Ekologiya vazirligida soha xodimlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi
31.
03. 2024
12:47
2852
Yangiliklar

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida “Xalqaro oʻrmonlar kuni”, “Butunjahon suv kuni” va “Butunjahon meteorologiya kuni” munosabati bilan taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda vazirlikning tizim tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. 

“Sohada uzoq yillardan beri mehnat qilib kelayotgan fidoiy ustozlar, hamkasblarimiz bilan uchrashib turganimdan juda mamnunman. Ekologiyani yaxshilash, tabiat resurslarini muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishi muammolariga qarshi kurashishda sizning mehnatingiz muhim ahamiyatga ega, — dedi Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov. — Barchangizni kasb bayramlaringiz bilan samimiy tabriklayman. Ekologiya haqida qayg‘uradigan, umrini o‘z kasbiga bag‘ishlagan sizdek xodimlar soni ko‘payaversin”.

Tadbirda soha xodimlarining mas’uliyatli, sharafli mehnatlari alohida e’tirof etildi. Xususan, o‘rmonlarni ko‘paytirish, suvni asrash, meteorologiya sohasini rivojlantirish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri ekanligi ta'kidlandi.  “Xalqaro oʻrmonlar kuni” munosabati bilan 15 nafar, “Butunjahon suv kuni” munosabati bilan 11 nafar, “Butunjahon meteorologiya kuni” munosabati bilan esa 16 nafar xodim sertifikat va tashakkurnomalar bilan taqdirlandi. 

Marosim davomida san’atkorlar ijrosida kuy-qo‘shiqlar yangradi.

Foydali manbalar