Hamkorlikdagi ustuvor masalalar belgilab olindi
01.
02. 2023
15:13
3681
News

Bugun Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduxakimov va BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Matilda Dimovska oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda Tabiat resurslari vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturi oʻrtasida yaqin hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish muhim oʻrin tutishi taʼkidlanib, amalga oshirilayotgan va kelgusidagi istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasini qoʻllab-quvvatlash maqsadida master-plan loyihasini ishlab chiqish va joriy bahorgi koʻchat ekish mavsumida diplomatik vakolatxonalar rahbarlarini taklif etgan holda daraxt ekish tadbirlarini tashkil etish boʻyicha fikr almashildi. 

Uchrashuv davomida bioxilmaxillikni asrash va moliyalashtirish, Orolboʻyi hududida ekotizimlarni tiklash, ozon qatlamini muhofaza qilish, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish yoʻnalishidagi grant loyihalar taqdimoti ham boʻlib oʻtdi.

Shuningdek, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish boʻyicha institutsional salohiyatni mustahkamlash qoʻshma loyihasi konsepsiyasini ishlab chiqish hamda Global ekologik jamgʻarmasining 8-sikli doirasida grant mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish uchun loyihani topshirish boʻyicha vazifalar belgilab olindi.

Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati

Useful resources