O‘zbekistonda milliy havo sifati standartlari ishlab chiqiladi
22.
01. 2024
15:55
8375
Yangiliklar

Toshkent shahri atmosferasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi tomonidan 15 ta avtomatik stansiya orqali monitoring qilinadi. Monitoring davomida havodagi chang, oltingugurt dioksidi, azot dioksidi, azot oksidi, uglerod oksidi, fenol, ftor vodorod, ammiak, formaldegid, og'ir metallar, PM10 va PM2,5 mayda zarralari kuzatiladi.

Atmosferaning ifloslanishi haqidagi maʼlumotlar Ekologiya vazirligining eco.gov.uz/uz/meteo/index saytiga integratsiya qilindi.

Bu ma’lumotlar, shuningdek, IQAir veb-saytida hamda “O‘zgidromet”ning monitoring.meteo.uz platformasida ham berib boriladi.

Saytdagi havoning ifloslanishi Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ko‘rsatmalari (JSST) bilan taqqoslanadi. JSSTning tavsiyalari qat’iy, ammo respublikamizning geografik va iqlimiy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda bunday ko‘rsatkichlarga erishish qiyin. Unga ko‘ra, PM 2,5 ning o‘rtacha yillik miqdori 5 mkg/m3, o‘rtacha sutkalik miqdori 15 mkg/m3. Dunyoning hech bir mamlakatidagi ko‘rsatkichlar JSST tavsiya etgan standartlarga muvofiq emas, ko‘p davlatlar o‘z milliy standartlarini qabul qilgan.

Ma'lumot uchun, AQSh va Meksikada bu standart 12 mkg/m3, Belarus va Yaponiyada – 15 mkg/m3, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida – 25 mkg/m3, Rossiyada – 20 mkg/m3, Xitoyda 35 mkg/m3, Hindistonda esa 40 mkg/m3. Janubiy Koreyada PM 2.5 standarti yo‘q.

Ta’kidlash joizki, ayni damda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda atmosfera havosi sifati monitoringi bo‘yicha milliy platforma va mobil ilovani ishlab chiqishga qaratilgan loyiha amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, havodagi mayda zarrachalar miqdori va ularning aholiga ta'siri bo‘yicha milliy havo sifati standartlari ishlab chiqiladi. 2023-yilda loyiha doirasida Surxondaryo, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholining atmosfera havosi ifloslanishidan kasallanish darajasini o‘rganish boshlandi.

Shu bilan birga, respublikada atmosfera havosining ifloslanish darajasining joriy ko'rsatkichi ma'lum bir hudud uchun ustuvor ifloslantiruvchi moddalardan kelib chiqqan holda hisoblangan Atmosfera ifloslanishining kompleks indeksi (AII) hisoblanadi.

Toshkent shahrida 2015–2023-yillardagi AII ko‘rsatkichlari

Jadvaldan ko'rinib turibdiki, keyingi yillarda havoning ifloslanish darajasi ortib bormoqda. Shuningdek, Toshkent shahrining atmosfera havosidagi chang miqdori boʻyicha ruxsat etilgan maksimal konsentratsiyadan 1,3 baravar oshib ketgan.

Shu bilan birga, 2023-yilda Toshkent shahridagi havo ifloslanishini avtomatik nazorat qiluvchi stansiyalar maʼlumotlariga koʻra, IQAir veb-sayti shkalasiga koʻra, eng ifloslangan oy yanvar oyi boʻlgan.

JSST tavsiyalariga ko'ra, havoning ifloslanishi salomatlik uchun xavfli bo‘lib, insult, yurak-qon tomir kasalliklari, nafas olish tizimi xastaliklari va opka saratonini keltirib chiqaradi.

Ma'lumot uchun, avvalroq Toshkentda atmosfera havosi ifloslanishiga tabiiy va texnogen manbalardan ifloslantiruvchi tashlamalar tashlanishi sabab bo‘layotganligi haqida xabar bergan edik. Aholi turmush darajasi va salomatligini yaxshilash uchun onlayn rejimda ishonchli, sifatli axborot olish uchun avtomatik monitoring stansiyalarini joriy etish orqali respublika shaharlarida havo ifloslanishini monitoring qilish tizimini kengaytirish, energiyani tejash, energiya tejaydigan qurilmalardan foydalanish masalalari bo‘yicha aholining xabardorligini va turar-joy binolarining energiya samaradorligini oshirish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim.

Foydali manbalar