Ob-havo. Munosabat. «O‘zgidromet»ning dastlabki ma’l
05.
11. 2021
15:35
4402
Yangiliklar

«O‘zgidromet»ning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 4 noyabr kuni O‘zbekistonda shamol kuchayishi oqibatida tuproqning juda quruq ustki qatlami ko‘tarildi va bir nechta hududlarda ko‘rinuvchanlik 500-1000 metrgacha pasayib, chang-qumli g‘ubor holatini keltirib chiqardi. Chang miqdori me’yoridan 5 barobarga oshdi.

Nima uchun chang bo‘ronlari xavfli? Bunday anomal sharoitda har qanday sog‘lom inson ham o‘zini noqulay his qiladi, chunki havoda chang miqdorining ortishi kislorodning kamayishiga sabab bo‘ladi va nafas olishga qiynaladi. Odatda biz faqat zararli gazlardan himoyalanishimiz kerak, deb o‘ylaymiz. Lekin chang ham zarari jihatdan ulardan qolishmaydi.

Bundan tashqari, chang bo‘ronlari yuqori unumdor tuproq qatlamini buzadi. Ko‘rinib turibdiki, yashil belbog‘lar bizning iqlimimiz sharoitida juda zarurdir.

Shu o‘rinda havodagi chang va g‘uborni nazorat qilish imkoni yo‘qmi, degan o‘rinli savol tug‘iladi.

Daraxtlar bevosita havodagi chang va g‘uborlarni ushlab qolish bilan bir qatorda kislorod ishlab chiqarish vazifasini bajaradi. Bundan ko‘rinib turibdiki, bunday anomal hodisalarni oldini faqat daraxtlar sonini ko‘paytirish va yashil belbog‘ hosil qilish bilan bartaraf etish mumkin.

Kuni kecha ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida bo‘lib o‘tgan selektor yig‘ilishida «Yashil makon» umummilliy loyihasini puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda amalga oshirish choralarini ko‘rish ta’kidlab o‘tildi. Ilgari surilgan «yashil makon» loyihasi bo‘yicha e’lon qilingan «Dolzarb 40 kunlik» hamda yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish va shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish kelgusidagi bu kabi anomal hodisalarni oldini olish va kamaytirishga xizmat qiladi.

Odilbek KAMILBEKOV,
Davlat ekologiya qo‘mitasi
Atmosfera havosini muhofaza qilish boshqarmasi
boshlig‘i o‘rinbosari

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar