Orol dengizi tubida cho‘lga chidamli o‘simliklar ekish boshlandi
19.
02. 2024
16:22
1491
Yangiliklar

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev rahbarligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi agentligi, Favqulotda vaziyatlar vazirligi hamda ekofaol yoshlar tomonidan Orol dengizi tubida saksovul ekish ishlari boshlandi. 

“Bu yil tuzli va qumli shamollar hosil bo‘ladigan eng zaif joylarda yashil maydonlar yaratishni rejalashtirganmiz. Prezident Shavkat Mirziyoyev 100 ming gektar maydonda qoʻriqlanadigan oʻrmonzorlar barpo etish vazifasini qoʻydi. Biz 150-200 ming gektar maydonga daraxt ekishni maqsad qilganmiz. Davlat rahbari qum va chang bo‘ronlari masalasini shaxsan nazorat qiladi va hozirda mamlakatda bu muammoga qarshi samarali kurash olib borilmoqda, — dedi O‘rmon xo‘jaligi Davlat qo‘mitasi ilmiy-tadqiqot instituti akademigi, loyiha rahbari Zinoviy Novitskiy. — Bu muammoni hal etishda o‘rmon pitomniklarini tashkil etish muhim ahamiyatga ega. Joriy yilda 150 gektar maydonda pitomniklar yaratish, u yerda saksovul, cherkez, qandim kabi cho‘l o‘simliklarini yetishtirish ko‘zda tutilgan”.

Ma'lumot uchun, davlatimiz rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, 2018–2023-yillar davomida har yili viloyatlardan kelgan yordamchilar, O‘rmon xo‘jaligi agentligi va mahalliy fuqarolar ishtirokida ko‘plab maydonlarga cho‘l o‘simliklari ekildi. O‘tgan 5 yil davomida Orol dengizi tubida 1 mln 730 ming gektar o‘rmonzor barpo etildi, ya'ni 17 ming km kvadrat maydon ko‘kalamzorlashtirildi. 

2024-yilda jami 150-200 ming gektar maydonda o‘rmonzorlar barpo qilish rejalashtirilgan. Bugungi kungacha oʻrmon xoʻjaliklari tomonidan 192,63 tonna choʻl oʻsimliklari urugʻlari, jumladan, 71,96 tonna saksovul, 120,67 tonna qorabaroq choʻl oʻsimliklari terilib, ekishga tayyorlandi.  Shuningdek, 2,7 ming gektar maydonda saksovul, qandim, cherkes kabi cho‘lga chidamli o‘simliklarning urugʻ hamda koʻchatlari ekilmoqda. 

Avvalroq Mo'ynoq tumani hamda Orolbo‘yi hududiga 350 tup cherkez va qandim o‘simliklari ekilgandi. Maqsad «Yashil qoplamalar» – himoya o‘rmonlarini yaratish, hududdagi ekologik holatni yaxshilash, zararli tuz va changlar ko‘tarilishining oldini olishdir.

Foydali manbalar