Rasmiy munosabat!
28.
07. 2023
13:17
2656
News

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro va Surxondaryo viloyatlarida qurilish ishlari munosabati bilan ko‘p sonli daraxt va butalarning kesilayotgani haqida xabar tarqaldi.

27-iyul kuni AOKA binosida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi rahbariyati ushbu dolzarb masalalar yuzasidan fikr bildirdi.

2023-yil 6-iyul kuni Buxoro viloyati hokimligi A-380 avtomobil yo‘lining 150-228 km uzunlikdagi “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” qismini rekonstruksiya qilish loyihasini tasdiqlash uchun Ekologiya vazirligiga yuborgan. Loyihada 31 371 ta daraxt va butalarni yaqin atrofdagi bo'sh joylarga ko'chirib o'tkazish ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, joriy yilning 7-iyul kuni Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan 4R-100 “Mangʻuzor-Jarqoʻrgʻon-Bandixon-Oltinsoy-Denov” avtomobil yoʻlining 128-174 km va 4R-105 “Darband-Boysun-Elbayon” avtomobil yoʻlining 5-70 km qismlarini rekonstruksiya qilish loyihasi yuzasidan 21 803 dona daraxtni belgilangan tartibda koʻchirib oʻtkazishda amaliy yordam soʻrab murojaat qilingan.

Ma’lumot uchun: Bosh vazir o‘rinbosari J. A. Xodjayev tomonidan imzolangan Hukumat komissiyasining 2023-yil 21-iyuldagi 58-son bayonnomasiga muvofiq, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga bir hafta muddatda daraxtlarni atrof-muhitga zarar yetkazmasdan ko'chirish bo'yicha Hukumat komissiyasiga xulosa berish va tegishli takliflar kiritish topshirilgan. 

Bir qator nashrlarda Hukumat komissiyasining bayonnomasiga havola qilingan ma’lumotlar  (“...52 ming daraxt kesish ko‘rsatmasi”, “Anomal issiqda 70 mingga yaqin daraxt kesilishi”, “Abduhakimovga 53 174 tup daraxtni o‘ldirishga xulosa berish topshirilgan”) to‘g‘ri emas. Hukumat komissiyasining 2023-yil 21-iyuldagi 58-sonli bayonnomasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tayanib (bu haqda jurnalistlar va blogerlarning o‘zlari aytib o‘tgan) ta'kidlaymizki, ushbu hujjatda daraxtlarni kesish haqida birorta ham so'z, shuningdek, bunday issiq mavsumda yashil maydonlar bilan biron bir chora ko'rish bo'yicha ko'rsatmalar yo'q.

Ta’kidlash joizki, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi ushbu murojaatlarga javoban oʻsimlik dunyosi obyektlarini nobud qilish yoki ularga shikast yetkazish bilan bogʻliq jinoyatlar ogʻir jinoyatlar toifasiga kiritilishi, shuningdek, respublikamiz boʻylab kuzatilayotgan chang-toʻzon va qum boʻronlari ta’sirini kamaytirishda ushbu daraxt va butalarning oʻrni muhim ekanligini eslatgan holda rad javobini bergan.

Hokimliklarga yuborilgan rasmiy javoblardan so‘ng Buxoro viloyatidan qurilish kompaniyasi vakillari vazirlikka tashrif buyurib, daraxt va butalarga zarar yetkazmagan holda loyihaga  o‘zgartirishlar kiritishlari haqida ma’lumot berishgan.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishlari vaziri Aziz Abduhakimov tashabbusi bilan daraxtlarni kesish yoki koʻchat oʻtqazish masalalari boʻyicha manfaatdor ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik faollari, shuningdek, mahalliy aholi ishtirokida “jamoatchilik muhokamasi” tashkil etish orqali bunday murojaatlarni koʻrib chiqishning yangi mexanizmi joriy etilgan edi. 

Qolaversa, turli investitsiya loyihalarini ko‘rib chiqishda bunday so‘rovlar kamdan-kam uchrab turishini ta’kidlash lozim. Tabiiyki, loyiha tashabbuskorlari o‘z manfaatlaridan kelib chiqqan holda  taklif bildirsa, o‘z navbatida Ekologiya vazirligi ham atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy muvozanatni saqlash manfaatlaridan kelib chiqqan holda o‘z xulosasini beradi. 

Shu bilan birga, vazirlik ommaviy axborot vositalari vakillarining daraxtlarni asrash va ekologik muvozanatni saqlash borasidagi faol pozitsiyasi uchun minnatdorlik bildiradi.






Useful resources