Toshkentda atrof-muhitga yetkazilayotgan zararni kamaytirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazildi
08.
06. 2023
10:57
1949
Yangiliklar

Poytaxtda “Atrof-muhit muhofazasi va ekologik rayonlashtirish: muammo va yechimlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbir Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutida o‘tkazildi. Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov ochib berdi.

“Bugungi xalqaro anjuman atrof-muhitga yetkazilayotgan zararni kamaytirish boʻyicha ilmiy asoslangan yechimlar taklif qilish va ularning muhokamasiga bagʻishlangan, — dedi J.Kazbekov. — Mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish muhim masala hisoblanadi. Ayniqsa,  keyingi yillarda iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq boʻlgan murakkab vaziyatda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, ekologik vaziyatni yaxshilash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va chiqindilarning inson sogʻligʻiga zararli ta’sirining oldini olish uchun qulay sharoitlar yaratish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda”.

Anjuman davomida mahalliy va xorijlik mutaxassislar ekologiya sohasidagi turli dolzarb mavzularda ma’ruzalar qilishdi. 

Xususan, Yaponiyaning Keio Universiteti professori Okuda Tomoaki “Aerozol tadqiqotlaridagi yutuqlar va kelajakdagi Oʻzbekiston-Yaponiya hamkorligi” mavzusida ma’ruza qilgan bo‘lsa, Yaponiya xalqaro aloqalar agentligining eksperti  Yuki Yanagida Yaponiyadagi ekologik ta’limga to‘xtalib o‘tdi. 

Bundan tashqari, Rossiyaning “GeoAlert” kompaniyasi vakili Andrey Prigorov “Atrof-muhit monitoringida sun’iy intellekt texnologiyalari” mavzusiga alohida to‘xtaldi. Shuningdek, Ieurusalim universiteti dekani, professor Abba Priyev ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.


Anjuman yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi. 

Ma'lumot uchun, anjumandan ko‘zlangan maqsad atrof-muhit muhofazasi va ekologik rayonlashtirishni oʻrganish asosida mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish, tabiatni muhofaza qilish texnologiyalarini xorijiy tajribadan foydalanib takomillashtirishga qaratilgan ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishdir.

Foydali manbalar