Aziz Abduhakimov Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi qoshida Yoshlar ekologik kengashini tashkil etishni taklif qildi
02.
06. 2023
16:41
2263
Янгиликлар

1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlab Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Oliy Majlisning Bolalar huquqlari bo‘yicha vakili, nodavlat notijorat tashkilotlari, BMT tizimi vakillari bilan yoshlar o‘rtasida samarali muloqot bo‘lib o‘tdi.

Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida o‘tkazilgan tadbirda bolalar va yoshlar – ekoko‘ngillilar, U-Report ko‘ngillilari, UPSHIFT ijtimoiy innovatsion dasturi, UniSat STEM ta’lim dasturi ishtirokchilari ishtirok etishdi. Shuningdek, respublikamizning barcha hududlaridan 100 ga yaqin bolalar va yoshlar onlayn tarzda qatnashdilar.

“Inson tabiat, atrof-muhit bilan uzviy bog'liq hisoblanadi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi UNICEF bilan mamlakatda iqlim barqarorligiga erishish, shuningdek, bolalar va yoshlarni barqaror rivojlanish va iqlim o‘zgarishi kun tartibiga faol jalb etish yo‘lida hamkorlik qilmoqda, — dedi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov. — Bunda biz bolalar va yoshlar, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa manfaatdor tomonlarning ishtirokiga alohida e’tibor qaratamiz”. 

A.Abduhakimov, shuningdek, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi qoshida Yoshlar ekologik kengashini tashkil etishni taklif qildi.

UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade esa iqlim inqirozini bartaraf etishda yoshlarning o‘rni muhim ekanligini qayd etdi.

“Iqlim inqirozi bolalarni sog‘lom va baxtli ulg‘ayish imkoniyatidan mahrum qiladi. U og’ir kasalliklarga olib kelishi mumkin. Shuning uchun yashashga yaroqli sayyorani saqlab qolishda yoshlarning rolini oshirish kerak”, — deya ta’kidladi Mamedzade.

Muloqot davomida iqlim o’zgarishi bilan bog’liq bugungi vaziyat va bu borada ko’riladigan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Yoshlar tabiiy ofatlarga tayyorgarlik ko‘rish, atrof-muhitning tanazzulga uchrashi, biologik xilma-xillikning yo‘qolishi, havoning ifloslanishi, muqobil energiya manbalari kabi masalalar haqida fikr bildirib, muammolarni hal etishning aniq yo‘llarini taklif etdilar.

Tadbirda, shuningdek, viloyatlardan onlayn tarzda ishtirok etgan yoshlar iqlim o‘zgarishi sharoitida bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha jamoaviy mas’uliyat va majburiyatni bajarish muhimligini ta’kidladilar.

Фойдали манбалар