Toshkent shahri. Onlayn seminar o‘tkazildi
06.
10. 2021
18:06
3054
News

«Davlat ekologik ekspertizasi markazi» DUK tomonidan onlayn tarzda yig‘ilish o‘tkazildi. Zoom platformasi orqali tashkil qilingan yig‘ilishda hududiy ekspertiza markazlarining rahbarlari va xodimlari ham ishtirok etdi.

Yig‘ilishda asosiy e’tibor davlat ekologik ekspertiza markazlari oldida turgan muhim masalalar yechimiga qaratildi. Davlatimiz rahbari raisligida 2021 yilning 24 avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalar ijrosidan kelib chiqqan holda soha faoliyatini yanada takomillashtirish, davlat ekologik ekspertizasi xulosalarini berishda eng avvalo, qonuniylikka e’tibor qaratgan holda ish yuritish kerakligi bo‘yicha so‘z yuritildi.

Qayd etilganidek, Davlat ekologiya qo‘mitasining ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmalari tomonidan atrof muhitga ta’sir ko‘rsatishning yuqori (I), o‘rta (II), past (III) va mahalliy (IV) toifalariga mansub faoliyat turlarini davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazishni tashkil qilish, ekspertizadan o‘tkazishga materiallarni tayyorlash va taqdim etish kabi xizmatlar amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 sentyabrdagi 541-son qaroriga muvofiq, 2020 yil 1 oktyabrdan davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazishning elektron hujjat almashinuvi tizimi ishga tushirildi. Bu bilan ariza va atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallarining qog‘oz shaklda qabul qilinishi to‘liq to‘xtatilib, ularni hamda to‘lovlarni elektron ko‘rinishda amalga oshirish, avtomatlashtirilgan hujjatlar ijrosi kuzatuvini yuritish, soha yo‘nalishida metodik yordam ko‘rsatish, davlat ekologik ekspertizasi xulosalarini berish bo‘yicha raqamlashtirilgan interaktiv xizmat joriy etildi. Ushbu yagona tizimga hududiy davlat ekologik ekspertizasi markazlari integratsiya qilinib, atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning IV toifasiga mansub, ya’ni mahalliy ta’sir ko‘rsatadigan faoliyat turlari bo‘yicha elektron anketa shaklida arizani to‘ldirish dasturiy yechimlar amalga oshirildi.

Onlayn seminarda ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, taqdim qilinayotgan loyihalarni belgilangan tartibda o‘z muddatida va sifatli bajarish lozimligiga urg‘u berildi.

Muloqot davomida takliflar almashilib, galdagi vazifalar belgilab olindi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources