Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan 2022 yilning dastlabki matbuot anjumani o‘tkazildi
07.
01. 2022
19:17
1071
Yangiliklar

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2021 yilning 30 dekabr kuni imzolangan «Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-46-sonli farmoni, shuningdek, «Atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ekologik nazorat sohasidagi davlat organlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-76-sonli qarorining mazmun-mohiyati va dolzarb ahamiyati xususida so‘z yuritildi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi

Davlat ekologiya qo‘mitasi

Davlat ekologiya qo‘mitasi

Davlat ekologiya qo‘mitasi

Alohida ta’kidlash joizki, Prezident farmoni va qarorida sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yanada chuqurlashtirish va muvaffaqiyatini ta’minlash qator dolzarb vazifalar qo‘yilgan. Ushbu vazifalarning ijrochilari va muddatlari aniq ko‘rsatilgan.

Jumladan:

– butun mamlakat miqyosida «Yashil makon» umummilliy loyihasi daraxtlarni ekish va parvarish qilish sohasidagi boshqaruv tizimini takomillashtirish;

– ilmiy yondashuvlar asosida hududlarning tuproq-iqlim va boshqa xususiyatlarini aniqlashga qaratilgan tadqiqot va tahlillarni amalga oshirish hamda buning natijasida hududlar kesimida respublika xaritasini ishlab chiqish;

– ko‘chatxonalar sonini ko‘paytirish, tuproq unumdorligini hisobga olgan holda, hududlar iqlimiga mos xorijiy manzarali daraxtlarni mahalliylashtirish;

– hududlarda «yashil bog‘lar» va «yashil jamoat parklari»ni barpo etish;

– daraxtlarni sug‘orish tizimini qayta ko‘rib chiqish, uning samarali faoliyatini ta’minlash;

– har bir daraxtni parvarish qilish uchun mas’ul bo‘lgan shaxslarni belgilash, bu borada rag‘batlantirish mexanizmlarini keng joriy etish;

– daraxtlarni shikastlantirish va nobud qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, mazkur yo‘nalishda jamoatchilik nazoratini yanada oshirish.

Farmon bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirildi. Moratoriy talablarini buzganlik uchun ma’muriy jarimalar miqdori besh baravarga, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar summalari ikki baravarga oshirilgan holda qo‘llaniladi.

Moratoriy talablarini buzgan qurilish-pudrat tashkilotlarining «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimidagi darajasi (reyting bahosi) bir pog‘ona pasaytiriladi. Yangi quriladigan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlarni loyihalashtirishda ularga tutash hududlarning ko‘kalamzorlashtirish (daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni ekish) maydonlari loyiha uchun ajratiladigan yer uchastkalari umumiy maydonining 25 foizidan kam bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi (ekspluatatsiya muddatini o‘tab bo‘lgan va ma’nan eskirgan bino va inshootlarni renovatsiya qilish bundan mustasno).

Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarini kesish, kundakov qilish, shikastlantirish yoki yo‘q qilishni nazarda tutuvchi ko‘rsatmalarni o‘z ichiga olgan hukumat farmoyishlari, bayonnomalar, yozma topshiriqlar, idoraviy hujjatlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining ko‘rsatmalari va qarorlarini qabul qilish qat’iyan taqiqlanadi.

Jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida 2022 yil 1 apreldan boshlab shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq aholi tomonidan Ichki ishlar vazirligi va Davlat ekologiya qo‘mitasining maxsus axborot tizimiga yuborilgan, daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha huquqbuzarliklar haqidagi fotosurat va videoyozuvlar maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar holatlari aks ettirilgan fotosurat va videoyozuvlarga tenglashtiriladi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi. Huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risida asosli xabar berganlar bazaviy hisoblash miqdorining bir baravariga teng miqdordagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda har yili kuz va bahor mavsumlarida ko‘chat ekish va saqlash ishlarini tashkil etish bo‘yicha «yashil haftalik» tadbirlari o‘tkaziladi. «Yashil haftalik» tadbirlarida bajariladigan barcha ishlar va o‘tkaziladigan tadbirlar ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari va qonunchilikda ta’qiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan aholiga bepul ko‘chat tarqatish uchun mahalla fuqarolar yig‘inlariga ko‘chatlar yetkazib beradi hamda «yashil bog‘lar» va «yashil jamoat parklari»ga daraxt ekish maqsadida kelgan fuqarolarni ko‘chat ekish uchun zarur jihozlar bilan ta’minlaydi.

Ko‘kalamzorlashtirish ishlarida alohida tashabbus ko‘rsatgan shaxslarni Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan «Tabiat himoyachisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlash amaliyoti joriy etiladi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar