GEF Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida ekotizimlarni tiklash sohasida hamkorlikni mustahkamlash uchun 26 million dollar grant ajratadi
14.
02. 2024
14:04
2552
Янгиликлар

13-fevral kuni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va Global ekologik fond (GEF) rahbari Karlos Rodriges o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Vazir GEF rahbarini joriy yilning fevral oyi boshida Vashingtonda (AQSh) Global ekologik fond kengashining 66-yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi va mintaqaviy loyihalarni rivojlantirishdagi hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi.

“Markaziy Osiyo vazirlari ekotizimlarni tiklash va iqlim oʻzgarishining oldini olish boʻyicha mintaqaviy hamkorlikka tayyor. Beshta davlat bir-biriga bog‘langan, Markaziy Osiyo mintaqasi esa bir ekotizimdir”, — dedi Aziz Abduhakimov.

Ma’lumot uchun, GEF Kengashining 66-yig‘ilishi doirasida Ekotizimni tiklash, tabiiy resurslarni boshqarishni yaxshilash va mustahkamlikni oshirish uchun Markaziy Osiyo suv va quruqlik aloqalari (CAWLN)” Mintaqaviy dasturining 5 ta loyihasiga 26 million dollar ajratildi.

Ta’kidlash joizki, umumiy qiymati 18,6 million dollar bo‘lgan beshta loyihadan to‘rttasi Oʻzbekiston ishtirokida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi (BMT FAO) koʻmagida amalga oshiriladi. Bu loyihalarga Markaziy Osiyoning zaif ekotizimlarida yerlarni tiklash, Amudaryo, Zarafshon, Panj, Sirdaryo va Norin daryolari havzalarida suv resurslarini kompleks boshqarishni kuchaytirish, ekotizimlar va bioxilma-xillikni saqlashni yaxshilash uchun tabiiy resurslarni kompleks boshqarish kabilar kiradi.

Oʻz navbatida Karlos Rodriges Oʻzbekiston tomonini Hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlash toʻgʻrisidagi konvensiya ishtirokchilari konferensiyasining 14-yigʻilishi muvaffaqiyatli oʻtayotgani bilan tabrikladi va ushbu tadbir Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari vazirlarini samarali qarorlar qabul qilish uchun birlashtirish imkonini berganini taʼkidladi.

“Men vazirga Global ekologik fondning moliyaviy koʻmagida mintaqaning zaif ekotizimlarini himoya qilish va saqlashga qaratilgan hamkorlikning yangi davrini boshlashga yoʻl ochib berishdagi xizmatlari uchun oʻz minnatdorchiligimni bildirmoqchiman", — dedi GEF bosh direktori Karlos Manuel Rodriges.

Muzokaralar chog‘ida Ochiq dengiz bo‘yicha xalqaro shartnoma, “Central Asian Green University” bilan hamkorlik qilish va boshqa masalalar muhokama qilindi.

Фойдали манбалар