Avtotransport vositalaridan chiqariladigan tashlamalar bo‘yicha ekologik nazorat kuchaytiriladi
28.
01. 2023
18:31
3129
News

Bugun Toshkent shahrida O'zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi tomonidan avtotransport vositalaridan atmosfera havosiga chiqariladigan tashlamalarni tartibga solish boʼyicha DXSh asosida “Ekopost”larni tashkil etish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan tadbir boʼlib oʼtdi.

 Turkiya davlatining “Cengiz group” kompaniyasi bilan birgalikda tashkil etilgan mazkur tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad Toshkent shahri, Qoraqalpogʼiston Respublikasi hamda viloyatlar markazida “Ekopost” emissiya nazorat maskanlarini tashkil etish hisoblanadi. 

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, hozirgi kunda avtotransport vositalaridan atmosfera havosiga chiqarilgan tashlamalar miqdori respublikada sanoat korxonalariga nisbatan yuqori, yaʼni, 60 foizni tashkil etmoqda.

Ushbu tadbirda hududiy Аtmosfera havosini muhofaza qilish boʼlimlari xodimlariga Turkiya davlatida ishlab chiqarilgan “Bilsa” qurilmasi orqali transport vositalaridan atmosfera havosiga tashlanayotgan tashlamalarni oʼlchash boʼyicha mahorat darlari ham tashkil etildi.

Mazkur loyihani realizatsiya qilish hisobiga atmosferaga umumiy tashlamalar miqdori 260,0 ming tonnagacha (20 foiz) kamayishiga, atmosfera havosiga avtotransport vositalari tashlamalari ustidan ekologik nazorat oʼrnatilishiga hamda avtotransportlarning doimiy texnik soz holatda harakatlanishi taʼminlanishiga erishiladi.

Tadbir yakunida “Cengiz group” kompaniyasi bilan kelgusida hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan kelishib olindi.

Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati

Useful resources