Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar: kecha, bugun, ertaga
15.
10. 2021
18:43
462
News

Bugun AOKAda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov, boshqarma boshlig‘i Halilulla Sherimbetov, axborot xizmati rahbari Ozod Rajabov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida mavzu yuzasidan ma’lumot berildi.

Tizimda qilinayotgan ishlarning yillar kesimidagi tahlili:

– 2020 yil

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 14 dekabrdagi «Xorazm milliy tabiat bog‘ini tashkil qilish to‘g‘risida»gi qarori asosida Xorazm milliy tabiat bog‘i faoliyatining yo‘lga qo‘yilgani o‘tgan yili sohada erishilgan yutuqlardan biri bo‘ldi. Milliy bog‘ hududida barpo etilgan pitomnikka 4 bosh xonguli (Buxoro bug‘usi) saqlash va ko‘paytirish uchun olib kelindi.

Shuningdek, Hisor davlat qo‘riqxonasining qo‘riqlanma zonasini belgilash va ayrim ob’ektlarni uning qo‘riqlanma zonasiga chiqarish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 18 fevraldagi 94-son qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrdagi «Janubiy Ustyurt milliy tabiat bog‘ini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori asosida belgilangan vazifalar yuzasidan tashkiliy ishlar amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida 2020 yil 5 martda o‘tkazilgan 19-son yig‘ilish Bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida «2021-2025 yillarda respublikadagi muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirishga doir YO‘L XARITASI» ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish maqsadida ularga bir komplektdan zamonaviy kompyuter, printer va noutbuklar, Zomin, Nurota, Qizilqum, Surxon davlat qo‘riqxonalari va Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatiga Lada 4x4 avtomashinalari, «Saygachiy» majmua buyurtma qo‘riqxonasiga 2 dona kajavali mototsikl olib berildi. Bundan tashqari, qo‘riqxonalardagi xodimlarni kiyim-bosh bilan ta’minlash maqsadida qo‘mitaning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 111,23 mln so‘m mablag‘ ajratildi.

Zomin davlat qo‘riqxonasi uchun yangi ma’muriy bino va inspektorlar uyi (kordon) qurildi, Nurota, Surxon davlat qo‘riqxonalarining ma’muriy binolari va kordonlari kapital ta’mirlandi.

– 2021 yil

Vazirlar Mahkamasining «Qoraqalpog‘iston Respublikasida «Sudoche-Akpetki» davlat buyurtma qo‘riqxonasini tashkil qilish to‘g‘risida» 2021 yil 8 fevraldagi qarori bilan «Sudoche-Akpetki» davlat buyurtma qo‘riqxonasi tashkil qilindi.

2021 yil 5 maydagi «Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning qo‘riqlanma zonalarini belgilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi hukumat qarori bilan Surxon, Qizilqum, Zomin va Nurota davlat qo‘riqxonlarining qo‘riqlanma zonalari belgilandi.

«O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi noyob hayvonlar – Buxoro bug‘ulari, Turkman qulonlari va jayronlarning yashash muhitini yaxshilash va ular yashayotgan tabiiy ob’ekt va majmualarga salbiy ta’sirni kamaytirish» bo‘yicha 2021 yil 11 iyundagi farmoyishga muvofiq «Jayron» pitomnigidan 175 bosh Turkman qulonlarini Janubiy Ustyurt milliy tabiat bog‘iga, Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatining «Baday to‘qay» uchchastkasidan 30 bosh Buxoro bug‘usini uning Nazarxon uchastkasiga va 45 boshini Xorazm milliy tabiat bog‘i hududiga ko‘chirish rejalashtirilgan.

Qo‘mita tasarrufidagi muhofaza etiladigan tabiiy hududlar yana 14 dona «Niva» avtomobillar bilan ta’minlandi. Ayni paytda ularda ilmiy-tadqiqot ishlarining zamonaviy talablar asosida amalga oshirilishini ta’minlash, ayrim muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Jumladan, Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatida ekoturizmni tashkil etish (tashrif markazini qurish) maqsadida qo‘mita jamg‘armasidan 1,8 mlrd so‘m ajratildi.

– 2022 yil

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 fevraldagi «2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish Harakatlar strategiyasini «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi»ning 252-bandidagi topshiriqqa asosan Navoiy viloyatida «Markaziy Qizilqum» milliy tabiat bog‘i va «Oqtog‘ (Tomdi)» davlat qo‘riqxonasini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Hozirgi kungacha ushbu muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning xaritalari, yerdan foydalanuvchilari, qo‘riqlanma zonalari, strukturalari hamda Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi tayyorlandi.

Shuningdek, 2022 yilda Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida «Borsa kelmas» buyurtma qo‘riqxonasini tashkil etish rejalashtirilgan. 2022 yil oxirigacha muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning mamlakat hududidagi ulushini 13 foizga yetkazish vazifasi turibdi.

Yangi muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning tashkil etilishi natijasida kamida 180 ta ish o‘rni yaratiladi, noyob va yo‘qolib ketish havfi ostida turgan, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan o‘simlik dunyosi ob’ektlarining 97 foizi va umurtqali hayvon turlarining 94 foizi muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda muhofaza ostiga olinadi. Mamlakatda ekologik xavfsizlik ta’minlanishiga katta hissa qo‘shiladi, ekotizimlar qayta tiklanishiga erishiladi.

Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toifalari va maydonlari

Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toifalari va maydonlari

O‘zbekiston Respublikasining muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimi

O‘zbekiston Respublikasining muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimi

O‘zbekiston Respublikasining muhofaza etiladigan tabiiy hududlarini kengaytirish loyihasi

O‘zbekiston Respublikasining muhofaza etiladigan tabiiy hududlarini kengaytirish loyihasi

 

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources