Bo‘stonliqda 1 200 bosh qoʻy bilan bog‘liq noqonuniy holat o‘rganildi
18.
05. 2023
15:24
3917
News

2023-yil 15-may kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali yuk avtoulovlariga ortilgan qoʻylar Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumani togʻli hududlariga olib kelingani haqida xabarlar tarqaldi. 

Ushbu holat Tabiat resurslari vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi agentligi, Toshkent viloyati Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi, Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻi inspektorlari, Boʻstonliq tumani hokimligi, tuman ichki ishlar va veterinariya boʻlimlari masʼullari tomonidan joyida oʻrganildi. 

Oʻrganish davomida  Toshkent – Chimyon – Chorvoq avtomagistral yoʻlining Boʻstonliq tumani Oqsoqotasoy hududida toʻxtatilgan avtomashinalarga ortilgan qoʻylar Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani Yakkatut mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi fuqaro R.T. ga tegishli ekanligi maʼlum boʻldi.

Fuqaro R.T. oʻziga tegishli 1 200 bosh qoʻylarni yashash hududida qish mavsumi keskin sovuq kelganligi uchun Toshkent viloyati Chirchiq shahrining Mayskiy qishlogʻi tepa hududida fermada boqib kelgan. 

Shuningdek, R.T. 2023-yil 15-mayda joriy yil bahor mavsumida qo‘ylarini Boʻstonliq tumani togʻ hududlarida mavsumiy oʻtlatish haqida Burchmulla davlat oʻrmon xoʻjaligi bilan ikki tomonlama shartnoma tuzgani va xo‘jalikning Aygaing boʻlimida oʻtlatish uchun olib kelayotganligini aytib oʻtgan.  

Holat yuzasidan fuqaroga bugungi kunda chorva mollarini mazkur hududda boqmasligi uchun tegishli qaror mavjudligi hamda boshqa hududlarda mavsumiy oʻtlatish uchun Toshkent viloyat hokimining farmoyishi chiqmaganligi haqida tushuntirish berildi. Qolaversa, avtoulovlarga ortilgan 1 200 bosh qoʻylar  Boʻstonliq tumani hududidan Toshkent viloyati Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari kuzatuvida chiqarib yuborildi. 

Unutmang! Chorva mollarini ruxsat etilmagan hududlarda boqish oʻsimlik qoplamiga salbiy taʼsir yetkazib, uni tanazzulga uchratadi. Oʻsimliklarga zarar yetkazganlik uchun qonunchilikda qatʼiy javobgarlik belgilangan.

Useful resources