlar bo‘yicha materiallar iqtisodiy, fuqarolik va jinoiy ishlar bo‘yicha sudlarga hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tegishli choralar ko‘rish uchun taqdim etilagn.

Brakonyerlardan olib qo‘yilgan, 19 ta itolg‘i lochin qushlari va 601 dona o‘rta osiyo chul toshbaqasi maxsus pitomnikda to‘liq reabilitatsiyadan so‘ng, ochiq tabiatga qo‘yib yuborildi.

Jami o‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish uchun, jarima va davolardan hamda boshqa tushumlar 29,3 mlrd. so‘mni tashkil qilib, shundan 21,3 mlrd. so‘m Davlat byudjeti va mahalliy byudjetlarga o‘tkazilgan.

Muammolar.

BMTning “Bioxilma-xillik to‘g‘risida”gi konvensiyasida belgilangan majburiyatlardan kelib chiqib “Bioxilma-xillikni muhofaza qilish milliy strategiyasi va uni amalga oshirish ish rejasi” hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning maydonini kengaytirish davlat dasturini ishlab chiqilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar qabul qilinmagan.

O‘rmon xo‘jaligining davlat qo‘mitasi xo‘jalik faoliyati yuritish bilan bog‘liq bo‘lib, uning asosiy vazifasi o‘rmon fondi erlarida o‘rmon boyliklarini har tomonlama ko‘paytirish va ulardan oqilona foydalanishga qaratilgan. Biroq, qonunchilikka muvofiq davlat qo‘riqxona yerlarida xo‘jalik faoliyati taa’qiqlangan va ular tabiatni muhofaza qilish maqsadlariga mo‘ljallangan.

Qo‘mitaning Bioinspeksiyasi respublika hududi bo‘yicha 5 ta mintaqaviy inspeksiyalardan iborat bo‘lib, viloyatlar kesimida hududiy bo‘linmalarga ega emas. Ushbu holat joylarda bioxilma-xillikni muhofaza qilish bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish, tezkor choralar ko‘rish, yuridik va jismoniy shaxslar bilan masalalarni joyida hal etishda tashkiliy jihatdan bir qator qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Bundan tashqari, Bioinspeksiya tizimidagi 200 ta davlat inspektorlari va “Saygachiy” qo‘riqxonasi shtat birliklari byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moliyalashtirish belgilangan bo‘lib, bunga joriy yilda 3,5 mlrd. so‘m miqdorida mablag‘lar ajratilgan.

Ayni paytda, Bioinspeksiyaning moddiy-texnik bazasi talab darajasida emasligi, hususan avtotransport vositalari, suv havzalarida nazorat tadbirlarini olib borish uchun motorli qayiqlar yetishmasligi, maxsus kiyim bosh (forma), binokl, tunda ko‘rish mosalamalari va boshqa zaruriy anjomlar bilan ta’minlanmaganligi yuklatilgan vazifalarni bajarilishini samarali tashkil etishda qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Birinchi navbatda moddiy-texnik inpeksiyaning moddiy-texnik bazasini to‘liq ta’minlash uchun talab etiladigan mablag‘lar 17 mlrd. so‘mni tashkil etadi.

Bundan tashqari Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-martdagi
124-sonli qaroriga muvofiq Bioinspeksiyaning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi direksiyasi qo‘llab-quvvatlash uchun jami 15,2 mlrd. so‘m, jumladan maxsus katerlar uchun 10,0 mlrd. so‘m, tashkiliy tadbirlariga 3,4 mlrd. so‘m va boshqa tabirlariga 1,8 mlrd so‘m ajratish belgilangan.

Qonunchilikka asosan davlat kadastrlari yuritilishini moliyalashtirish davlat byudjeti hisobidan amalga oshirilishi belgilangan bo‘lsada, ushbu tadbirlar Bioinspeksiyaning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilmoqda, bu esa belgilangan davlat kadastrlarini yuritish ishlarini talab darajasida bajarilishida qiyinchiliklar keltirib chiqarmoqda.

Takliflar.

2018–2025-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasida biologik xilma-xillikni saqlash milliy strategiyasi va uni amalga oshirish harakatlar dasturini qabul qilish;

Xo‘jalik yuritish faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan davlat qo‘riqxonalarini boshqarishda va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishda yagona davlat siyosatni yurgizish maqsadida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tassarufidagi 6 ta davlat qo‘riqxonalarini Davlat ekologiya qo‘mitasi tassarufiga berish;

O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobi ro‘yxatini shakllantirish tartibini qayta ko‘rib chiqish, uning asosida ushbu ro‘yxatni qayta shakllantirish;

O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan o‘simlik va hayvonot dunyosi noyob turlaridan maxsus foydalanishni kvotalash tartibini qayta ko‘rib chiqish.

Qo‘mitaning “Jayron” ekomarkazida va Hisor qo‘riqxonasida ekoturizmni keng joriy qilish;

Bioinspeksiyaning tashkiliy tuzilmasini qayta ko‘rish va bunda hududiy inspeksiyalarni tashkil tish;

Bioinspeksiyaning hududiy inspeksiyalarining 200 nafar shtat birliklarini va “Saygachiy” majmua buyurtma qo‘riqxonasini shtat birliklarini davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyashlatirish masalasini ko‘rib chiqish;

Bioinspeksiyaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va yuklatilgan vaziflarni lozim darajada bajarilishini ta’minlash maqsadida o‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish uchun, jarima va da’volardan hamda boshqa tushumlardan davlat va mahalliy byudjetlarga o‘tkazmalarning foiz taqsimotini qayta ko‘rib chiqish.

 

IV.       Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini innovatsion rivojlantirish, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, Qo‘mita tizimini rivojlantirish.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida fundamental ilmiy izlanishlar

Qo‘mita tomonidan joriy yilda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini innovatsion rivojlantirishga qaratilgan jami 12 ta yirik fundamental ilmiy izlanishlar amalga oshirildi. Shundan 5 tasi oqava suvlarga ekologik toza texnlogiyalarni joriy etish, qolgan 6 tasi sanoat chiqindilarini qayta ishlash va yer resuslarining ekologik holatini yaxshilash yo‘nalishiga oid. Burg‘ulash jarayonida hosil bo‘ladigan chiqindilar bilan zararlangan yerlarni qayta tiklash texnologiyasi “O‘zgeoburneftgaz” AK tizimida, metallarni qayta ishlash tizimida kam chiqitli texnologiyalar “NV-METALL SERVICE” MCHJ faoliyatida tadbiq qilinmoqda.

Muammolar.

Qo‘mita tizimidagi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish ilmiy-tadqiqot institutining faoliyati xo‘jalik hisobidagi mablag‘lar hisobiga moliyalashtirilib, mavjud moliyaviy resurslari asosan xodimlarning oylik ish haqlarini qoplash uchun yetarli holos. Natijada, Institutning infratuzilmasi, moddiy-tenik bazasi, ayniqsa maxsus laboratoriya uskunalar bilan jixozlash, uning faoliyatiga yosh va ilg‘or mutaxassislarni jalb qilish imkoni yo‘q.

Aksariyat hollarda ilmiy izlanishlar amaliyotdan uzilgan holda, bugungi kundagi real ehtiyojlarni inobatga olmasdan, faqatgina mavjud mutaxassislar salohiyati va takliflar asosida olib borilmoqda.

Takliflar.

Ekologiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlar atrof-muhitni muhofaza qilishni ilmiy jihatdan ta’minlash, tabiiy ekosistemalarni yaxshilash, tiklash, barqaror faoliyat ko‘rsatish bo‘yicha ilmiy asoslangan chora-tadbirlarni ishlab chiqish, ekologik xavfsizlikni hamda jamiyatning ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlarini  uyg‘unlashgan holda rivojlanishini ta’minlash. Bunda, ekologiya sohasidagi ilmiy izlanishlar va tadqiqotlar vazifalarini quyidagicha belgilash:

- atrof-muhit holatini ilmiy asosda baholash va prognozlash;

- ilmiy asoslangan ekologik me’yorlar, standartlar va talablarni ishlab chiqish;

- tabiiy resurslardan kompleks va oqilona foydalanishni asoslash;

- atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasini davlat tomonidan tartibga solish va boshqarish bo‘yicha ilmiy tavsiyalarni ishlab chiqish;

- ekologik samardor va resurs tejamkor texnologiyalarni ilmiy asoslash, ishlab chiqish va joriy qilish.

Qo‘mita tizimidagi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish ilmiy-tadqiqot institutining shtatlar birligini davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga moliyalashtirishni joriy qilish.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash

Qo‘mitaning xodimlari soni 14 136 nafarni tashkil etib, ulardan boshqaruv xodimlari soni – 3 572 nafarni, mutaxassislar – 6 589 nafarni, texnik ko‘rsatuvchi xodimlar soni – 1 758 nafarni va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar soni – 2 217 nafarni tashkil qilmoqda.

Qo‘mita qoshidagi Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazida joriy yilda jami 560 nafar ekolog mutaxassislar (258 nafari Qo‘mita mutaxassislari va 302 nafari korxona va tashkilotlarning ekologik xizmati xodimlari) qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tamomladi.

Muammolar:

Bugungi kunda,

“Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 4-moddasiga muvofiq barcha turdagi ta’lim muassasalarida ekologiya o‘quvi majburiyligi belgilangan. Bugungi kunda mazkur talab e’tibordan chetda qolib ketgan. Jumladan, maktabgacha ta’lim muassasalari va o‘rta ta’lim maktablarida ekologiya o‘quv yuklamasi hajmi juda kam. Mavjud darsliklardagi ekologik ta’lim sohasiga oid mavzular bugungi kundagi dolzarb ekologik muammolarni to‘liq qamrab olmagan.

Respublikamizning oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari hamda ekologiya sohasidagi davlat boshqaruv organlari, shuningdek, yirik ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida chuqur hamkorlik aloqalari mavjud emas.

O‘quv muassasalarida yoshlarga ekologik ta’lim berish uchun zarur bo‘lgan o‘quv qo‘llanmalarida ekolog va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash tizimi amaldagi ekolog kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni to‘laqonli inobatga olmagan holda amalga oshirilmayapti.

Respublikaning olis hududlarida faoliyat yurituvchi ekolog mutaxassislarning aksariyati Toshkent shahriga kelib Markazning o‘quv kurslarida ishtrok etish imkoniga ega emas.

Takliflar.

“Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunining talablaridan kelib chiqib, uzluksiz va kompleks ekologik ta’lim tizimi ta’limning barcha bo‘g‘inlarini qamrab olishi kerak. Bu borada quyidagi vazifalarga alohida e’tibor qaratilishi kerak:

1) ekologik ta’limning sifatini oshirish, bunda uning mazmunini zamon talablariga doimiy ravishda muvofiqlashtirib borish, ta’lim muassalalarini zamonaviy uquv-uslubiy materiallar bilan ta’minlash, o‘qituvchi kadrlarning malakasini oshirish;

2) ta’lim muassasalarida ekologik ta’lim ixtisoslashtirilgan va dissiplinalararo ta’lim dasturlari orqali hamda mavjud o‘quv dissiplinalariga ekologik aspektlarni integratsiya qilish orqali amalga oshiriladi.

3) jamiyat va oilada ekologik tarbiyaning tashkiliy asoslari, dasturlari va tadbirlarini rivojlantirish;

4) atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha malkali kadrlarni tayyorlash.

5) ekologiya, atrof-muhit muhofazasi, tabiatdan foydalanish yo‘nalishlari bo‘yicha kasb ta’limi davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan kelishish amaliyotini joriy qilish;

6) Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi yo‘nalishidagi ilmiy-tadqiqot dasturlari va ular asosida amalga oshirilayotgan tadqiqotlarni muvofiqlashtirish;

7) Yoshlar ittifoqi va oliy o‘quv muassasalari ekolog talabalarini jalb qilgan holda maktabgacha ta’lim va o‘rta ta’lim maktablarining boshlang‘ich sinflarida Qo‘mita inspektor hodimlari ishtirokida alohida “ekologiya” soatlarini muntazam o‘tkazib borish amaliyotini joriy qilish;

V. Qo‘mita tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish

Muammolar.

Atrof-muhit monitoringi yo‘nalishlar bo‘yicha 6 ta vazirlik va idoralarga yuklatilganligi, ayniqsa atrof-muhit holati va uni ifloslantiruvchi manbalar monitoringi alohida tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi ekologik muammolarni tizimli ravishda aniqlash va hal qilish samaradorligini pasaytirmoqda.

Takliflar.

Atrof-muhit holatini va uni ifloslantiruvchi manbalar davlat monitoringini amalga oshiruvchi tashkilotlarni Qo‘mita tizimida qayta tashkillashtirish.

Muammolar.

O‘rmon xo‘jaligining davlat qo‘mitasi xo‘jalik faoliyati yuritish bilan bog‘liq bo‘lib, uning asosiy vazifasi o‘rmon fondi erlarida o‘rmon boyliklarini har tomonlama ko‘paytirish va ulardan oqilona foydalanishga qaratilgan. Biroq, qonunchilikka muvofiq davlat qo‘riqxona yerlarida xo‘jalik faoliyati taa’qiqlangan va ular tabiatni muhofaza qilish maqsadlariga mo‘ljallangan.

Qo‘mitaning Bioinspeksiyasi respublika hududi bo‘yicha 5 ta mintaqaviy inspeksiyalardan iborat bo‘lib, viloyatlar kesimida hududiy bo‘linmalarga ega emas. Ushbu holat joylarda bioxilma-xillikni muhofaza qilish bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish, tezkor choralar ko‘rish, yuridik va jismoniy shaxslar bilan masalalarni joyida hal etishda tashkiliy jihatdan bir qator qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Takliflar.

Xo‘jalik yuritish faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan davlat qo‘riqxonalarini boshqarishda va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishda yagona davlat siyosatni yurgizish maqsadida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tassarufidagi 6 ta davlat qo‘riqxonalarini Davlat ekologiya qo‘mitasi tassarufiga berish;

Bioinspeksiyaning tashkiliy tuzilmasini qayta ko‘rish va bunda hududiy inspeksiyalarni tashkil tish;

Bioinspeksiyaning hududiy inspeksiyalarining 200 nafar shtat birliklarini va “Saygachiy” majmua buyurtma qo‘riqxonasini shtat birliklarini davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyashlatirish masalasini ko‘rib chiqish.


2018-01-10

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika