Chirchiq daryosida qum-shag'al qazib olinishi natijasida tabiatga 80 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazildi
30.
04. 2024
12:47
2464
Yangiliklar

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Ekologik nazorat inspeksiyasi tomonidan Toshkent shahri, Sergeli tumani hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosi bo‘yida navbatdagi reyd tadbirlari olib borildi.

Reyd davomida daryoning muhofaza mintaqasida 1 dona ekskavator va 2 dona yuk mashinasi yordamida qum-shag‘al qazib olinib, o‘rniga qurilish beton qoldiqlari joylashtirilayotganligi aniqlandi va transport vositalari voqea joyida to‘xtatildi.

O‘rganish davomida bu ishlar "GRM" MCHJga (korxona nomi qisqartirilgan) tegishli texnikalar yordamida hech qanday ruxsatnomasiz amalga oshirilayotganligi aniqlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, Sergeli tumani hokimining 2019-yil 26-avgustdagi farmoyishiga asosan Sergeli tumani, Quruvchi dahasi, 25-uyda joylashgan 2,26 gektar yer maydoni obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish maqsadida "GRM" MCHJga biriktirib berilgan. Farmoyishning 3-bandida mazkur hududda daraxt va gul ko‘chatlarini ekish belgilanib, 4-bandida biriktirilgan hududda qurilish va boshqa chiqindilarni joylashtirish javobgarlikka sabab bo‘lishi to‘g‘risida ogohlantirilgan. 

Farmoyish talablariga amal qilinmaganligi natijasida O‘zbekiston Respublikasi “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunining 22-moddasi hamda “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi qonunning 41-moddasi talablari buzilgan. Tabiatga qum-shag’al qazib olinishi natijasida 21,4 milliard, chiqindilar noqonuniy joylashtirilishi natijasida esa 112,5 million so‘mga yaqin zarar yetkazilgan. 

Bundan tashqari, Bosh prokuratura xatiga asosan Toshkent shahri, Sergeli tumanidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosining boshqa bir qismida ham o‘rganish ishlari olib borildi. Natijada daryoning muhofaza zonasi va qirg‘oq bo‘yida taxminan 4 gektarga yaqin maydonda qazish ishlari amalga oshirilganligi ma'lum bo‘ldi. Tabiatga yetkazilgan zarar miqdori esa qariyb 62,3 milliard so‘mni tashkil qildi.

Yuqoridagi har ikki holatga huquqiy baho berish, aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish va tabiatga yetkazilgan zararni undirish maqsadida barcha hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborildi.

Foydali manbalar