Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining «yashil» harakatlar bo‘yicha Maxsus ishchi guruhining yig‘ilishi yakunlari
14.
10. 2021
17:05
422
News

2021 yil 12-13 oktyabr kunlari Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari J. Kazbekov boshchiligidagi delegatsiya Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining (IHRT) Yashil harakatlar bo‘yicha maxsus ishchi guruhining onlayn formatida o‘tkazilgan yillik yig‘ilishida ishtirok etdi.

Tadbirda IHRTga a’zo davlatlar, Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo (EECCA) mintaqasi, xalqaro hamkor tashkilotlar hamda nodavlat notijorat tashkilotlari rasmiy vakillari ishtirok etishdi.

Malumot uchun: Yashil harakatlar bo‘yicha maxsus ishchi guruhining yillik yig‘ilishi joriy yil Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi.

Biroq, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida davom etayotgan koronavirus infektsiyasi va uning salbiy oqibatlarini inobatga olgan holda Maxsus ishchi guruh Kotibiyati yig‘ilishni onlayn formatda o‘tkazilishi to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Germaniya Atrof-muhit, tabiatni muhofaza qilish va yadro xavfsizligi federal vazirligining Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo, Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlari bilan hamkorlik qilish boshqarmasi boshlig‘i, Yurgen Kaynxorst raisligi ostida o‘tkazilgan tadbirda tomonlar COVID-19 dan xalos bo‘lishning ekologik jihatlari, 2021-2022 yillardagi ish dasturining bajarilishi natijalari, «Evropa uchun atrof-muhit 2022» yuqori darajadagi konferentsiyasiga tayyorgarlik to‘g‘risida o‘zaro ma’lumot, fikr almashildi.

Shu bilan birga, Yu. Kaynxorst va Rudolfo Leysi (IHRT atrof-muhit bo‘yicha direktori) Davlat ekologiya qo‘mitasiga Yillik yig‘ilishni Toshkent shahrida o‘tkazishga tashabbus bildirganligi uchun minnatdorchilik bildirishdi.

IHRTning siyosiy tahlilchisi Izabella Nuve davlatimizning koviddan keyingi davrda yashil tiklanish borasidagi sa’y-harakatlarini alohida qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, YeECCA mamlakatlari orasida O‘zbekiston va Gruziya 30% natijaga erisha oldi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha mintaqaning boshqa davlatlardan oldinda ekanligini e’tirof etdi.

O‘z navbatida, J. Kazbekov o‘z nutqida O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ko‘kalamzorlashtirish va iqlim harakatlari sohasida olib borilayotgan izchil islohotlar haqida batafsil ma’lumot taqdim etdi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Parij bitimiga qo‘shilishi, «Yashil» iqtisodiyotga o‘tish strategiyasining qabul qilinishi, BMT Bosh assambleyasining «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi» deb e’lon qilish haqidagi maxsus rezolyutsiyasining qabul qilinishi alohida ta’kidlab o‘tildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Yashil o‘sish va global maqsadlar uchun hamkorlik – 2030» (P4G) xalqaro sammitida nutq bilan ishtirok etishi, Global yashil o‘sish instituti bilan Bitim imzolanishi, Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi bilan hamkorlikning o‘rnitilishi va Quyi-Amudaryo davlat biosfera rezervatini YuNESKOning «Odam va biosfera» dasturi doirasida Butunjahon biosfera rezervatlari tarmog‘iga muvaffaqiyatli kiritilishi yaqqol dalil sifatida keltirib o‘tildi.

Shuningdek, Davlat ekologiya qo‘mitasi vakillari, 15 oktabr kuni Toshkent shahrida gibrid formatda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo uchun iqlim, energiya, suv va yer (NEKSUS) bog‘liqligi bo‘yicha yuqori darajadagi yig‘ilishda ishtirok etish uchun taklif qilindi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources