Toshkentda qum-chang bo‘ronlariga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro ilmiy seminar boshlandi
12.
03. 2024
15:46
1058
Янгиликлар

12–15-mart kunlari Toshkentda Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik boʻyicha “Yerlarni tiklash, qum-chang boʻronlarining (QCHB) oldini olish va tabiiy resurslardan foydalanish boʻyicha tinch oʻrmonlar tashabbuslari” mavzusidagi qoʻshma seminar boʻlib oʻtmoqda. Tadbir yer, biologik xilma-xillik va iqlim sohasidagi kompleks chora-tadbirlarni muhokama qilishga bag'ishlangan bo'lib, asosiy e'tibor QCHB paydo bo'lishining asosiy manbalarini aniqlash va unga qarshi kurashish bo'yicha strategiyalar hamda amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishga qaratilgan.

BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha konvensiyasi (UNCCD) Global mexanizmi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi, Qurgʻoqchil hududlarda qishloq xoʻjaligi tadqiqotlari xalqaro markazi (ICARDA), Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) va Xalqaro guruch tadqiqot instituti (IRRI) hamkorligida tashkil etilgan seminarda Markaziy Osiyoning beshta davlati: Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston vakillari ishtirok etmoqda. 

Maʼlumot uchun: Qurgʻoqchilik va QCHB xavfining yuqoriligini tan olgan holda BMTning Choʻllanishga qarshi kurash konvensiyasiga (BMTCHQKK) aʼzo tomonlar qurgʻoqchilik va QCHBning salbiy oqibatlariga qarshi kurashish boʻyicha qaror qabul qildilar. UNCCD kotibiyati asosiy hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikda Konvensiya aʼzolariga mazkur qarorlarni bajarish uchun qurgʻoqchilik va QCHBga tayyorgarlik, shuningdek, barqarorlikni oshirish uchun uslubiy hamda texnik koʻmak koʻrsatadi.





“Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, PM 2.5-mayda dispersli zarrachalarning salmoqli qismini chang tashkil qilib, bu havoni ifloslantiruvchi asosiy manbalardan biri sifatida umumiy miqdorning 36 foizini tashkil etadi. QCHB oqibatlariga nafaqat tezkor chora koʻrish, balki ularni zararsizlantirishning kompleks strategiyasini ishlab chiqish orqali qum-chang bo‘ronlarining yuzaga kelish manbalarini aniqlash muhim ahamiyat kasb etadi. Qum va chang boʻronlarining chegara ortidagi manbalari mavjud boʻlish ehtimolini hisobga olgan holda muammoni muvaffaqiyatli hal etish uchun hamkorlikdagi sa’y-harakatlar talab etiladi. Shu nuqtai nazardan, mazkur seminar masalaning amaliy yechimlarini samarali ishlab chiqish hamda muhokama qilish maqsadida ushbu masalaga chuqur yondashgan olim va mutaxassislarni birlashtiradi”,
— dedi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri maslahatchisi, Yashil transformatsiya va iqlim oʻzgarishiga moslashish milliy markazi direktori Suna Park.

Seminar davomida UNCCD Tinch o‘rmonlar tashabbusi (PFI) mamlakatlar o‘rtasidagi transchegaraviy hamkorlikning katalizatori bo‘lib, potensial moliyalashtirish bilan mintaqaviy transchegaraviy loyihalarni rivojlantirishga olib kelishi ta’kidlandi.

“Ushbu seminarda mintaqaviy hamkorlarimizning QCHB va yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashdagi saʼy-harakatlarini baholaymiz. Biz iqlim oʻzgarishi, biologik xilma-xillikning kamayib borishi va yerlarning tanazzulga uchrashi kabi koʻplab ekologik muammolarni hal qilish uchun aniq tasavvurlarga ega boʻlish hamda harakatlar rejasini shakllantirishni maqsad qilganmiz. Bu bizga mintaqaviy sektorlar va mamlakatlar harakatlarida sinergiya va izchillikka erishish imkonini beradi. Munozaralarimiz natijalari QCHB taʼsirini yumshatish va yerning degradatsiyasini boshqarishga qaratilgan keng qamrovli mintaqaviy qayta tiklash loyihasini ishlab chiqish uchun asos boʻladi”, — dedi UNCCDning Global mexanizmlar dasturini boshqarish boʻyicha mutaxassis Utchang Kang.

Seminar natijalariga ko‘ra quyidagi maqsadlarga erishish kutilmoqda:

— Xalqaro standartlar va moliyalashtirish mexanizmlariga muvofiq yer degradatsiyasini zararsizlantirish va barqaror yer resurslari boshqaruvi boʻyicha chora-tadbirlarni qabul qilish;
— Manbalarni xaritalash va taʼsirni kamaytirish orqali QCHB taʼsirini yumshatishga eʼtibor qaratgan holda yerning degradatsiyasini zararsizlantirish koʻrsatkichlarini qayta koʻrib chiqish;
— Qurgʻoqchilik monitoringi va QCHB boʻyicha gidrometeorologik maʼlumotlar almashinuvi uchun Mintaqaviy platforma va maʼlumotlar markazini yaratish;
— QCHBning salbiy jihatlari, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hisobga olgan holda Mintaqaviy qurgʻoqchilik xavfini boshqarish va kamaytirish strategiyasini amalga oshirish rejasini ishlab chiqish;
— Fargʻona vodiysi hududida transchegaraviy yer va suv resurslarini barqaror boshqarish boʻyicha mintaqaviy hamkorlik loyihasini ishlab chiqish.

Ta’kidlash joizki, Markaziy Osiyodagi qum va chang boʻronlari mintaqada nafaqat iqlim hamda atrof-muhitga, balki aholi salomatligi, qishloq xoʻjaligi va iqtisodiyotga sezilarli darajada taʼsir koʻrsatadi. Markaziy Osiyoning taxminan 400 mln gektar maydonining 80 foizdan ortigʻini choʻl va dashtlar egallagan boʻlib, ular iqlim oʻzgarishi va davomiy qurgʻoqchilik bilan uzviy ravishda QCHBning tabiiy manbai hisoblanadi. Sugʻorma dehqonchilik, mol boqish, togʻ-kon va boshqa xoʻjalik faoliyatining nooqilona usullari QCHB antropogen manbalarining hosil boʻlish oʻchoqlarini yaratadi.

Oʻzbekistonda chang boʻronlarining oldini olish va ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan islohotlar faol davom ettirilmoqda. Davlat rahbari imzolagan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini 2024-yilda amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisidagi farmonga koʻra (PF-37-son) Oʻzbekistonda 1-martdan chang boʻroni sodir boʻlayotganda va atmosfera havosida mayda dispers zarrachalari belgilangan meʼyordan yuqori boʻlgani aniqlanganda aholini ogohlantirish amaliyoti joriy etiladi.

Bundan tashqari, yaqinda Ashxobodda boʻlib oʻtgan YXHT Bosh kotibi va Markaziy Osiyo mamlakatlari ekologiya vazirlarining UNCCD ni amalga oshirish boʻyicha qoʻmitasi 21-sessiyasidagi uchrashuvi chogʻida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov tomonidan (Davlat rahbarining BMTning Choʻllanishga qarshi kurash toʻgʻrisidagi konvnensiyasi (CRIC-21) ijrosini koʻrib chiqish qoʻmitasi sessiyasi davomidagi tashabbusiga) Mintaqaviy iqlim monitoringi markazi va qum-chang boʻronlari boʻyicha mintaqaviy platformani tashkil etish taklifi ilgari surildi. 

Ushbu chora-tadbirlar iqlim oʻzgarishini batafsil oʻrganish va mintaqada chang boʻronlarining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish boʻyicha samarali strategiyalarni ishlab chiqishga qaratilgan.

Фойдали манбалар